Xose Gorostisa (1901-1973)

Xose Gorostisa (José Gorostiza Alcalá) – meksikalik shoir, o‘qituvchi va diplomat. Meksika Milliy universitetini tamomlagan va keyinchalik shu o‘quv dargohida adabiyotdan dars bergan. 1930 yillarda Angliya, Daniya va Italiya kabi mamlakatlarda elchi vazifasida ishlagan. 1940 yillarda BMTning Meksika bo‘yicha vakili bo‘lib xizmat qilgan. Uning lirik qo‘shiqlar to‘plami va “So‘ngsiz o‘lim” poemasi Lotin Amerikasi so‘z san’atining noyob yodgorligi hisoblanadi.

SOVG‘A

Shirador va yarqiroq qizil,
apelsinni olib kelar kim?
Yuragimga bermoq-chun taskin
apelsinni sovg‘a qilar kim?
Dengiz suvi yaramni yoqar,
yuragimga og‘riqlar solar.
Dengiz tuzi tomirlarimda,
Lablarimda dengizning tuzi.
Kim labidan beradi bo‘sa?
O‘pichning oppoq boshog‘in
yulib bera olmayman senga.
Kim ichadi mening qonimni
to aqlidan butkul ozguncha.
Bexabarman, to‘ng‘idimi qon,
yoki oqayaptimi hamon
Gar yuragim yo‘qolib qolsa –
Xudo urdi, tamom.
Osmondagi bulut misoli
Demak, yurak yo‘qolib qoldi.
Ummon ichra adashgan bexos,
Kema kabi yurak titrar, rost.
Yuragimga bermoq-chun taskin
Apelsinni sovg‘a qilar kim?

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi