Shrikant Verma (1931-1986)

Shrikant Verma hind adabiyotining yirik vakillaridan hisoblanadi. U 1931 yil 18 sentyabrda Madxya-Pradesh shtatidagi Bilaspur shahrida tug‘ilgan. Murakkab va betakror ijodiy tadrijni boshdan kechirgan bu shoir, «Talvasa dostoni» (1963 yil) she’ri bilan o‘quvchilar va adabiy tanqidchilik e’tiboriga tushdi. «Majlislar uyi» (1973 yil) she’riy to‘plami esa unga katta shuhrat keltirdi.

HAMMAGA O‘XShAB

Men o‘zimni qanday tutdim,
hamma ayyuhannos ila
qichqirgan payti?
Men qichqirdim ular bilan teppa-teng —
qo‘rqdim,
hammaga o‘xshab.

Men o‘zimni qanday tutdim,
hamma qichqirganda:
«Musulmon Aziz — bu, dushman!» deb?
Shu ko‘p ovozning ichida
bor edi mening ham o‘tkir chinqirig‘im:
«Musulmon Aziz — bu, dushman!»

Men o‘zimni qanday tutdim,
u yoq bu yoqqa alanglab olib,
hamma deganida:
«Jim turgan ma’qul emasmi?»
Men ham takrorladim:
«Hamma gapirganini gapir.
Boshqasi haqda —
damingni chiqarma!»

Qichqirib bo‘ldik.
O‘ldirdik Azizni.
Tilni tishladik.
Endi-chi, hayron bo‘lib
hamma bir-biriga der:
«Qanday ro‘y berdi bu ish?»
Men ham takrorlayman hamma bilan
shu so‘zlarni.

BOBUR VA SAMARQAND

Bobur Samarqand yo‘lida,
Samarqand Bobur yo‘lida.

Cherikiga aylarak zug‘um
O‘n martacha so‘radi garchand:
«Uzoqdami hali Samarqand?»
Javob aytmas Boburga hech kim.

Olam yonar oftob ko‘zidan.
Ko‘kka o‘rlar chang bulutlari.
Samarqandga yo‘l topmas bari.
Shu-chun Bobur emas o‘zida —
Qahri kelgan haddan tashqari.

Qattiq-qattiq kishnar arg‘umoq.
To‘xtaydilar — suvga yetgan choq.
Bir el chiqdi. Odamlar aro
Yomon shov-shuv bo‘lgandi paydo.
Lekin so‘rar betoqat podsho…
«Ey do‘st, aziz Samarqand qayda?»

Unga boqmas to‘dadagilar,
Erga boqar hamma, boshi xam,
Bu el unga ne javob qilar?
Uchrashuvdan shodmas Bobur ham.

Kun ham qaytar qovurib bir qur.
«Qarang! Qarang! Ne buning siri?
Minoralar! — qichqirdi Bobur, —
Samarqandga yetdim oxiri!»

Lekin yolg‘on edi bu xabar.
To‘g‘ri so‘zni shunda el aytdi:
«Samarqanddan o‘tgansiz sahar,
Endi esa orqaga qayting!»

Samarqand Bobur yo‘lida,
Bobur Samarqand yo‘lida.

Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimalari.