Rikardo Miro (Ricardo Miró) – atoqli panama shoiri. Uning she’rlari timsollar aniqligi, sermazmunligi, tushunarliligi bilan ajralib turadi. Shoirning “Muqaddima” (1908), “Tinch okean afsonalari” (1919), “Vatanparvarlik lirikasi” (1925) kabi she’riy kitoblari chop etilgan. Panamada shoir nomida adabiy mukofot ham ta’sis etilgan. Rikardo Miro she’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.
SO‘NGGI ChAG‘ALAY
Olis manzillarni axtarib atay,
Oqshom shu’lasida horib yag‘rini,
Chag‘alaylar uchib o‘tdi birtalay,
Parqu bulutlarning yorib bag‘rini.
Nazarimda ummon ortini ko‘zlab
Oppoq qushlar uchar paydar-pay.
Sheriklarin quvlar chirqirab, bo‘zlab
Galasidan ayro so‘nggi chag‘alay.
O‘shal polaponning izidan qolmay,
Ergashib boradi bir shom yulduzi
Va yoritar uning o‘ngu so‘lini…
Umrim uchar bir zum tin olmay,
Tutganga o‘xshar u, kecha-kunduzi
Elidan ayrilgan shul qush yo‘lini.
PORTOBELO
Azim Portobelo − xotira bog‘i,
Xarsangdan yo‘nilgan qadimiy shahar.
Boshida baxmalu dafna yaprog‘i
G‘aflat uyqusida yotar bu sahar.
Kimsasiz dahalar ketgan pinakka,
Uyqu og‘ushida odamu hayvon.
Qochib kirgan go‘yo muzdek shinakka
Bobolar erishgan sharaf hamda shon.
Ul dam ispanlarning zamoni kelgan,
Quyosh saltanati xoru zor edi.
Oltin to‘ldirilgan kemalar yelgan,
Turnaqator qatnov barqaror edi.
Temir qoidalar ustuvor edi,
Ispan deganining aytgani-aytgan.
Tig‘i keskir edi, tug‘i or edi,
Bugun ul xanjarning sal dami qaytgan.
Bugun huvillaydi do‘kon, rastasi…
Quchilgan zafarlar tushga o‘xshaydi.
Sohildagi siniq bayroq dastasi
Alamdan tirishgan mushtga o‘xshaydi.
Qadim devorlarning tosh tishi singan,
Kentlar holi zabun yo baytul ahzan…
Vayronalar uzra quyiga ingan
Zog‘lar bu bo‘shliqni to‘ldirar ba’zan.
Istehkom devorin is bosib ketgan,
Shiftgacha o‘rlamish o‘rgimchak to‘ri.
Gumburlab dengizni bezovta etgan
Zambaraklar bari − ayanchli mo‘ri.
Oy ham kechalari kelmaydi yovuq,
Yurt vayron, bir uyum kul qolgan qo‘rdan.
Vahimalar solib sovuqdan-sovuq
Arvohlar kezinar chiqib qay go‘rdan.
Gohida o‘rmondan besas, besharaf
Ko‘rfazga o‘rmalar oqshom sabosi.
Toshlar qulog‘iga qadaydi sadaf
Qadim qo‘shiqlarning aks-sadosi.
Ko‘hna Portobelo, qadim istehkom,
Hayot zahrin totding, bolin yalading.
Bugun sal hayrona, besaru bekom
Ertangi kunga ko‘z tikar valading.
Ul unut bo‘ronlar hayqirgay yana,
Yana balqigaydir umid me’roji.
Qadim an’analar qilgay tantana,
Yurtga qaytgay yana shon-shuhrat toji.
Tumanlar tarqagay, erigay muzlar,
Alamlar yitgaydir, ketgaydir badar.
Keyin dong taratib bu zamin uzra
Qoyim turajaksan qiyomat qadar.
OTA YuRT
Quyoshi otashin, osmoni zangor,
Po‘rtana shovqini chig‘anoqqa jo.
Oh, ota makonim, mo‘tabar diyor,
Dilda navolaring yangragay go‘yo.
Ayriliq cho‘lidan cho‘zarman qo‘lim,
Orqaga yo‘l bormi? Boqarman diltang.
Sog‘inchimga soya sololmas o‘lim,
Seni jondan ortiq sevarman bilsang.
Vatan bu – xotira, kechmishdan yodgor,
Go‘dak labidagi qotmagan shirdog‘…
Ehtimol, ming bora etilib shudgor,
Gullagan, guvlagan, quvragan bir bog‘.
Vatan bu – dardingga oshino qirlar,
Yolg‘izoyoq so‘qmoq, qadimiy minor;
Tarix qa’ridagi sinoat, sirlar
Haqida sen bilan tillashgan chinor.
Diydor damlarini kutganim-kutgan,
Qo‘lni tiragancha iyakka mundoq…
Men uchun azizdir merganing tutgan
Tabarruk bir sana o‘yilgan qo‘ndoq.
Ehtimol, yot diyor muhtashamroqdir,
Qal’asi mustahkam, cho‘ngdir minori.
Biroq ota yurtim muhtaramroqdir,
Dilimga yaqin har do‘ngi, mozori.
Toleim goh nigun, goho tantiroq,
Bearmon aylandim xo‘p yiroqlarni.
Musofir edim men, tap tortmay biroq
Chaldim tilla tilli qo‘ng‘iroqlarni.
Vatan bu – xotira, kechmishdan yodgor,
Go‘dak labidagi qotmagan shirdog‘…
Ehtimol, ming bora etilib shudgor
Gullagan, guvlagan, quvragan bir bog‘.
Kezdim kemalarda, qayiqda, solda,
Qayda bo‘lmay dilda jonu jahonim.
Shuncha ixchammidi yoki… har holda
Ko‘ksimga jo bo‘ldi ota makonim.
Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi