Mehmet Tohir Duluner (Mehmet Tahir Doluner) 1930 yili Kiprning Magosa shahrida tug‘ilgan. Ma’lum muddat Avstraliyada yashab, 1993 yili Kiprga qaytgan. “Bu Vatan bizniki” kitobi muallifi.
DENGIZ QIZI
Yuzimga tegarkan oqshom epkini,
Yurtimning u issiq yoz chog‘larida,
Unutaman kunning qayg‘u, dardini
Kezarkan Oqdengiz qirg‘oqlarida.
Qarshimda chayqalgan ko‘pikli suvlar
Ruhimni yel kabi quchoqlar, kular.
Bir kelib-bir ketgan oppoq to‘lqinlar
Raqs etar ko‘nglimning yayloqlarida.
Dolg‘alar ichidan chiqadir yuzib,
Qo‘llarin uzatar bir dengiz qizi,
O‘ngimu tushimda ko‘rinar izi
Har zamon ko‘nglimning ufqlarida.
Ey dengiz qizi! Yuz! Kez! Hech tinch turma!
Joning ne istasa, qil, mendan so‘rma.
Faqat xafa bo‘lib, mendan yuz burma
Ko‘nglimning to‘lqinli titroqlarida…
Shu sohil shu yerda barqaror ekan,
Ko‘ngillar sarobli baxtga yor ekan,
Ko‘rinar o‘sha qiz, dunyo bor ekan
Yurtimning dengizi, suvloqlarida!..
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi