Kristina Rossetti (Christina Georgina Rossetti; 5 dekabr 1830 — 29 dekabr 1894) — ingliz shoirasi, rassom va shoir Dante Gabriel Rossettining singlisi. Bolaligidan to umrining oxirigacha qo‘lidan qalamini tushirmagan, suvrati ham, siyrati ham go‘zal bu betakror shoira ingliz she’riyatida o‘ziga xos o‘rin katta egallaydi. Uning ilk she’riy to‘plami sevikli bobosi tomonidan nashr etiladi. Shoiralik qismati Kristina Rossettiga otasi — Londonda yashab o‘tgan italiyalik muhojir, italyan tili va adabiyoti o‘qituvchisi Gabriel Rossetti qonidan o‘tgan. Bundan tashqari, akasi Dante Gabriyeel Rossetti ham o‘z davrining mashhur rassomi sanalgan. Ayniqsa, shoira singlisining portreti va uning barcha kitoblariga ishlagan suvratlari bugungi kunda ham kishini hayratga soladi. Mana shunday ijodiy muhit Kristina Rosseti ijodini yuksakka ko‘tardi. Chuqur lirizm, dramatizm, voqelik va falsafiylik bilan sug‘orilgan bu she’riyat oradan 175 yil o‘tib ham uning nomi va ijodi muhabbat bilan tilga olinayotgan ekan, buning bahosini adiba va adabiyotshunos Virdjiniya Vulf so‘zlaridan anglab olish qiyin emas: «Rossetti she’riyati shuning uchun ham qadrliki, u uyg‘otgan tuyg‘u va hayajon biz bilan birga yashaydi, bizni boyitadi. Chunki ular bizga qadrdon tuyg‘ulardir».
MENI ESLA
O‘tinaman, meni eslagil…
Yaqinlashar hijron damlari —
Qo‘llarimni qo‘yib yuborgil,
Senga azob bermas g‘amlarim
Olib ketsam, bag‘ri qon, vayron
Qolsang hamki, esla, qadrdon!
Meni esla, esla, azizim,
Na bir anduh, na qayg‘u — hasrat
O‘ylaringga solmasin soya,
Shu o‘ylarda yashayin faqat.
Bilib — bilmay meni unutsang,
O‘zingni hech azobga solma.
Bu — dunyoning oxiri emas,
Alamingni ko‘z yoshdan olma…
Barchasini unut, ko‘zing yum,
Tabassum qil, jonim, tabassum…
OYNING BIR BO‘LAGI
Oyning bir bo‘lagi… Tebranar borliq!
Yarimlashar yoxud yerga tortar oy?
Oyning bir bo‘lagisevinch yoshlari,
Tog‘lari viqorli, baxt ochmish chiroy.
Hayotda ham shundayyarmisi xato,
Bir bo‘lagijavob, yarmisisavol.
Baxt ham to‘lishadi bir kuni oyday,
Qayg‘ular eriydi, eriydi xushhol.
YoZNING OXIRI
Tabiat gultojiatirgulim, ayt,
Qayda rang, qayda ko‘rk, qayda ul tuyg‘u?!
Kim bilsin, ehtimol, yozimizni ham
Kutmoqdami shu yo‘l, shundayin qayg‘u?
TUBSIZLIK NIMADIR?
Nimaning tubi yo‘q? — Quduqlar, tog‘lar.
Nima u — uchar o‘q? — Rangin yosh chog‘lar.
Nima u — had bilmas? — Suvlik, baxt siri.
Nima u —hech o‘lmas? — Shu quyosh nuri.
AYTMIShLARIM
Zahmatim tugadi… Ulushim oldim.
Shamol turadimi — turmas, baribir,
Faqat osmon bilan do‘st bo‘lib qoldim, —
Dalalarim bo‘shadi, axir.
Kunlarim, tunlarim qo‘shilib oqdi,
Yaqinlashib kelar umri zavolim.
Kim do‘stim? Kimga men g‘animday boqdim?
Gunohlarim ko‘pmi, ko‘pmi savolim?
Chalg‘ini tashladim, huvillar bag‘ir —
Dalalarim bo‘shadi, axir.
GOBLINLAR BOZORI
(poemadan parcha)
Laura beixtiyor
Qalqdi va quloq soldi.
Opasila dalaga
Etgach, u ortda qoldi.
Qo‘rquv, sarosimada
Ortiga o‘girildi.
Uni sehrlayotgan
Goblinlarga tikildi.
Birimo‘ylovdor mushuk,
Biriin kovlar sichqon.
Biriko‘rsichqon shumshuk,
Tagida qalin hamyon.
Biridailon po‘sti,
Biridaeshak teri.
Biridasichqon tishi,
Biridaotning dumi.
Birida — yo‘lbars yoli ,
Bir — biriga ko‘z qisar,
Lauraga qichqirar:
— Sotib ol! Ha, sotib ol!
Sukunatda tovushlar
Mayinlashar, jaranglar:
— Laura, shosh, tezroq kel,
Qara, qanday soz ranglar!
Suvda oyning o‘rog‘i,
Nurlar yoyildi chog‘i…
Galasidan ayrilgan
Misoli durkun oqqush.
Jilg‘alarga bosh egib
Turgan butoqdek sarxush.
Eshkagi yo‘q qayiqday
Chayqaladi, egari
Urilmagan yosh biya,
Yuragida qo‘rquv bor,
U g‘o‘r jangchi singari.
Goblinlarni tingladi
Cho‘riday itoatkor.
Bozorchilar qalqidi,
Murodiga yetishdi…
Biri olib, birisi
Qizni maqtay ketishdi!
Bir aylana bo‘lishib,
Bir — birga ko‘z qisishib,
Idishdagi sharbatdan
Bir tatib ko‘r, deyishdi.
Biri olmaxon bo‘lib
Tishda chaqadi yong‘oq.
Biri lagan to‘ldirib,
Uzum keltiribdi, boq!
Biri taxtni irg‘itgan
Kabi to‘nkani otdi.
Tokning novdalari-la
Go‘yo tojni bezatdi.
Boshqush qanotlariga
O‘ranib olgan goblin
Qizning quloqlariga:
— Sotib ol! — quyar qizg‘in.
So‘ng iblislar galasi
Ko‘rsatishdi zo‘r o‘yin…
Laura esa hamon
Jilolmas, yurmoq qiyin.
— Yonimda bir mirim yo‘q! —
Qiz aytdi go‘yo aybdor. —
Hamyonimda na chaqa,
Na kumush, na oltin bor.
Men ular evaziga
Shovullab turgan bug‘doy
Bo‘liq boshoqlarini
Marjonday terib kelay!
— Xo‘sh, tilla sochlaring-chi?
Goblinlar o‘qrayadi.
Kokilingni sot, — deya
Baqaday baqrayadi.
Titradi, bosh irg‘adi,
Sochi yoyilib ketdi.
Qaychi uchlarigacha
Ko‘z yoshi oqib bitdi.
So‘ng boladay shoshilib,
Intildi-ku, sharobga.
Kokillarini qirqib,
Sotib olgan azobga…
Ichgan sari qoniqmas,
U — suvday tiniq, rangsiz.
Ko‘rinsa-da, beozor,
U — gunoh, ufitnakor.
Qiz esa shu lazzatga
Jonni bermoqqa tayyor!
Sharob daryoday oqdi —
Shaytonlar dil xushlashdi.
Qiz ichidagi sharob —
Iblis bilan tillashdi.
So‘ng yerdan yong‘oq olib,
Chayqalgancha yo‘l solib,
Ketdi, anglamadi u —
Kunmidi, tunmidi bu…
Oygul Suyundiqova tarjimasi