Bahoruddin Zaynal (1939)

Bahoruddin Zaynal (Baharuddin Zainal) – malayziyalik shoir, adabiyotshunos, Malayziya milliy shoiri (2013). Taxallusi – Baho Zayn. Xutan-Melintang (Perak shtati)da tug‘ilgan. “Devan Sastra”, “Devan Budaya”, “Devan Baxasa” jurnallarida bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Bir necha muddat Til va adabiyot, Malayziya tarjimonlar milliy instituti kengashi a’zoligiga saylangan. “Gong oroli” (1967), “Oila ovozi” (1969), “Ayollar va soyalar” (1974) she’riy to‘plamlari, esse va hikoyalari e’lon qilingan. She’rlari ingliz, ispan, xitoy, rus, koreys tillariga o‘girilgan.

OTAJONIM

Otamga
Shon-shuhrat va hokimiyat kerakmasdi,
U hech kimga xushomad qilmasdi, maqtamas edi.
Titivangsa tog‘iga o‘xshardi,
Tog‘ otaday qarshimda turibdi.
Hech narsani tushuntirmaydi,
Hech kimdan uzr so‘ramaydi,
Salobatli,
Jim.

HAR BIR YoShNING FAZILATI BOR

O‘n sakkiz yoshimda
Dunyoning barcha ne’matlari ichidan
Muhabbatni yaxshi ko‘rardim.

Yigirma yoshimda,
Gulxanni o‘chiradigan shamolni emas,
Olovni sevdim.

O‘ttiz yoshga kirganimda,
Revolyutsiyani istadim,
Evolyutsiyani emas.

Qirq yoshga kirgan paytim
Halovatsiz hayotdan charchadim,
Sukunatni sevib qoldim.

Endi esa boricha yashamoqchiman,
Xomxayollarni haydayman,
Vahimali orzulardan kechganman.

Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi