na Isabel (Ana Isabel Illueca) taniqli panama shoirasi. Oddiy odamlar hayotini kuylagani, she’riy ifodalari sodda va tushunarliligi bois uni “Panama dehqon shoirasi” deb ham ataganlar. “Poyabzal tozalovchi”, “Tog‘lik”, “Gazeta sotuvchisi”, “Murabbiyaning iltijosi”, “Ilk qadamlar” kabi she’riy kitoblari nashr qilingan.
YIGIT BO‘LSAM
Yigit bo‘lsam tavakkalchi bo‘lardim,
Olamni deguvchi, sevgiga chanqoq.
Dengizlarni ho‘plab, yeru osmonni,
Baxtnimas, ozorni tanlardim ko‘proq.
Yigit bo‘lsam, sira to‘siq bilmasdim,
“O‘tolmaysan” demas edi hech odam.
Jarliklardan sakrab, bilmay chegara
To‘xtamasdan olg‘a tashlardim qadam.
Yigit bo‘lsam, o‘zdagi o‘jarlikni
Bog‘lab turgan hech bo‘ysunmas ul qudrat
Ipakdayin mayin, nafis bo‘lardi,
Uzib tashlar edi qo‘ldagi quvvat.
Havasim keladi kuchli bastingga,
Polvonnamo kengdir ko‘krak qafasing.
Nozik qo‘llarimni tutgan dastingga,
Uning quvvatiga kelar havasim.
O‘zingga boqaman – ko‘zlarim porlar
Sendek o‘g‘lon bo‘lmoq istagi sabab.
Menda ham jo‘sh ursa ul dengiz suvi.
Toki to‘siqlarni buzib toshsa-yu,
Sathi-la qirg‘oqni yotsa erkalab.
Yigit bo‘lsam, senga ini bo‘lardim,
Bo‘lishardim orzuni ham ro‘yoni.
Tashna bo‘lmay mangulikka, o‘limga
Va armonsiz tark etardim dunyoni.
RAMZIY GUL
Ayt-chi, chechakmisan
Yo qanotli qush?
Barglar soyasida
Tin olib sarxush,
Majoz yaratibsan
Oy yog‘dusidan,
O‘xshashi yo‘q inda
Ko‘rmoq uchun tush.
Ayt-chi, chechakmisan
Yo qanotli qush?
Sochganing atirmi,
Yo sasing kumush?
Ozuqang mevayu
Tomirda shira.
Bezaging oq parmi
Yo yaproqmi xush?
Yashil shoxlar ichra,
Quyuq o‘rmonda
Berkingan. Selvamning
Sehrli guli.
Oppoq par, gulbarglar
Ifori bilan
Borliqqa yuz ochding
Bir yog‘du bo‘lib.
Bizning keng dengizlar
Bag‘riga olgan
Sadafdek yaltiroq
Zarhal tojdir u.
Qanotlari nozik
Muqaddas ruhning
Oppoq kabutari
In qurgan yog‘du.
Yurtimning eng yuksak
Mehroblarida,
Ko‘kning nomasini
Keltirgan gulsan.
Yashnagaysan ulkan
Sadoqat bilan.
O‘z bag‘riga olgan
Seni bu gulshan.
Muqaddas ruh guli –
Pok orxideya,
Bokira tog‘larda
Bo‘y cho‘zgan chechak.
Xalqim orzusini
Bag‘rida saqlab
Bizni asrayversin
Abadiy – beshak.
Ispan tilidan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi

