Irfon Bellur (1954)

Irfon Bellur (İrfan Bellür) 1954 yili Makedoniyaning Skope shahrida tug‘ilgan. Skope Kirill va Mefodiy universiteti filologiya fakulteti turk tili va adabiyoti bo‘limini tugatgan. 1992 yildan Germaniyada yashaydi.

She’rlari Makedoniya va Kosovadagi bir qancha gazeta va jurnallarda chop etilgan. “Memet” (1981), “Insonlar va kabutarlar”, “Karton quti” pesalari sahnalashtirilgan.

ALDAY OLMAS TO‘G‘RI TO‘G‘RINI

O‘q otolmas boshqa bir o‘qni
Suv cho‘ktira olmas baliqni
Ilon qusa olmas zaharni
Tuzoq tuta olmas kaptarni
Kulni-da o‘t hech yoqa olmas
Yiqiqlar bir uy bo‘la bilmas
Haqorat-la bitmas haqorat
Adovat-la bitmas adovat
So‘zlay olmas soqov sokinlik
Tiriltolmas o‘likni tirik
Aldayolmas to‘g‘rini to‘g‘ri

Necha yuz yil o‘tdi-da ketdi
Sen o‘zingga yetolmay netding.


OVLASh VA OVLANISh

1

Sen baxtlisan qarmoqning bir uchida
U uchida baliq pitirlar
Dengiz esa guvlar o‘zicha.
2

O‘ldi
Pulga aybsizligini
Sotib ola bilgan odam ham.

3

Baxtlidirman vodiyda
Zotan yolg‘izligimning
Cho‘li yonar ichimda.


QO‘RIQLASh

Sening noningni pichoqmas har vaqt
Mening ekmagim qo‘riqlar faqat.

Sening suvingni suvombor emas,
Mening suvlarim qo‘riqlar faqat.

Sening bog‘ingni devorlar emas,
Mening bog‘larim qo‘riqlar faqat.

Sening sevgingni she’r, qo‘shiq emas,
Mening pok sevgim qo‘riqlar faqat.

Sening erkingni o‘q, qurol emas,
Mening hurligim qo‘riqlar faqat.

Sening umringni saroylar emas,
Mening hayotim qo‘riqlar faqat.

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi