Eduardo Karransa (Eduardo Carranza) – kolumbiyalik shoir. Uning ijodida taniqli ispan adibi Xuan Ramon Ximenesning ta’siri seziladi. E.Karransaning “Unutilgan va Algambra” (1957), “So‘zlar va xayollar” (1974), “O‘lim xabari va zerikish” (1975) to‘plamlari bir necha tillarga o‘girilgan.
QIZLARGA ALVIDO ShOIR NOMIDAN
Eh, qizlarjon, xirom aylab yurishlaringiz,
Madh etishga ko‘p undagan kulishlaringiz.
Oq libosda bog‘lar aro kezsangiz agar,
Tuyularsiz menga jasmin kabi muattar.
Hatto shamol to‘xtab qolar sizga kelsa duch,
Yoningizdan ketolmagay bo‘lsa hamki kech.
Shoir ahli bitganida siz uchun ash’or,
She’riyatning osmonida mudom quyosh bor.
Hatto baxmal mayinligi sizga kelmas teng,
Bilmay qoldim qani osmon, qaysi biri yer.
Sizni uchratganda dildan qochar g‘am,
Siz-la bo‘lsam hatto kerakmas ko‘klam.
Afsus, siz-la xayrlashgum nigoh-la miskin
Anduhlarim sizga gullar etadi taqdim.
TEREZA UChUN SONET
Ko‘zlaring osmon aksi, Tereza,
Bo‘ying gullar iforidek muattar.
Suvning mayin ovozidek kulishing
Ila asir olding go‘yo sehrgar.
Alvon gullar, bug‘doylarga egilib,
Ishlayapsan mamnun, kulib, berilib.
Ishq daryosi go‘yo sening vujuding,
Abadiyat ummoniga quyilur.
Sening uchun uyg‘onmishdir shafaq ham,
Tunda seni kutar barcha yulduzlar.
Afsus, sendan ayriliqda yashayman,
Hatto tushlarim ham sen haqda so‘zlar.
Sevgi to‘la satrlar madhingga shay,
Yurakkinam, Tereza, sensiz bo‘zlar!
MAKTUBDAGI QALB
Qo‘llaringni uzatsang bu qog‘ozga,
Yuragimning suratini ko‘rasan.
Eshitilar o‘tgan go‘zal kunlarday
Baxtga to‘la yurak zarbin tuyasan.
Unutilib uzoq ketar ayriliq,
Avvalgidek qoldik ikkimiz yolg‘iz.
Bir paytlar ochgandik sevgiga eshik,
Bugun o‘sha lahzalar emas olis.
Gar uchrashsak, olovlarda yonaman,
Shu ondayoq unutaman o‘limni.
Sukunatda xayollarga tolaman,
Yuguraman ko‘rish uchun gulimni.
Yuragimga botgan nashtar uzilar,
Bormoqdaman lojuvard makon tomon,
Unda yangi sevgi sharti tuzilar,
Unda ortiq dilni o‘rtamas hijron.
Dardlarimni mag‘lub etgay bo‘salar,
Xotirjamlik topar nihoyat bu jon.
Rus tilidan Dilorom Begmatova tarjimasi