Usmon Turkoy (1927-2001)

Usmon Turkoy 1927 yilning 16 fevralida tavallud topgan. Girna shahrida ingliz oliy maktabiga kirib o‘qigan. So‘ng Angliyada Hozirgi zamon tillari maktabining gazetachilik-jurnalistika bo‘limida tahsil ko‘rgan. London universitetining falsafa fakultetini tugatgan.
Usmon Turkoyning ingliz hamda turk tillarida 30 ga yaqin kitobi nashr etilgan. She’rlari frantsuz, italyan, shved, chex, Braziliyada portugal, Argentinada ispan, Xitoy Xalq Respublikasi, Gonkong va Tayvanda xitoy, Hindistonda hind tillarida, Tailandda tay tilida, Kuvaytda, Qatar hamda Misrda va tag‘in bir qancha ellarda bir qancha tillarda bosilib chiqqan.
1988, 1990 yillarda Qit’alararo she’riyat uyushmasi tomonidan Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatilgan. Usmon Turkoy yigirmaga yaqin xalqaro she’riyat mukofotinint sohibi bo‘lgan. Ular orasida Albert Eynshteyn akademiyasi ta’sis etgan «Eynshteyn», Italiya xalqaro poeziyasi mukofotlari bor.

BISMILLO

Bu kecha tushimga kirdi
Har tongda tug‘adigan quyosh,
Bu kecha quyoshdan uzildi o‘zga dunyo,
Bu kecha fazoga uchirildi ilk sun’iy yo‘ldosh —
Jimitgina bir oy.
Bu kecha olamda ayricha tezlik, g‘iz-g‘iz bor.
Tuproqda fazo, fazoda otash, otashda yulduz bor.
Bu kecha dunyomizning orbitasida
Yo‘ldoshlar sayyor.
Bu kecha jaranglab bismillo ila urdi soat,
Bu kecha bismillo ila chaqirdi qalam:
Mehribon, rahmli Tangri nomi ila
Yotoqdan turdim xotirjam.
Na shuhrat, na sharaf, na shon…
Bismillo, bismillo… shishdi bosh chanog‘im.
Na bulut, na ufq, na yulduz…
Bismillo, bismillo… uzaydi shom chog‘im.
Na tomir, na mushak, na suyak, na qon…
Bismillo, bismillo… cho‘zildi bilaklarim,
Og‘zim, ko‘zlarim, quloqlarim,
Oluvchi va beruvchi a’zolarim.
Bismillo, bismillo egasiz,
Yoppa-yolg‘iz.
Mehribon, rahmli Tangri nomi ila
Cho‘zilgancha Somon yo‘lida yotardim.
Mehribon, rahmli Tangri nomi ila
Fazoliklarga misralar sotardim,
Sizlarni tushuntirar, anglatardim.
Mehribon, rahmli Tangri nomi ila
Quyoshdan yerliklarga so‘z qotardim
Va yulduzlarni g‘ujum-g‘ujum uzum kabi uzib
Lo‘ttivozlar boshiga pizillatib otardim.

OQ DENGIZNING MOVIY INJUSI QIBRIS

I

Oq dengizning moviy injusi Qibris!
Tug‘ilganim, ilk quyosh nurlarini ko‘rganim,
She’rdan, tinchlikdan, vazminlikdan nafas olganim o‘lka!
Hozir seni o‘ttiz besh ming qadam yuksaklikda
Hindistondan Londonga ucharkan
Uchoqning darchasidan kuzatmoqdaman.
Topingancha jamolingni yutmoqdaman yuragimga,
Sog‘inch bilan hijron dog‘in yutum-yutum ichmoqdaman.
Ko‘klarning moviy rangida
Tutamoqda olov-olov fikrlarim.
Quchoqlab tushlarimda seni, o‘parkanman, tuprog‘ingni
Sevgi, ehtirom to‘la tuyg‘ular ila,
Ko‘ryapman: yaralaring hanuz tuzalmagan…
Yolvoraman ich-ichimdan bekitiqcha,
Yolvoraman yana bir bora:
O‘ylanmagan, shoshilinch ehtiroslarga
Berib qo‘yma o‘zingni,
Bag‘ringda qonga va kinga joy berma…
Ruhimning teranidan o‘tinib so‘rayman:
«Ey, borligimning muqaddas tuprog‘i, o‘lkam manim!
So‘z ber shunday sokin, osoyishta qolishga
Va so‘ngsiz tinchligu orom yurti bo‘lishga!»

