Pak Mok-Vol (1917-1978)

OY

Gullayotgan shaftolining
Shoxlariga yashirinib
Oy suzib borar.
Nedong-myon yoki Odong-myon
Qishloqlari ustidan,
Pulguks ibodatxonasi turgan joylar,
Kyongchju viloyati uzra.
Oy suzib borar
Gullagan shaftolining
Shoxlariga burkanib.

TOG‘ ShAFTOLISI GULLADI

Tepalik,
Xugasan tepaligi,
Qizil toshlari yal-yal tepalik.
Gulga kirdi tog‘ shaftolisi,
Gullari bitta yoki
Ikkita shoxida, xolos.
Qo‘ng‘ir-yashil suv toshqinlarida
Erir bahor qori,
Unda ohu, ona ohu
O‘zining oyoqlarini yuvar.

KABISA YILI BAHORI

Qarag‘ayzor changlari charx urar
Olis tog‘ cho‘qqisida.
Kabisa yilining bahor kuni juda uzun.
Kakku sayray boshlaganda,
Qiyalikdagi qabriston qorovuli uyida
Ko‘zlari ko‘r qiz
Turar eshik kesakisiga bosib qulog‘in…
Nimanidir eshitar.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.