Lutfu Sayfulloh (Lütfü Seyfullah) 1923 yili Makedoniyaning Skope shahrida tug‘ilgan. Turk aktyori, shoir va yozuvchi.
“Oynada borsan, sahnada ham borsan” (1989), “Kichiklarga she’rlar” (1989) nomli kitoblari chop etilgan.
MASXARA
Menga qarab
Kuling,
G‘azabga mining,
Og‘zingizga siqqancha so‘king.
La’nat, qarg‘ish,
Nafratingizni –
Barisini ustimga to‘king!
Men – bir masxaraman.
Men – xuddi sizman.
SO‘NGRASI
Sendan so‘ngra
Ko‘lkangdir
Sahnada
Sendan qolgan.
UMID
Koshki har kim
Unga o‘xshasa –
Yaxshilik qilib yursa.
Tushida ko‘rganni
O‘ngida ko‘rsa.
MEHR
Seni suyuntirdim,
Ko‘p kuyuntirdim.
Yashadim quvonching,
Qayg‘ungga sherik bo‘lib-
Issiq nonni o‘rtasidan
Bo‘lganday bo‘lib.
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi