Sintio Viter (Cintio Vitier) 1921 yil 25 sentyabrda AQShning Florida shtatida tug‘ilgan. U 1947 yilda Gavana universitetining yuridik fakultetini tamomlaydi. Yoshligidan adabiy muhit ta’sirida ulg‘aygani sababli noshirlik va jurnalistika sohasida faoliyat yuritadi. Birinchi “She’rlar” nomli kitobi 1938 yilda Xuan Ramon Ximenes so‘zboshisi bilan chop etilgan. Uning “Substantsiya” (1950), “Arafa” (1953), “Shohidlik” (1968), “Sanalar” (1981), “Yo‘qolayotgan sahifalar” (1988) va boshqa kitoblari nashr qilingan. Adabiyotshunoslarning ta’kidlashicha, “Xasinto Finalning xatlari” asarining ikkinchi bo‘limi ruh jihatidan B.Pasternakning “Doktor Jivago”siga yaqin turar ekan.
Shoir 2009 yil 1 oktyabrda Gavanada vafot etgan.
XOTIRA
Yiqildim o‘zimning chuqurligimga,
Na oyoq, na qanot qololdi ushlab.
Dunyo bo‘shab qolgan. Hech kim yig‘imga
Javob qaytarmaydi, go‘yo tug‘ishgan.
Sukunat. Xilvatda asablar tarang,
Bir zamon bo‘lganman yashinu chaqmoq.
Muzlagan boladay turibman arang,
Boshimdan uradi momaqaldiroq.
Tirmashib chiqaman kunlardan g‘amgin,
Kuchini ko‘rsatar poygakdagi loy.
Demak, butun umr qidirgan umrim –
Salkam ikki metr keladigan joy.
TONG
Yolg‘iz svetafor.
Ovloq ko‘chada,
Kimgadir yo‘l berar
Katta ko‘chada.
G‘amgin borayotgan oy qarshisida
Muzlab shivirlagan tun qarshisida –
Kimningdir yo‘lini qo‘yadi to‘sib,
Kimningdir yo‘liga qo‘yadi to‘siq.
Qayrilishim kerak chapga?
Yo o‘ngga –
Svetafor hammani soladi yo‘lga.
O‘ShA YeRNING IChKARISIDA
O‘sha yerda… O‘sha
Ichkari uyda,
Nimani anglatar u yoki bu, kim?
Faqat bilamanki, allaqayerda –
Kimdir yig‘lamoqda betinim.
Zulumot ichida, tushlar ortida,
Alamlar ichida tun yoyar quloch.
Sog‘inib o‘ylaydi kim nima haqda –
Manguga aylanar lahzalik quvonch.
BEVUJUD VAQT
Ko‘rinar bevujud vaqtning tanasi…
Yurakning tushiga kiraman. Jimman.
Nahotki kul bo‘lar Varaq hammasi –
Qayerdan kelganman?
Qaydaman?
Kimman?
Tun esa vujudning gullash paytida,
Bu yorug‘ yulduzlar yonar, tinmaydi.
Men esa dunyoning hech narsasiga –
Tegib bezovta qilgim kelmaydi.
Va ranglari o‘chib borar tumanning,
Bir kuni yig‘laydi bu pajmurda Vaqt.
* * *
Shoirlar qaranglar: Ko‘rinmas zulmat,
Gapirar olovli ilhom parisi.
Mehmonxona shovqin. Yo‘qdir halovat,
Nurli hoshiyalar. Gullarning isi.
Nurlanar irisli shu binafsha rang,
Va yozib o‘tirsang uyatday go‘yo.
Faqat yig‘layversang sadoqat bilan,
Ko‘z yoshday jilmayar afsungar Dunyo.
VARAQ
Oq. Oppoq bir varaq ustida,
Sirli kuch bor. Yana hayajon.
Sendagi jasorat – temir tusida,
Va ingrab, ingranib aytilgan hijron.
Kechirim so‘ramoq ohangidagi,
Bu o‘sha oppoq bet. Bu o‘sha varoq,
Oppoqdir – ilohiy shirin non kabi,
Ko‘kdagi sermahsul bug‘doyday yumshoq.
Kitobdan aniqla yulduz bor joyni,
Solishtir tunlarni yorug‘ va keskin.
Sovuq va tinchimas balandlik bormi,
Shu tinchlik kitobi beradi taskin.
Senga ochib berdi bosh sahifasin,
Bari kitoblarni tushirib yerga.
Qadriga yetmading, tinchlik tuhfasin,
Vaqtni ayamading sovurib yelga.
Shunda ham qolmoqda qog‘ozlar oppoq,
Sening siyohlaring esa qop-qora.
Top-toza, yop-yorug‘, sip-silliq, yumshoq,
Muqaddas daraxtlar o‘sar tobora.
Daftar chiziqlari borar oralab,
Biror joy qolmagan. Yo biror xitob.
U dunyo turganda yo‘lingga qarab,
Hushingga keltirar yana shu kitob.
* * *
Yashirinib bo‘lsaydi so‘zga,
Va ovunsang biror ish bilan.
Kech tushganda ko‘rinar ko‘zga,
Nahot yerda emasman men ham?
Atrofimda suyanchig‘im yo‘q,
Barmoqlarim qidirar yupanch.
Quyosh porlar – nurlari sovuq,
Hamon davom etar o‘sha ranj.
Er ostini ko‘raman qat-qat,
Ko‘zlarimni yuvar zulumot.
Qayerdandir dumalab kelgan,
Uzun-qisqa soya bor faqat.
Ovoziga solaman quloq,
Shamol behad taratar ohang.
Ammo qalbim bu yerdan yiroq,
Ammo qalbim betaskin, berang.
Rus tilidan Xosiyat Rustamova tarjimasi