Tkachom Poyil Rajivan (1959)

Hind shoiri, ocherknavis, Hindistonning Kerala shtatida 1959 yilda tug‘ilgan. Ingliz tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik unvonini olgach, u Nyu-Dehliga keladi va bir necha gazeta tahririyatlarida jurnalist bo‘lib ishlaydi. 1988 yilda u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kerala shtatiga qaytadi, unda Kalikat Universitetida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida rahbar lavozimiga ishga o‘tadi. Shoir ingliz va malayalam tillarida asarlar bitadi. Ingliz tilida Rajivanning ikki she’riy kitobi nashrdan chiqqan, shulardan “Kannaki” (2003) nomli kitobi 2003 yilda AQShda bosilgan, “Shundoq ketgan odam” (2004) esa “Eti buks” nashriyoti tomonidan Hindistonda chiqqan. Adibning malayalam tilida chop etilgan kitoblari sirasiga “Eshik” (1991), “Siyosiy strategiyalar” (2004), “Qumursqaga aylanganim kun” (2005) kiradi. Bundan tashqari, Rajivanning adabiyot va madaniyatga oid “O‘sha osmon, o‘sha yer” (2001) ocherklar to‘plami, “Yo‘qotilgan so‘z sinovida” (2006) kitoblari bor.

YoNISh

Yonayotgan ko‘chada
lovullagan uy
yonayotgan xona
yonib ochaman
yonayotgan eshikni

Olovli taxta o‘rniga
Yotib olaman
Yonib

Tun kulga do‘ndi
Taxta o‘rindiqmas
na eshik
yo xona
va na uy
ko‘cha

ro‘yi zaminda bir
yonayotgan
MEN

Ko‘llar

Boshni
dum deb
atasa bo‘lar

mushukni
kalamush

tunni
kun deya

uyquni
uyg‘onish

yig‘i
kulgudir

qamoq-chi
bo‘sh kenglik

simyog‘och
soyali daraxt

tobut-chi
beshik

faqat ko‘zlarni
hech qachon yopilmas
ko‘llar deb
yurma.

DARAXT

erga urug‘ misol
ko‘milgan
menman

maysa bo‘lib
ungan
sen o‘zing

bargday hazon bo‘lgan
to‘kilgan
bu – men

gulday quvonch ichra
qiqirlagan
sen

ildizlarday
erga suqilgan
menman

meva bo‘lib
tugilgan
o‘zing

yomg‘irlarda
ho‘l bo‘lgan
bu – men

quyoshda hurlikni
kuylagan
sensan

shamolda tentirab
azoblangan
men

oydinlarda
o‘y surgan
sensan

xochga mahkam
mixlangan
o‘zim

surat bitib
tirilgan
sensan.

UY

Erga tushib ketar
bitta tosh
va daf’atan aylanar polga
pol devorday ketar yoyilib
devordan tom o‘sib chiqadi

Tomning ustida
devordan tashqari
pol atrofida
toshdan quyida
buzib yuboraman men
bu uyni.

ShE’RIYaT YO‘Q ENDI

She’rlardan hech qachon bayoz tuzmangiz:
ularning o‘zlari kitobga kirsin:
«Sigir» nomli she’r
«Maysa» otlig‘ she’rni yeb qo‘yar,
«Yo‘lbars» esa quvlab yuradi
«Sigir»ni
«Yo‘lbars»ni-chi o‘ldirar
«Ovchi».

Hech qachon she’r o‘qimang:
Tilning boshqa bir qirg‘og‘iga
O‘tmoqlikdan ancha ilgari
«Er» otliq she’r cho‘kib ulgurar
«Dengiz» ichiga
«Olov» she’ri esa bir zumda
kulin ko‘kka sovurar «Uy»ning,
«Ona yurt»u
«Shahar»ni hatto.

Hech qachon she’r yozmang:
yozuvlarning qorong‘usida
savodsizdek qolgan tovushlar
uyg‘onib ketadi
boshi kesik, ko‘mib tashlangan
ishkal so‘zlar, siniq obrazlar
qo‘lga qurol olar to‘satdan
Mahabali so‘zlari qaytar
Nuqta belgisini
So‘roqlar so‘roq
qo‘riqchiga aylanar
undov belgisi.

Yozilmagan she’r la’natlagan
Kitob – alfavitlar tobuti
Chinqirib yuborar.

____________
(Mahabali – afsonaviy shoh, u xalqning barcha istaklarini bajo keltirgan)

A’zam Obidov tarjimasi