Gabriela Mistral (1889-1657)

Gabriela Mistral (Gabriela Mistral; taxallusi; asl ism-sharifi Lusila Gadoy Alkayaga) (1889.7.4, Vikunya —1957.10.1, Xempster, AQSh) — chili shoirasi, pedagog, jamoat arbobi. 16 yil o‘qituvchilik qilgan. 1922 yili Meksika ta’lim vazirligiga taklif qilingach, Meksika maktablari va kutubxonalarini isloh qilish loyihasini ishlab chiqqan. 1924—46 yillarda Chili elchisi sifatida Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Braziliya, AQShda ishlagan. BMT tashkil bo‘lgan davrdan Millatlar ligasi ishlarida qatnashib kelgan. Birinchi she’riy to‘plami — «O‘lim sonetlari» (1914). Lirikasida ispan she’riyati an’analari bilan indeyslar mifologiyasidagi animistik obrazlilik qo‘shilib ketgan.
«Noziklik» (1924) she’riy to‘plamida onalik baxtidan maxrum ayolning dardlari aks etgan. «Yakson qilish» (1938) she’riy to‘plamida fashizm krralangan. Gabriela Mistral «Tushkunlik» (1922), «Tala» (1938), «Taxtakach» (1954) kabi she’riy va «La’natlangan so‘z» (1950) publitsistik maqrlalar to‘plami muallifi. Nobel mukofoti laureati (1945).

U QANAQA BO‘LAR EKAN?

U qanaqa bo‘lar ekan? Gullarning yaprog‘iga uzoq tikilib, keyin u barglarni quvonch bilan ushlab ko‘raman: men o‘g‘limning ruxsori xuddi shu gul bargiday, yumshoq, beg‘ubor bo‘lishini orzu qilaman. Men maymunjoniing novdalarini to‘zg‘itib o‘ynayman. Men uning sochlari qora va quyuq bo‘lishini xohlayman. Bordiyu bolam qorachadan kelgan, kulollar sevadigan qizg‘ish loyning rangiga o‘xshagan bo‘lsa ham, sochlari mening butun hayotimday oddiy, silliq bo‘lsa ham hechqisi yo‘q.
Men tog‘lardagi tumanga qoplangan o‘ngirliklarga tikilaman. Nazarimda, tuman xuddi qiz bola qiyofasiga, nozik-nihol qiz bolaning qiyofasiga o‘xshab ketadi. Mayli, qiz tug‘ilsa ham.
Lekin eng muhimi, bola xuddi erimning nigohiday muloyim, mehrli, issiq nigoh bilan menga boqadigan bo‘lsin, bolaning ovozi xuddi erimning tovushi singari dilbar, erkalovchi, samimiy bo‘lsin. Zero, men kutayotgan insonni xuddi o‘z bo‘salari bilan meni baxtiyor etgan kimsani sevganday sevay.

UMRLI DARD

U mening jismimda azob chekayotganidan behol bo‘lib ranglarim o‘chib ketadi. Uning qimirlashidan dard chekaman, men ko‘rganim, lekin tanamda ardoqlab yurganim jonning bir harakatidan o‘lib ketishim hech gap emas.
Ammo men bu dardni his qilishim, uning menga bog‘ liqligi faqat tanimda ekanligidangina deb zinhor o‘ylamang. U dadil qadam tashlab o‘z yo‘lini topib yurganda ham, hatto juda uzoqlashib ketganda ham unga kelgan shamol mening tanamni qamchilaydi va uning chnnqirig‘i mening lablarimdan ko‘tariladi. Mening yig‘im, mening tabassumim sening chehrangda tug‘iladi, o‘g‘ilginam!

ShU TUFAYLI

Maysalarning tagidagi ingichka jilg‘a kabi uyquda yotgan shu jon haqqi, menga ozor bermang, og‘ir yumushlarni buyurmang, agar qandaydir taomni tusamay qolgai bo‘lmasam, shovqin-suronni ko‘tarolmay qolgan bo‘lsam, o‘sha jon tufayli meni kechiring.
Hayotning hamma pastu balandi, ro‘zg‘orning og‘ir-engilliklari haqida men bolamii yo‘rgakli kilganimdagina men bilan so‘zlashishingizni iltijo qilaman. Qo‘lingizni peshonamga qo‘yasizmi, biron ozor topib o‘sha yerdan nido beradi.

