Luis Vidales (1904-1990)

Luis Vidales (Luis Vidales; 1904, Kalarka, Kolumbiya – 1990, Bogota, Kolumbiya) – kolumbiyalik taniqli shoir. U asarlarida mubolag‘adan keng foydalanib, kutilmagan, ajabtovur timsollarni qo‘llaydi. “Qo‘ng‘iroqlar jaranglamoqda” (1926), “Obreriada” (1979) she’riy to‘plamlari muallifi.

MUSIQA

Qahvaxonaning nimqorong‘i burchagida
orkestr favvoradek
g‘alati ming‘irlaydi.
Soch tolalar aro suzadi bu kuy,
Qatorlashib yugurgilar
Burni bilan
piyolani cho‘qiyotgan
alastlar bo‘ynida.
Kuy devorda osig‘liq suvratlardan
sirpanib o‘tadi,
stollarni aylanib o‘tib
stullarga suyanar behol,
bo‘g‘ilgan havoda nogahon…
Zabt bilan tinglanar
holdan toygan,
imlagan ko‘yi.
Mana mening kosamga ham
sho‘ng‘idi birdan
va himoyasiz qandala bo‘ylab
o‘rmalay boshladi,
pashshaga o‘xshab.
Va bexosdan,
eski kamzul tugmasida
chir aylanadi.
So‘ng yo‘lin yo‘qotib
bo‘shliqda cho‘zilar.
Shunda hamma narsa kengayib,
tizginsiz suza boshlaydi.
Va nihoyat
kuy oqimi ham pastlab ketadi
va uning titrog‘i orolchalarni yalang‘ochlab,
har bir tinayotgan ohang to‘lqini
tobora uzoqlashib boraveradi.

Rus tilidan Orif To‘xtash tarjimasi