Cho Chji-Xun (1920)

ROHIBA RAQSI

Oppoq yopinchig‘i mayin shohidan,
Qo‘nib turgan kapalakdir naq.
Taqir boshi harir mato ostidan
Yaltillab ko‘rinar.
Ol yonog‘i shundoq mas’umki,
Ko‘ngling ohlarga to‘lar.
Bo‘m-bo‘sh kat ustida sham nuri milt-milt.
Nokning shoxlariga qo‘nib o‘tar oy.
Havolanar uzun yenglar osmonga.
Chiroyli, mo‘jaz paypoqlarda
Engil uchar uning oyoqchalari.
Ko‘targach u qobog‘in mayin,
Yondirguvchi ko‘zlar nigohi
To‘qnashar yulduz-la eng olisdagi.
Mayin yonoqlarda ikki tomchi yosh —
Yulduz ko‘z yoshlari — dunyoga mushtoq,
Garchi bisyor unda hali g‘am-g‘ussa.
Dam to‘lg‘angan vujud, dam yana ko‘kka
Uzatilgan qo‘llar
Kaftlarini mayin siqimlab,
Yurakning tubidan chiqib borguvchi
Ilohiy hayajon titrog‘in berar.
Ushbu tun hattoki chirildoqlar ham
Ko‘z yummadi, uxlamadilar.
Oppoq yopinchig‘i mayin shohidan,
Qo‘nib turgan kapalakdir naq.

QAQNUS

Zabardast ustunlar, qo‘ng‘izlarga yem,
qo‘ng‘iroqlar sasi taralgan
bo‘g‘otlar ostida unniqqan yozuv,
tartibsiz uyalar qurib tashlagan
qaldirg‘ochlar hamda o‘rmon qushlari.
Butun mamlakat ta’zim qilgan qirol taxti
o‘rgimchak to‘rlari bilan chulg‘angan,
ustida jamiki ezgu tilakni
ijobat qilguvchi yoqut ko‘zli juft
ajdaho o‘rniga ikkita qaqnus
burab qadalgan.
Qachondir kuylagan bunda qaqnuslar.
Soyam moviy gumbaz ostidan o‘tar,
toshli devorlari uzra quduqning.
Yashil toshli shokilalar saslari tingan.
Birdan o‘n sakkizinchi darajaga qadar
amaldorlar yig‘ilar manzilni ko‘rsatuvchi
tosh ustunchalar yonida vujudimga mening
joy topilmadi umuman.
Agar bilganida edi
ortiqcha ko‘z yoshlar bachkanaligini,
qaqnus ulkan, cho‘ng osmonga qarab
achchiq nolalar qilgan bo‘lardi.

ALAF YaPROQLARI

Qorli izg‘irinlar tinmay yalagan
Vayronalari ostida ko‘hna qal’aning,
Mana, asrlarkim yotar ulkan tosh.
Ustidan bulutlar suzib o‘tguvchi
Tepalikka g‘amgin chiqib borarkan,
Qorli shamollarga ko‘ksini ochgan
Alaf yaproqlarin holin anglayman.
Chulg‘aydi epkinlar meni-da shu dam.
Hayot nihollari gul ochgan ayyom
Iztirobga to‘la yuzlarimizni
Bir-biriga yaqin keltirgan ko‘yi,
Horg‘in jilmaygancha quramiz suhbat.
O, mangu ruh yaproqlari, ular
Vaqt oqimi sokin oquvchi
Ma’volarda faqat gullarlar pinhon.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.