ER TIMSOLI

Men ilgari yerning asl qiyofasini ko‘rmagan ekanman. Yer xuddi qo‘lida go‘dak ko‘tarib turgan ayolga o‘xshaydi.
Men endi narsalarning onalik mohiyatini anglay boshladim. Menga qarab turgan ana u tog‘ ham — Ona, oqshomlari tuman uning kiftlarida, tizzalarida xuddi go‘dakday erkalanib o‘ynaydi. Men vodiydagi o‘ngirlarni eslayman. Uning tublarida qoyalar himoyasida hammayoqni kuyga to‘ldirib irmoq chopadi, men ham xuddi shu o‘ngirga o‘xshayman. Men o‘z jismimning tub-tubida kichkinagina irmoqni his qilaman. U o‘ziga yo‘l topib, yorug‘ dunyoga kelguncha men o‘z tanimni qoya singari uning ixtiyoriga topshirganman.

BOLAMNING DADASIGA

Dadasi, menga yondashmang. Xuddi suv o‘zidan nilufar bunyod etganiday, siz mening borlig‘imda inson ato qildingiz. Endi men nilufar o‘sayotgan ko‘lday osoyishta bo‘lmog‘im lozim.
Meni seving, ilgarigidan ko‘ra qattiqroq seving. Men murg‘akkina bo‘lsam ham sizga, sizning hayot yo‘llaringizga hamroh bo‘ladigan jon hadya qilaman. Men juda ko‘rimsizman, men sizga olam lazzatlaridan to‘la bahramand bo‘lishingiz uchun yana boshqa ko‘zlar, boshqa dudoqlar tuhfa etaman. Men shunday mo‘rtmanki, sevgingizdan hayot sharbati to‘la shishaday darrov sinib, sharbat kabi yoyilib ketaman.
Kechiring meni, dadasi! Mening yurishlarim ham beo‘xshov, choy uzatishlarim ham qo‘pol, nachora, hammasiga o‘zingiz sababsiz. Mana endi arang qimirlab yuribman.
Menga har qachongidan ko‘ra ham mehribonroq, g‘amxo‘rroq bo‘ling, dadasi, jonimga hayajon solmang, yuragimni ham o‘ynatmang.
Men endi — yengil, harir bir pardaman. Bugun mening tanim misoli bir parda, uning ostida go‘dak uxlayapti.

ONAJON

Onam mendan xabar olgani keldi. Biz yonma-yon o‘tiribmiz. Biz hayotimizda birinchi bor qandaydir og‘ir sinovlar haqida so‘zlashayotgan egachi-singildek o‘tiribmiz.
U titroq qo‘llar bilan mening qornimni siladi va ko‘kraklarimni ochib, avaylabgina uchlarini ushlab ko‘rdi. Nazarimda, uning qo‘llari tegishi bilan men xuddi nafis guldek ochilib ketdim. Va ko‘ksimni qandaydir yoqimli hislar to‘lqini to‘ldirib yubordi. Qizarib, uyalibgina, ne andishalar bilan tanamdagi dardlarim va xavotirlarim haqida so‘zladim.
So‘zlar ekanman, onam ning ko‘ksiga boshimni qo‘yib olibman. Men qayta boshdan hayot oldidagi tahlikadan uning qo‘llarida yig‘lab turgan kichkinagina qizaloq bo‘lib qolgan edim.

SO‘ZLAB BERING, ONAJON!

Boshingizdan kechirgan onalik dardlaridan xotirangizda qolganini menga hikoya qilib bering, onajon! Qani, ayting-chi, bola qanday tug‘iladi? Tanachasi hali mening tanamga bog‘liq go‘dak qay yo‘sinda yorug‘ dunyoga keladi?
Ayting-chi, onajon, mening ko‘kragimga uning o‘zi talpinadimi yoki mening o‘zim ko‘krak tutishim kerakmi?
Mehru muhabbat haqidagi hamma bilimlaringizdan voqif eting meni, onajon! Yangicha erkalashga, eng nozik, eng latif erkalashga — erimning erkalashlaridan ham o‘tli erkalashga o‘rgating meni!
Uni qanday qilib cho‘miltiraman? Qanday qilsam unga ozor bermasdan yo‘rgaklayman?
Men tebratib o‘ltirib aytgan allalaringizni endi menga o‘rgating, onajon! Hamma qo‘shiqlardan ham go‘zal bu alla go‘dakni orom og‘ushiga oladi, onajon!

MUQADDAS QONUN

Aytishlaricha, tanamda jonim dildirab kolibdi. Lekin men o‘zimni juda yengil his qilib, erkin nafas olyapman.
— Men kim bo‘ldimki,— deyman o‘zimga-o‘zim,— o‘g‘limni tizzalarimda erkalab o‘ltirsam?
O‘zimga-o‘zim javob kilaman:
— Ayol! Sevguvchi va sevgisi birinchi bo‘sadan zurriyot tilagan ayol! Zamin menga va men qo‘llarimda ko‘tarib turgan o‘g‘limga qaraydi va meni sharaflaydi. Chunki endilikda men mevali palma daraxtiman, jo‘yaklar misol jahonga hayot bergan mevali va muqaddasman.

ALLA

Tun dorong‘u, tun g‘arib
Tun ichra koldi dengiz.
Men beshiging tebratib,
O‘zni sevmayman yolg‘iz.

Osmon olamda g‘arib,
Oyni ham kuchdi dengiz.
Seni qo‘lda ko‘tarib.
O‘zni sezmayman yolg‘iz.

Inson yer uzra g‘arib,
Topilmas biron g‘amsiz.
Sen bilan to‘liq bag‘rim,—
Emasman yakka-yolg‘iz…

EZGULIK

Senga atab men aytsam qo‘shik,
Butun zamin unutar g‘amni.
Kulging misol muloyim, iliq
Tog‘u toshlar, qirlar tikani.

Senga atab aytaman qo‘shiq,
Dildan quvib og‘ir o‘ylarni.
Nafasingdan mehrga to‘liq

Zulfiya tarjimalari

* * *

Ichimda o‘ldirdim uni beomon,
Chunki sevmagandim uni hech qachon.

U baland tog‘larning adl kaktusi,
Gullayotgan chog‘lar go‘zal ol tusli.
Ham o‘tli, ham quruq edi, begumon,
Na yangiday edi, na yosh, navqiron.

Oyog‘i ostida, oldi-ortida
Yotardi shu toshlar, osmon beg‘ubor.
Suvlarga suvlarning ko‘zi, dardida
Engashib boqqanin ko‘rmadim bir bor.

Yashillanib borgan maysa, o‘t-o‘lan
Qovjirab qolardi tushsa izlari.
Qaynoq nafasidan atrof dimiqqan,
Bug‘lanardi mayin qizil yuzlari.

Issiq-sovuqda ham nutqlari qattiq,
Surtib qo‘yilganday atay qorag‘at.
Odamlardan yiroq, ko‘zlarga ortiq
Ko‘rinmasdan erkin yursam der faqat.

Egilish neligin bilmadi aslo
Tog‘ bag‘rida o‘sgan mag‘rur gul chiroy.
Uning bilan turib yonma-yon asli
Egilib-egilib qoldim, hoynahoy…

Yo‘liqtirdim uni o‘limga bir kun,
O‘radim-chirmadim jon-jismim butkul.
Burgutday jon berdi otashin, g‘amgin,
Ayrildi rizqidan, yonib bo‘ldi kul.

Qanotlarin yoyib, engashdi asta,
Bir zumga to‘lg‘ondi, shitobli, beun.
Qo‘llarimni ochsam, to‘kdi ohista
O‘chib-o‘chmayotgan eng so‘nggi uchqun.

Opa – singillarim uni eslashsa,
Men kabi o‘ylashmas, sog‘inib qolar.
O‘tmish kukunlarin titib, izlashsa,
Vujudimdan bir-bir sug‘urib olar.

Ularga yuzlanib, aytaman: – Qarang,
G‘orga tushib ko‘ring, soz tuprog‘idan
Shundayin olovrang sor burgut yasang,
Qo‘shib qo‘ying chimdim qalb titrog‘idan.

Agar qo‘lingizdan bu yumush kelmas,
Demak, yodga olmang, unutsin yurak.
Men uni o‘zimda o‘ldiroldim, bas,
Siz ham shunday qiling albatta, beshak!

Zuhra Asqarova tarjimasi

KUChLI AYoL

Yuzlaringni shamol tilgan, libosing moviy –
Ko‘z o‘ngimda qolgan tiniq siymoying unda.
Seni ko‘rdim bolalikka gul bitgan savr –
Er haydalib taqdir kabi ochilgan kunda.

Isqirt va tor qovoqxona kunjida ichar,
O‘sha, sening farzandingga ota bo‘lgan kas.
Zil-zambil yuk ko‘tarasan, qo‘lingdagi don
To‘kiladi, yerga tushar, sochilar besas.

O‘g‘lingga non g‘amlaydirsan, yoz bo‘yi to kech,
Yoshlar oqqan ko‘zlarimni uzolmayman hech –
Va tuyqusdan hayajonlar qoplaydi bir zum…

Oyog‘ingning pok gardini o‘psam bo‘lardi!
Shaharlik oliftalardan bezib o‘larday,
Ortingdan she’rim-la birga dalaga borgum.

SEN SEVGAN QO‘ShIQNI…

Sevgan qo‘shig‘ingni kuylay, hayotim,
Yaqin kelib tingla shunday, hayotim,
Eslaysanmi, sening bo‘lgan hayotim,
Shom pallasi kuylay, soyamsan mening,
Jimjitliklar, sukut kuygay, hayotim.

Xitobimsiz izim yo‘qdur, hayotim,
Men haqqimda nelar o‘ylaysan – sukut?
Men-chi, hamon o‘sha-o‘sha, hayotim.
Unutmadim seni, bo‘lmadim unut.

Oqshom chog‘i kelgil, hayotim mening,
Qo‘shig‘imni yodga ola keldingmi?
Yodingdami, aytgil, unutmadingmi,
Yodingdami, ismim unutmadingmi?

Davrlar o‘tkinchi! Seni kutgayman.
Yomg‘ir, tumanlardan, kechadan qo‘rqma.
Istasang yo‘ldan kel, o‘tloqlardan o‘t.
Qaydaki mavjudsan – meni bir oqma,
Adashma, tikka kel men tomon, ey do‘st!

ALLA

Dengiz allalaydi minglab to‘lqinni
Ilohiy shivirlar ila.
Dengiz shiviriga tutaman quloq,
Alla, bolam, alla.

Chayqatadi daydi shamol bug‘doyni,
Tun bo‘yi tebratgan palla.
Shamol qo‘shig‘iga tutaman quloq,
Alla, bolam, alla.

Olam beshigiga engashar Xudo,
Odamni nigoh-la silar.
Sharpasini sezib, beshik tebratgum –
Alla, bolam, alla.

YaNA KO‘RMOG‘IM KERAK

Qaytib ko‘rmaymanmi gulgun shafaq tong
Va yulduz titragan tun quchog‘ida,
Charchab yonayotgan oqshom chog‘ida.

Na so‘qmoq, na o‘rmon va na dalada,
Tangadek tovlanib oyning nurida
Shovullab kuylagan irmoq yonida,

O‘rmonlarning yoyiq kokili aro
Men uni chorlagan, kutgan ma’voda
Aks-sado qaytargan joyda mabodo?

Yo‘q! Ko‘zda yosh bilan ko‘rmog‘im kerak,
Muloyim oy balqqan kechada tag‘in,
Osmon sohilida, chaqmoqlar chog‘i.

Qishda ham bahorda birga bo‘lmoq-chun,
Qon tepgan bo‘ynida qo‘llarim u kun
Sabodan mayinroq o‘ralmog‘i-chun!

Rus tilidan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi

BEShIK

Usta, erka shahzodam uchun
Yasab bergin menga bir beshik.
Tezroq beshik keltir uyimga,
Men shoshilib ochaman eshik.

Qarag‘ayning butoqlarin kes,
Siynam kabi bo‘lsa ham yumshoq.
Beshikka belasam bolamni,
Badaniga botmasin u shox.

Usta, bola bo‘lgansan sen ham,
Onang aytgan senga ham qo‘shiq.
Usta, onang allasin eslab,
Yasab bergin menga bir beshik.

O‘g‘il bersin senga ham, usta,
Beshigiga osib qo‘y oshiq.
Allalab uxlatay o‘g‘limni,
Yasab bergin menga bir beshik.

MAKKAJO‘XORIZOR MADHIYaSI

I

Shamolda kuylaydi makkajo‘xori,
Yashil umid bilan gurkirar mag‘rur.
O‘ttiz kunda bo‘yi yetib, navnihol
Qomatiga boqib shovullar masrur.

Qirlardan qiyalab chopar tepaga,
Shafaqni ko‘tarib turar navjuvon.
Qiqirlab tabassum sochar shamolga,
Bearmon o‘ynaydi – kenglik bepoyon.

II

Shamolda to‘lg‘anar makkajo‘xori:
Issiqda hosili pishib yetildi,
Quyoshda mo‘ylovi sarg‘ayib kuydi,
Engi, yoqalari churkab yirtildi.

Shamolda taralar nolayu zori,
Egnida qovjirab sarg‘aygan to‘ni:
Shamolda o‘rtanar makkajo‘xori,
Egnida eskirib yirtilgan to‘ni.

III

Makkajo‘xorining bo‘liq so‘tasi
Qizaloqqa o‘xshar, o‘xshar go‘dakka:
Mehribon onadek makka poyasi
Ikki oy tebratar o‘rab yo‘rgakka.

Chaqaloqqa o‘xshar makka so‘tasi,
Badanida sariq tuklar bor mayin.
Makkaning barglari onadek g‘amxo‘r,
Bolaga shudring – sut berar atayin.

Qavat-qavat qalin qobiq ichiga
Boladek berkinib olar ajoyib:
Qobiqdan mo‘ralab boqar olamga,
Og‘zi qulog‘ida kular tirjayib.

Qizaloqqa o‘xshar makka so‘tasi,
Ona quchog‘ida erka boladek:
Uni tebratadi makka poyasi
Bolasin ko‘ksiga bosgan onadek…

Shiringina uxlar omborga kirib,
Fayzga to‘lar xalqning uyi, ombori:
Tushlar ko‘rib uxlar, tush ko‘rib uxlar
Chaqaloqdek bizning makkajo‘xori.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi