Shukri Ramo‘ (Şükrü Ramo) 1918 yili Makedoniyaning Shtip shahrida tug‘ilgan. “Vatan birdir unutma” (1958), “Gulchambar” (1959), “Xush keldingiz” (1964), “Go‘zal kunlar” (1972), “Qush sasi” (1980), “Saboh yulduzi” (1987) nomli kitoblari chop etilgan.
UNUTMAYMAN
Sap-sariq yaproqlar ko‘kda ucharkan,
Shamol qanotiga osilib oldim.
Ichimda urush, o‘ch hissi jo‘sharkan,
O‘zimni Oqtoshda deb xayol qildim.
U Oqtoshga xotiram ayon,
Unutmasman uni hech qachon.
Yo‘lchilar dengizdan qaytdi qirg‘oqqa,
Kecha shafag‘ida o‘zimni ko‘rdim.
Qalbimdan qoyaga yog‘ildi o‘qlar,
Yo‘limni olovlar ichiga burdim.
U olovga xotiram ayon,
Unutmasman uni hech qachon.
Askarlar tashlandi qora ilonga,
Bo‘ronda sudralib borib, suv ichdim.
Chang, tuman to‘larkan tunda har yonga,
Qo‘shig‘imni aytib, janggohdan kechdim.
Qo‘shig‘imga xotiram ayon,
Unutmasman uni hech qachon.
Ona silar ekan o‘g‘lin boshini,
Go‘zal ertalarga quvvat tiladim.
O‘limga chimirgach Hayot qoshini,
O‘lsam o‘libman-da, achinmam, dedim.
So‘zimga-da xotiram ayon,
Unutmasman uni hech qachon.
Qorli yer kularkan bahorga cho‘mib,
Xaroba devorlar yiqilgan payti,
Shahid yo‘ldoshimni mozorga ko‘mib,
Ko‘zimda yosh bilan ortimga qaytdim.
U shahidga xotiram ayon,
Unutmasman uni hech qachon.
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi