Tavfiq Ismoil (1935)

Tavfiq Ismoil (Taufiq Ismail) – indoneziyalik shoir, publitsist. Bukitting shahrida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Indoneziya universitetining veterinariya fakultetini tamomlagan. “Uqubat” (1966), “Sukunat” (1970), “Jo‘xorizor she’rlari” (1973), “Meni Indoneziyaga qaytaring” (1976), “1998 yil mayida tug‘ilgan bola” (1998) to‘plamlari muallifi.

RAHMAT, KATTAKON RAHMAT!

“Katta rahmat, judayam katta,
Kattakon
Rahmat,
Janob bupati,
Qishloqlarga bergan
Saxiy yordamingiz uchun”.

Shunday majlis bo‘layotgan
Klub derazasi tagidan o‘tayotib,
Oltinchi sinf o‘quvchisi
Aytdi:
“Buppatiga bergan Allohga
Aytadigan rahmatlaring qoldimi…”

MUNOJOT

Rabbim,
Bu bizning gunohimiz, aybdormiz,
Yillar mobaynida
Sengamas, yerdagi sorbonlarimizga
sig‘indik,

Ikkiyuzlamachilik qildik,
Qalbimizni chuqurga yashirdik,
Ko‘mdik.

Bizni kechir,
Kechir.
Omin.

Rabbim,
Yillar bo‘yi
Sening ismingni
Shunchaki
Tilga oldik, xolos.

Yana biz uyingga qaytyapmiz,
Bizni qabul ayla,
Bag‘ringga ol.

Bizni kechir,
Kechir.
Omin.

SUMBA

1970 yil O‘zbekistonda bo‘lganimda, Malikcho‘lda bepoyon qum sahrosini ko‘rib, yurtim Indoneziyadagi Sumba orolini esladim.

Sumbani sog‘indim – cho‘llar xadsiz, bepoyon,
Quyosh tinmay olov purkar, o‘qlar otadir.
Sumbani sog‘indim – kezar g‘amzada cho‘pon
Kezadi sahroda ezg‘in, shonsiz, beqadr.

Maysazor o‘tlovlar, tulpor, somon qalpoqlar,
Cho‘ponning so‘kishi, xivich, xas-xashak, poda…
Qirg‘oqqa kel, ufqda dengiz – oftob charaqlar,
U yoqdan esadi tinmay issiq shabboda.

Sigir, buqalarning tungi nolasin tinglay,
Gitaramni ber, bergin menga otlar chopgan yer.
Ming yillab qurigan sahro havosini ham,
Sumba deb atalgan makon, maydonimni ber.

Sumbani sog‘indim – juda qadim tog‘lardan
Vohaga tushayotgan tulpor – mohtobimni ham,
Sog‘indim jigarrang, kuyib ketgan samodan
Olov purkab ufqqa botgan oftobimni ham.

Sumbani sog‘indim, meni tushuning, axir,
Cheksiz dalalarni, oftob otashini ham.
Sumbani sog‘indim – qadim tog‘lardan enib,
Cho‘qqilar tagida otlar yotishini ham…

Sog‘indim.
1970

Karim Bahriyev tarjimasi