Porfirio Barba Xakob (1883-1942)

Porfirio Barba Xakob (Porfirio Barba-Jacob; 29 iyul, 1883 – 14 yanvar, 1942) – kolumbiyalik mashhur shoir, asl ismi – Migel Anxel Osorio (Miguel Ángel Osorio Benítez). Xakob umr bo‘yi sayohat qilgan, Kuba, Yamayka, Kosta-Rika, Gvatemala, Gonduras, Peru va AQShda yashagan. Meksikada vafot etgan. “Qo‘shiqlar va mungli she’rlar” (1932), “Qora atirgullar” (1933), “Porlagan yurak” (1942) she’riy to‘plamlari muallifi.

YuRAK

O, mening gullayotgan yuragim, shoshma!
Ko‘kragimda yonayotgan qizil mayoq,
qirmiz quyqa, ol gulli ehtiros – tashna
yurakkinam, tafting so‘nar bir kuni biroq.
Gupurlashing – nayson nafasi,
ko‘klam zavqin eslatar bugun.
Vaqti kelib ko‘krak qafasim
zindonga aylanar sen uchun.
Shum taqdirning uzun changali,
dabdurustdan bo‘g‘zingdan olar.
Umr degan kema langari,
arosatda manguga qolar.
Qo‘shiqlaring serzavq tug‘yoni
qizdirganda majruh bag‘rimni,
ko‘z yosh bilan yuvib fig‘onni,
kutgayman ayriliq qahrini.
O, mening gullayotgan yuragim, shoshma!
Ko‘kragimda yonayotgan qizil mayoq,
qirmiz quyqa, ol gulli ehtiros – tashna
mening yuragim…
O, yurakkinam…

TERAN HAYoT QO‘ShIG‘I

Odam – allaqanday g‘alat narsa,
o‘zgaruvchan va beqaror.
Monten

Kunlar borki, ko‘klarda qilgaymiz parvoz,
daraxt shoxin tortib, shamolday g‘ir-g‘ir,
xuddi omad samodan bergandek ovoz –
lojuvard dengizdek hayot mavjlanur.

Kunlar borki, bizlar saxiy, juda ham saxiy –
go‘yo apreldagi yetilgan tuproq:
poyonsiz yer uzra bug‘lanar aql,
tafakkur ham shodlik qalblarda yashnoq.

Kunlar borki, biz shu qadar sokin va kamgap,
yuraklar tosh, vujudimiz xarsangday og‘ir:
tun sukuti boshimizdan yelib o‘tgan payt
Ezguligu Yovuzlikka yulduz sochilur.

Kunlar borki, biz betashvish, beg‘am,
(zangor ummon sofligi! Moviy bolalik!):
she’r satri ham, daydi o‘rmon qushi ham,
hatto g‘ussa – dilga shodlik solarlik.

Kunlar borki, vujuding o‘rtaydi istak,
ko‘ngling to‘ldirolmas eng go‘zal qiz ham:
visol onin dam-badam qo‘msaydi yurak,
tinkani quritar firoq ila g‘am.

Kunlar borki, biz qanchalar ma’yus va g‘amgin,
misoli tun quchgan daraxt – qayg‘uli.
Yurak xufton – dunyo ko‘zga ko‘rinar hazin,
hech zog‘ aritolmas zildek tuyg‘uni.

Yana… shunday bir kun bordir… oxirgi kun…
Langar tortiq! Olovlanib boradi nahor…
Ona zamin! Shaldiragan shamolingni bur,
endi yerda qololmasmiz zinhor va zinhor!

Rus tilidan Humoyun Akbar tarjimasi