QUYoSh
Chiqqin, quyosh, chiqqin!
Nurli, musaffo yuzing bilan yarqira,
erka quyosh!
Ko‘taril tog‘ cho‘qqilari uzra
Va yorit tunning zulmatini.
Ko‘taril tog‘ cho‘qqilari uzra,
Yondir, abas ayla qorong‘ilikni.
Men nafratlanaman oydin tundan,
Xush ko‘rmayman oydin tunni —
Oy daryolarni ko‘z yoshlari misol yoritgan palla.
Quyosh, erka quyosh,
Sen chiqqanda yashil tog‘lar
Menga go‘zal ko‘rinar.
Uning quloch otgan silsilalari
Ko‘zim yayratar,
Men xush ko‘raman yashil tog‘larda yolg‘iz qolmoqni.
Men ohuni kuzataman, ko‘zdan qochirmayman
Quyosh ostidagi serxol ohuni.
Ohuning izidan ergashaman quyosh tig‘ida,
Agar tutib olsam,
Men o‘ynashaman u ohu bilan.
Men izidan ergashaman yo‘lbarsning,
Yo‘l-yo‘l yo‘lbarsning,
Agar tutib olsam,
O‘ynashaman men yo‘lbars bilan…
Quyosh, erka quyosh,
Chiqqin!
Seni men ko‘rganim damda ilk tong,
Gullarni, yirtqichlarni va qushlarni
Chaqiraman baland ovoz-la.
Baland ovozda xitob qilaman,
“To‘xtang bir lahzaga” deyman
Va yonimga chorlab barchani,
Yangi kun shukuhidan tuyaman surur.
QABRISTON MADHIYaSI
Tepachalar — qabristondagi
Yashil maysalar-la bezangan damda
Uncha qayg‘uli va yolg‘iz ko‘rinmas.
Oqargan chanoqlar qorong‘ilikda
Taratar murdalar hidin.
Tirikligida ko‘p ohlar chekkan murda
Zaminga quyosh nuri tushgan lahzada
Birdan xo‘rsinishdan to‘xtadi.
Giyohlar aro gullar ayiqtovonlar,
Chiroyli sayrar bunda qushchalar.
Yotar murdalar yumshoq qabrlarida
Bahorning quyoshida isinib.
TOBONG TOG‘I
Tog‘ qushchasi endi hech qachon
Sayrash uchun qaytmaydi.
Bulutlar suzib borar ekan,
Yaydoq sahrolarga
Qaytmaydi endi hech qachon.
Inson ruhidan asar yo‘qdir bunda —
Bu tog‘larda faqat shomning izi bor.
Men chaqiraman baland ovoz-la
Yo‘q kimsani.
Faqat aks-sado daralar aro behuda sang‘ib,
Qaytar o‘zimga.
Shafaqdagi qizil quyosh
Tog‘lar soyasini uzaytar,
Shom o‘rnini olar seryulduz kecha.
Vaqt o‘tishi bilan
Hayot sovuqlashib borar,
Muhabbat esa iztirobga to‘lar tobora.
Faqat seni deb qalbimni ochaman men
Bu g‘ussaga, bu uzun kechaga.
Sen qaysi men bilmas qishloqda
Hordiq chiqarayotirsan –
O‘tkazayotirsan bu kechani?
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.