II

Tovushlarning, ranglarning va cheksiz zulmatlarning —
Koinotda har narsaning o‘z tili bor —
Ularni ma’noga aylantira olasiz.
Chunonchi, menga yaqinlashgan kunbotar
Va million bor jilvalangan shu’la
Musiqa tili bilan so‘zlaydi
Va tushlarim lojuvard oqqushlarga aylanar,
Uchishda o‘tayotgan vaqtning bir tilimida
Meni tebrayotgan beshik ichida
Hamon o‘sha go‘dak, sening parchang edim.
Sening o‘z o‘g‘ling: goh yig‘lardim,
Goh jilmayardim she’riy bir nafislik-la…
Bugun, shu onda, sendan juda yuksaklarda,
Qibrisim, o‘lkam manim!
Inson qo‘li tegmagan
Millionlarcha tonna qorday oq paxtani eslatuvchi bulutlar
Sening sirlaringni ma’noga aylantirib
Bosh-keti yo‘q ushbu pallada
Siniq, uzgun qalbimga quymoqda…
Bu qalbda ayriliqning o‘chmas dog‘lari
Izolarim bilan qo‘shilib
Yosuman so‘rilarining, limon va po‘rtaxol gullarining,
Eski sharob tulumlarining ichidagi dunyoning
Va sarin nayson yellarida
Kumush rangli dengizlarday
Dolg‘alangan, gul ochgan zaytun daraxtlarining
Musiqasini aks ettirmoqda o‘tayotgan onlar aro…
Endi sog‘inchlarim ummoniga tik cho‘maman
Barcha eski va yangi tushlarim bilan…
Va shu onda har vaqtdagidan ham yaqinligimni
His etaman butun koinotda.

III

Evoh, birdan o‘zimni va tushlarimni ezilganday ko‘rdim:
Umidsizlikning muztog‘lari orasida
Sevgim chormixida, ovozim bo‘g‘ilgandi…
Chunki haqiqat dunyosi bilan tushlar dunyosi
Shu qadar boshqa-boshqa, shu qadar chatishiqki,
Dod degim keladi va qaltirayman,
U yon-bu yon to‘lg‘onaman oromkursimda…
G‘arbga qarab uchayotgan uchoq ichida
Sen, go‘zal va nafis ko‘ksingni naqshlagan
Zaytun daraxtlaring, bog‘laring, po‘rtaxol bog‘chalaring bilan
Tinch-sokin uyquga yotar ekansan,
Sirli hasratlarim, alam to‘la, ma’yus va hazin
Musiqaga aylanmoqtsa yo‘lingda shahid bo‘lganlar uchun,
Yilt-yilt yongan ruhlar uchmoqda,
Yo‘lida jon berganlari tuproqlar uzra…
Hilollimidilar, xochlimidilar?..
O‘limning dini yo‘q.
Nechuk millati bo‘lsin!
O‘lim moddiy olamda shunday bir hodisaki,
Odamzotni bir-biriga qo‘shib yuborar.
Mana, qara, bir zamonlar inson bo‘lganlar
Er bilan ko‘k orasida bir makon topib
Yilt-yilt yonib uni qanday yoritmoqdalar.

IV

Titroq qalb-la men kuzatgan manzara endi
Yulduzlar va ruhlar hokim bir maskan edi.
Go‘yo hamma eshiklari ochilib ko‘kning,
Hamma to‘siqlari yiqilgan edi.
Bir zamonlar bular bari o‘z insonimiz —
Bir tuproqning farzandlari — qiz-o‘g‘lonimiz
Endi ushbu cheksiz zulmatlar aro
O‘xshaydilar yulduzlarning to‘dalariga:
Mana, biri uchayotir ost-ust vaznsiz,
Biri esa oqayotir dumli yulduzday
Va uzoqda shahid bo‘lgan go‘dak ruhlari —
O‘tda kuygan parvonalar ila o‘ynashar,
Sassiz, qutli o‘t raqsiga to‘la muhitda…
Ey Qibrisim, ona yurtim, sengauchoqning
Darchasidan: «Xush qol!» deya qo‘l silkitaman.
Urush ko‘pdan bitgan.
Urushlar o‘ldirar va o‘lar.
Faqat insoniylik abadiy, xolos.
Jannat bor-yo‘g‘i bir ramzdir.
Sharq xoriji bir ruh holatida.
Inson o‘zidan kechishni idrok qilsa,
Uni faqat tinchlik, yolg‘iz tinchlik va mehr
Er yuziga indirajakdir.

ShOIR BOLANING TONGGI DUOSI

Tangrim,
nima bo‘pti, har kuni shunday
Ko‘k yuzi beg‘ubor,
Havo issiq bo‘lsin.
Beshbarmoq tog‘ining naryoqlaridan
Quyosh bizga qarab onamday kulsin.
Pokiza sevinchlar-la dudoqlarimiz
O‘psin nurga cho‘mgan titroq chechaklarni.
Jun yigirsin momolar,
Emizsin bir to‘p nur bolalarni onalar.
Qaldirg‘ochlar tebratsin beshiklarni.
Tangrim, nima bo‘pti, aql chirog‘imiz
Yorug‘ bo‘lsin, yo‘lda itni toshlamasin.
Suvday yod bo‘lsin-u har sabog‘imiz,
Muallim bir kun ham
Darsni tahqirdan boshlamasin.
Tangrim,
nima bo‘pti, bir umr bo‘yi
O‘tli qo‘shiqlar aytsin cho‘ponlarimiz.
Unutilsin dala-dala ungan fig‘onlarimiz.
Birga-birga yer tepsin, sakrab uloqlarimiz,
Tangrim,
nima bo‘pti, yorug‘ nurlaring
Bizni yirik gullar ko‘ngliga yor aylasin.
Tog‘dan toqqa sovrilsin kapalak to‘zlarimiz.
Katta tovuqlar ochsin qopqamizni.
Kakkuli soatday vaqtida sayrasin
Uyqu telbasi xo‘rozlarimiz.
G‘u-g‘u deya g‘ug‘ulasin kabutarlar,
Uchib yursin uchoqaarida ninachilar,
Go‘zal qo‘shikdar aytsin zag‘izg‘on
Va bizni qo‘rqitmasin,
Tunneldan chinqirib poyezd chiqqanday,
Uyasidan qarshimizga da’vatsiz chiqqan
Sarsari qora ilon.

TO‘RT YO‘L OG‘ZIDA UYG‘ONISh

Dedim: Sen aytgan tong o‘lkasimi shu?
Ufqlar charog‘on, yer yuzi umid, ko‘klar beg‘ubor?
Qay tilda so‘ylar bu sohillarda kechalari yulduzlarga suv?
Dedi: Bu chin insonlar, bu haqiqiy diyor!
Ko‘rarsan ular nurli yo‘llardan kelishlarini!
Oyoqlari nofarmon tuproq, qo‘llari endi kirgan bahor!
Bir ovoz yangradi chaqmoq chaqib bo‘shliqda,
Shahar nurlariga qorishdi.
Yurardim vazmin odimlar ila
Ko‘klam va urush kemalari oqara boshlagan ufqda.
To‘rt yo‘l og‘zida to‘xtadim: boshqachadir bu kun bu dunyo,
Bir kardiogramma, ilm davri va mexanik shovqinlar ila
Bir ko‘chki bo‘lib tushdi ustimga Amerika, Ovrupo, Osiyo.
To‘rt yo‘l og‘zida to‘xtadim: kompyuterlar ishga tushdi bir boshdan.
Nil sohilida bir bug‘doy boshog‘i,
Oq dengizda urush kemalari.
Lablarimda bir qo‘shiq:
«Finjonni o‘yarlar toshdan…»
To‘rt yo‘l og‘zida to‘xtadim: odamlar yugurardi o‘ngga, so‘lga,
Rangpar yuzlarida vahm, yuraklarida qo‘rquv.
Kentlar emas, qit’alar tushgandi mubham, sertashvish bir yo‘lga.
Dedim: Shular bo‘lsa kerak po‘lat eritgan ellar,
Biri tuproq portlatib yuksalgan qoya, biri oydan sakragan siymo…
Va nihoyat bir qara: qurigan lablari qanday kular…
Dedi: Tayyor bir yoqilg‘i,
Biroqularda ham suyak, teri, qon…
Ishlashar tarix oqimi ichra — bilmasdan bu qanday makon.
Chunki ularni oqizgan suv qanday irmoqligi noayon…
Ovoz yangradi yana bir bor: seskanib qo‘zg‘aldim joyimdan.
Urush kemalari o‘tar edi ochiq dengizlarimdan.

«O‘zbekiston ovozi», 1994 yil 13 yanvar.