DEYLIKKI
Deylikki, ayriliq kelib to‘xtadi eshigimizda,
Uchib ketdi birdaniga bari, unutildi bari,
Oshiqlarning tog‘larni teshgan tovushi-da yo‘q endi,
Qo‘llaringni tutmoq, sochlaringni silamoq-da yo‘q endi,
Ortda qolgan xotiralarni unuta bilarmisan?
Deylikki, shafaqqa boqib, yo‘ling kutmasman,
Endi tovushing-da silamas quloqlarimni,
Yulduzlar-dabulutlar orasida yo‘qolib ketdi,
Boshimni ko‘ksingga qo‘yib yotmoq-da bitdi,
Qurugan gullar ichidagi sevgini unuta bilarmisan?
Deylikki, bir-birimizga hech qo‘l urmadik,
Kelajak haqida xayol-da surmadik,
Hech tegmadi tanlarimiz biri biriga,
Endi go‘zal kunlarda o‘ynab-kulish yo‘q,
Dudoqlarimda eritganing muz tog‘larini unuta bilarmisan?
Deylikki, hech yig‘lamadik chorasizligimizdan,
Deylikki, qorong‘ilik yukli emas oydinlikka,
Deylikki, qumloqlarga otingni-da yozmadim,
Qisqa ayriliqlarga o‘kinib vido aytmadim, biroq
Sochlaringdagi ishqim izlarini unuta bilarmisan?
Deylikki, bir kuz oqshomida tanimadik bir-birimizni,
Cho‘milmadik dengizning iliq suvida,
Archa islari aro hech o‘pmadim dudoqlaringdin,
Tunning tund yog‘dularida qorishmadi ko‘lkalarda
ko‘lkalarimiz,
Yuragingda shivirlagan sevgimning buyukligini
unuta bilarmisan?..
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi