Migel de Unamuno (Miguel de Unamuno) – ilg‘or ispan faylasufi, yozuvchi, shoir va dramaturg. “98 yillar avlodi”ning g‘oyaviy ilhomchisi. 1924 yilda mamlakatda hukm surgan harbiy diktaturaga qarshi chiqqanligi uchun Kanar orollariga surgun qilingan. Yetti yil ta’qib ostida yashagan shoir o‘zi rektorlik qilgan universitet joylashgan Salamank shahrida uy hibsida saqlangan holda olamdan ko‘z yumgan. U hayotining so‘nggi damigacha diktatorlarga qarshi kurashgan. Uning harbiylarga qarata: “Siz kuch bilan odamlar ustidan g‘alaba qozonishingiz mumkin, ammo ularni ishontira olmaysiz!” — degan so‘zlari shiorga aylangan.
***
Kunim bitar. Xotiraga aylangum,
oz qoldi, moziyga bo‘larman surgun.
O‘tmish sahrosida, do‘stlar, xokimni
qumlar orasidan izlangiz ul kun.
O‘limning qo‘lidan qumday to‘kilib
ketarman, og‘riqdan qutilarman shahd:
men hayotga qattiq bog‘landim, lekin
hayot – bu oxiri xalokatli dard.
Jasadim xok bo‘lib, to‘kilsa ham gar,
garchand ikki-uch bor ma’raka qilib,
o‘tkazarsiz o‘ldi-ku deb marosimlar,
qo‘lingizda tirilaman yana, biling.
Bu kitobni qo‘lga olarkansiz, siz
meni qo‘lga olayotirsiz, chirog‘im.
She’rim taningizni titratar, ana –
sizga o‘tayotir mening titrog‘im…
Karim Bahriyev tarjimasi
* * *
Tog‘ daryoga boqar-da,
men hayotman, deb o‘ylar.
Soya suvda qalqar-da,
suzyapman, deb o‘ylar.
Jonsizlar borki, bari,
o‘zin tirik ko‘rsatar.
Asl tiriklar esa
ketib, qaytib kelmaslar.
Ruschadan O‘ktam Mirzayor tarjimasi