Eduardo Galegos Mansera (1915-1989)

Eduardo Galegos Mansera (Eduardo Gallegos Mancera) Venesuelada shifokor, siyosiy arbob, pub­litsist va shoir sifatida tanilgan. Uning “Tutqunlikdagi maktublar” (1965), “Yoshlik tug‘yonlari” (1971), “Keng daryo va uchqur olov” (1987), “Avlodlar uchun poemalar” (1993) va boshqa she’riy kitoblari chop qilingan.

TO‘RT QIZ

Mening to‘rtta qizim bor,
chor-atrofim yoritgan
to‘rtta oftoboyim bor.
Mening to‘rtta qizim bor,
g‘am-anduhim aritgan
to‘rtta parli yoyim bor.

Mening to‘rtta qizim bor,
to‘rt munchog‘im, marjonim,
to‘rtta zebigardonim.
Mening to‘rtta qizim bor,
ko‘ldagi to‘rt qarqaram,
to‘rtta palmam – osmonim.

Mening to‘rtta qizim bor,
dengizda to‘rt qayig‘im –
muhabbatli, mehrli.
Mening to‘rtta qizim bor,
to‘rtta kumush bulog‘im –
zilol suvli, sehrli.

Mening to‘rtta qizim bor,
qum-barxanlar qo‘ynida
ungan to‘rtta niholim.
Mening to‘rtta qizim bor,
tog‘ irmog‘i bo‘ynida
to‘rt miltig‘im – qurolim.

Mening to‘rtta qizim bor,
husn oltin konida
to‘rtta yombim, ganjinam.
Mening to‘rtta qizim bor,
qirmizi ol yashnagan
to‘rtta tup olcham, mevam.

Mening to‘rtta qizim bor,
yirtqich, sokin tun aro
to‘rt bor nidom – da’vatim.
Mening to‘rtta qizim bor,
halokatli to‘lqinda
to‘rt kemam – jasoratim.

Mening to‘rtta qizim bor,
och-nahor yurtim uchun
to‘rt bayrog‘im – g‘ururim.
Mening to‘rtta qizim bor,
ularda esu hushim,
fikru yodim, shuurim.

To‘rt qizim va bir nabiram –
baxtli oilam, zuryodim,
ular bilan shod ko‘nglim.
Ular sening beshta g‘unchang,
Enriketa, sevgilim,
qirmizi atirgulim!

MENING BOBOM

Nabirasi bo‘lmagan hech mening bobomning,
o‘g‘li bo‘lmagan hech mening bobomning.
mol-davlati bo‘lmagan hech mening bobomning.
Umumjamoa tovog‘idan ovqat yegan u.
O‘tgan-qaytgan hamma bir tishlab o‘tadigan
non singari edi u.
Har kun tongda havoni burdalab-burdalab sotish uchun
ko‘chaga chiqar edi u –
tomma-tom, uyma-uy,
“ish yo‘q”dan to “ertaga keling”gacha
daydib kezar edi u.

Mening bobom to‘ntarilgan chiroq edi:
egniga shisha syurtuk kiygan edi,
hammayog‘i ko‘rinar edi ichidan,
biroq lipillagan olov ham yo‘q edi sirtdan.

Mening bobom faylasuf edi:
uning ko‘zasidan oshib-toshib chiqar edi fikrlar.
Bir kun ertalab
erga tushirib sindirib qo‘ydi ko‘zasin,
chil-chil bo‘lgan idish ichidagi hikmatlar
odamlarga sachrab ketdi,
hammaning u yoq-bu yog‘iga tegdi,
biroq tushunib yetmadi uni hech kimsa.
Mening bobom hamma kabi emas edi:
u faqat kunduz yorug‘ida emas,
tun zulmatida ham fikrlar edi.
Bir kun ilon chaqib oldi uning ko‘zidan,
u ko‘r bo‘lib qoldi-yu,
ko‘radigan bo‘ldi shundan so‘ng…

Mening bobom dehqon edi:
er haydagan mahalda
ummonni o‘ylar edi.

Mening bobom xayolparast edi:
balchiq ko‘lmakka qaraganida
tumanli ko‘rfazni ko‘rar edi.

Mening bobom olim edi:
kashf etgani, bilgani
o‘lgunicha u bilan hamroh bo‘lib yashadi.

Men bobomni tanimas edim.
u tunda sayr etardi,
kunduz sochar edi nur.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi