Gloriya Gabuardi (1945)

Shoira va adiba Gloriya Gabuardi (Gloria Gabuardi) 1945 yilda Markaziy Amerikada joylashgan Nikaragua mamlakati poytaxti Managuada tug‘ilgan. Shu shahardagi Markaziy Amerika Universitetida doktorlik unvonini olgan. 1974-1979 yillarda u Meksikada yashagan. Keyinchalik ona yurtiga qaytib, jamoat ishlarida faol ishtirok etish bilan birga badiiy ijodga katta e’tibor qaratadi. Bir nechta kitoblar muallifi sanalgan Gloriyaning asarlari nemis, italyan va rumin tillariga tarjima qilingan. U 1982 yilda yirik adabiy mukofot sohibi bo‘lgan. 2004 yildan buyon Granada she’riyat anjumani koordinatori vazifasida faoliyat olib bormoqda. Gloriya Gabuardi she’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.

SO‘Z SALTANATI

Bir makon istaram – so‘z saltanati,
Kalomlar nahriga ko‘ngil ilhaqdir.
Insoniy dardlarni yuvib tashlolsam,
Ildizin ruhimga qadasa taqdir.
Kimga o‘xshar edim – tilla izlovchi,
Xomxayol bahrida suzgan bir shovvoz
Va yo hurriyatni sevuvchi jonboz.

Kalom saltanati
Qanotli do‘stlar
Shoxdan shoxga qo‘nsa o‘ynoqlab, nafis,
Yulduzning tusi-yu shamol ta’mini
Yigit ehtirosin samimiyligin
Qila olsam his.

Insonni boricha anglashga,
Dengiz va yulduzdan o‘rgulib,
Ruhu tan bilan ul barobar
Jonimga farog‘at bergulik

Ruhga so‘z dunyosi istaram,
Qalbimning xohishi keng yurtday
Barcha el izlagan noqaram
Injular tizmasi misoli
Yurtimning qorong‘u shomida
Tilimdan tashqari otilmish
Bir dunyo – kalomlar jomida,

Qirg‘og‘idan oshgan
Daryo – so‘z bahri,

Oldidan ne chiqsa etar zumda g‘arq,

Aldaguvchi umid suzar og‘zimda,

Tirik orzularni o‘ldirguvchi shavq.

Lablarimni kuydirmoq uchun
Tasavvur kalitin,

Amboniya, Banda, Ternat va Tidor
Orollarin rangi va nordon ta’min

Yo‘llari, fojia, sarguzashti la

Vespuchchi va Magellanning oh daryosida
Taqdim etmoq uchun menga bus-butun

Qarshimda so‘nggi bor to‘xtamog‘i-chun
Birgina ko‘zingning nuri deb xorman,

Chayqalishing orzu ostonasida,
Sachrashingga oppoq sahfaga zorman.

ChO‘G‘ RANGIDA BIR KUN KO‘RSAYDIM

Goh jismingning asl yoshiga
Moslasholmay bo‘lasan halak
Boring bitta yengilgina ruh
Va olamni buzish ishqida
Urib turgan erkin bir yurak.
Goho yara, chandiq to‘la tan,
Tashnalikda bujmaygan ko‘ngil
Gir aylanib qularu, izlar
Nafas rostlamoqqa bir chaman.
Lek qalb qilar yolg‘onga toqat,
Ko‘rar vafosizlik, sotqinlik
Tark etarkan muvaffaqiyat
Parcha-parcha bo‘lishdan asrab
Hayotiy kuch saqlar seni tik
Kapalaklar yurtiga doxil
Yo‘lbars misol dunyo ko‘ziga
Nayzasi-la o‘qtaladi dil.

Goho jismim ila ruhimni
Birlashtirish ishqida yongum
Yashamasin deb yakka-yakka:
Jismim ba’zan so‘lg‘in va sokin
Miltiragan yulduz misoli
Bildirmayin ketar pinakka
Yo shamollar o‘ynashib nolon
Bulut tizgan billur zarraday,
Ruhim esa o‘xshar malakka
Gohida ul serg‘ayrat qoplon.

Har ikkisi ichimda yursin,
Yashab bitta osmon ostida
Shimol janub sharqu ham g‘arbning
Yonarqo‘ng‘izlari mash’alday
Yo‘llarini yoritib tursin
To‘kilmoqchi bo‘lgan ko‘zyoshni
Ortga qaytarmoqlik qasdida
To‘qishadi ajib qissalar
Yurtimdagi Hollivud kabi,
Qanot qoqqan kabutarlarga
Havas ila boqishar tabiiy,
Aytsa bo‘lar har neni she’rda
Mana oppoq sahfa chizgani
Xayoldagi olam tasvirin,
O‘qimoqqa ko‘zlarim bilan
Vaqtning go‘zal mavju jivirin
Va qaytadan safarga chiqmoq
Topish-chun zo‘r sevgi shivirin.

O‘tinaman,
Ruhu jismim bog‘langiz mening
Kuzatayin tunni qo‘rqmasdan,
Ajratoling haqdan yolg‘onni
Haqiqatni esa abasdan
Qocha bilay oqshomgi g‘amdan
Kuy qo‘riqlar muloyimligim
Jannatiy ohang-la oquvchi
Daryolarni ko‘rayin shaxdam,
Ko‘ray quyosh nurini tutgan
Ul ibodatxonalarni ham
Yuraklarda mo‘‘jizalarni
Hikoyalar umidlar ila
Saqlash uchun o‘sar bir tirgak
Buning bari emasdir cho‘pchak
Demak
Yalang‘och chopolgum shamol-la bir zum
Chirmolgum o‘zimni oy yog‘dusiga
Cho‘g‘ rangida bu kunni ko‘rgum!

OShIQ IQRORI

Tan olaman, sevaman uni.
U onamning allasidagi
Mittigina tilla tangacha,
Otam cho‘pchagidagi toychoq,
Onam to‘kkan achchiq-achchiq yosh,
Otam chekkan behisob qiynoq.
O‘g‘limning o‘yinchoq rubobi,
San-Xuan-del-Surdagi o‘shal
Kuchli dengiz to‘lqinlaridir,
Dunyoning San Xuanidagi
Alomati, qaynoq shitobi
Granada ko‘lining sakkiz
Ming kvadrat kilometrli
Tarixi ul yurt etagida
Bul oshyonim, bolalarimdir
Va suyganim xalq erur shaksiz.
Bu qalbimda yashar bir chaman,
Tan olaman, uni sevaman.

Shu sababli undan ketarkan
Bo‘laklangan qushchaman go‘yo.
U ichimda ajib qasida
Qirg‘oq oshib ayqirgan daryo
Yuragimning qoq o‘rtasida
Quyuq o‘sgan og‘och kabi ul
Unda yoshim to‘kilmas butkul.

U tomirda kezib yurgan qon
ham kirishib o‘sgan shox-shabba
shabbodaning jo‘shqin esishi
derazada yoriq ochgan tong.

Ochlik, quvg‘in, g‘amu qashshoqlik,
Tashvish, azob, unutish va yo
Haq-nohaqning soxta soyasi
To‘sa olmas meni sevishdan
Etib suv va vulqon doyasi.

Qirg‘in yurtim mening
Nikaragua
kamalak tug‘ilib o‘lgan bir makon
o‘zining jannatu do‘zaxi bilan
Xazinalari-da xayolga to‘liq,
achchiq-achchiq yutum, yoniq xo‘rsiniq,
firdavsga mengzaydi uni rivoyat,
xalqlarning doimiy urush-janjali
qon
va yurak mavjud bir maskan
uzoq yurishdan so‘ng nihoyat
biz ufqni topdik beomon.

U meni tushunar, qaroqchilaru
Yirtqichlar zabt etgan tog‘ tizmasiday
Kengliklar misoli yoyadi meni.
Uning yomg‘irlari, ko‘pigi osha
Qanotli Minotavr ustiga minib
Bo‘lmag‘ur xayolni qo‘riqlovchi ul
Ajdaho singari qildim tomosha.

Shu bois ham o‘lgan chog‘imda
Uning osmoni-la ko‘milsam qani,
Terimni chayishsa ko‘lning suviga
Tuprog‘i qoplasa qaniydi tanim,
Uning nomi mening ismim-la
Yonma-yon jo‘r aytilsaku-ya:
Gloriya, Nikaragua.

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi