Aldo Palazzeski (Aldo Palazzeschi; 1885-1974) — atoqli shoir va yozuvchi, Florentsiyada tug‘ilgan. 1904 yildan she’rlari nashr etila boshlagan. Dastlab futurist shoir sifatida tanilgan, ammo keyinchalik ulardan chetlashgan. “Dostonlar”, “Qosid” (1910) she’riy to‘plamlari, “Opa-singil Materassilar» (1934) romani unga shuhrat keltirgan. So‘ngra “Yomchilar musobaqasi” (1937) hikoyalar to‘plami, ikkinchi jahon urushi mavzusidagi ‘Yuzaga chiqmagan uch imperiya”, “Aka-uka Kukkolilar”, “XX asr bema’niliklari” asarlari va “Rim” romani bosilgan. Umrining so‘nggi davrida tarjimai holiga oid “Xotira rohati”, “Maynabozchilik” hikoyalar to‘plami, “Doj”, “Stefanino”, “Bir do‘stlik tarixi” romanlari, “Yuragim”, “Yuz yulduz yo‘li” kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.
TO‘TIQUSh
Kun nurida qushning patlari
Turli rangda porlar, o‘zgarar.
Yuz yildir, u oynadan qarab,
Sanar go‘yo o‘tgan-ketganni.
Eshitilmas — sayrarmi-so‘ylar,
Bu qush nima qilyapti, deya,
O‘tkinchilar tikilib, o‘ylab,
O‘zlaricha kukulab qo‘yar.
U esa jim.
Toliqqanicha
To‘lib-to‘lib boqar jimlikka.
IKKI GUL
G‘arib askar,
Yostigg‘ingga bosib chakkangni,
Oppoq gulni o‘pyotgandek
Jimib qolasan.
Ichingda bir olovli gul.
G‘amga tolasan.
Ey, jahannam o‘tlariga
Otilgan inson,
Dardingni ayt,
Seni yoqqan u olovni ot!
ONA
— Ona, o‘g‘ling aldar seni ham.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling ko‘p yomon odam.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling o‘g‘rilik qildi.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling razil qotildir!
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling turmada, bor, ko‘r.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling jinni bo‘libdir.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling qochib qolibdir.
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
— Ona, o‘g‘ling yo‘lda o‘libdir…
— Qo‘y, qo‘yaver, u mening bolam.
Rus va turk tillaridan Tohir Qahhor tarjimalari