Goyenavan Muhammad (1941)

Goyenavan Muhammad (Goenawan Soesatyo Mohamad) 1941 yil 29 iyulda Markaziy Yavaning Batang shahrida tug‘ilgan. «Tempo» jurnalining asoschisi va muharriri bo‘lgan Goenavan Indoneziyadagi ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va shoir sanaladi. U ko‘plab ocherklar va she’riy kitoblar muallifidir. 2001 yilda «Sajak-sajak Goenavan Muhammad: 1961-2001» nomi bilan nashrdan chiqqan oxirgi she’riy kitobida eng sara she’rlari jamlangan. Shuningdek, u zamonaviy operalar uchun ikkita libretto yozgan. Goyenavan Muhammad bir necha xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lib, ular qatorida Harvard Dorilfununining Luis Lion mukofoti alohida e’tiborga molik. Goyenavan so‘z erkinligi, san’at va ijodkorlar almashinuvi bilan shug‘ullanadigan «Utan Kayu» jamiyatiga asos solgan. Ayni paytda u «Tempo» jurnalining bosh muharriri lavozimida va shu jamiyatda samarali ish olib bormoqda.

HAYDALISh

Zamin huzurida turarkan bandi
batamom osuda paytda dunyoga
so‘zsizlikdan kelgan Odam Ato – men
firdavs jannatining farzandi.

G‘ira-shira kezgan lahzalar
oppoq rangga aylanar tunda
kundalikdan bir-bir sirg‘alib
tusharkan begona sahfalar

Ertaga bir eshik ochilgay:
o‘sha tumanlikdan otar tong
asrning osuda kulgusi bilan
men ketib boraman hayu-hay.

Daraxtzor ichida chopgum tutoqib
Qushlaru bulutlar soyasi ila
Shoshaman, bu kunning erka nafasi
Tuyg‘ular ichiga kiradi oqib

(Biror narsa mavjudmi ayting
bir suyukli o‘g‘il
tark etgan
vatandan-da kamroq ishonchli)


AYVON

Bunda shamol esmaydi ortiq,
Ko‘k sirg‘alar. Tun olgaydir so‘z.
«O‘tinaman, oqshom tushdi, chiq,
Eshit, – deysan, – ana qichqiriq.»

Soz ruboiy kuylaydi ravon,
Ketib borar fursat va karvon
Ilk bo‘limning so‘zi tugamay
Kun qobig‘in topadi shu on.

O‘tmish yolg‘izligi xarobot
Va yo‘llarga hamohang derdim
Daraxtlar yax ulashgaydir bot
Bir kunlik maysalar ko‘kardi.


Kuz to‘rtliklari

I

Sovuqda boshlanar jarayon: tun barglarni tizar bir safga,
tayyorlanar o‘lim to‘shagi.
Kun bu yilni tugatar asta
ul tamoman o‘lgunga qadar.

II

Tez orada qazo qilar u,
bolalarni qirg‘oq tomon imlagan oftob.
Qolgani bir siyrak yomg‘irdir.
Ranglar ayqash-uyqash. Sen-chi tushunmay xunob.

III

Yilnomada mavsum turar gung.
Hatto meni zeriktirar ul.
Xazonlar ostida ko‘milar izlar
sokin, o‘zgarmas. Kuz buyukdir butkul.

IV

Qor – bu eng oxirgi yangilik.
Olis shivir, vaqtiy zamzama.
Endi ibodat yo‘q. Bilishga na kuch.
Bori bir xiralik, qoq jazirama.

A’zam Obidov tarjimasi