Jan de Lafonten (1621-1695)

Lafonten Jan de (Jean de La Fontaine, 1621.8.7, Shato—Terri, Shampan — 1695.13.4, Parij) — frantsuz shoiri, masalchi. Frantsiya akademiyasi a’zosi (1684 yildan).
Mashhur «Psixeya va Kupidonning muhabbati» (1669) qissasiga «Ming bir kecha» ertaklari hamda Apuley (miloddan avvvalgi 2-asr) ning «Metamorfozalar» asari asos bo‘lgan.
Lafontenning masal janridagi asarlari ko‘proq shuhrat qozongan. «She’riy ertak va hikoyalar» (1—5-kitoblar, 1665—85), «Masallar» (1-12-kitoblar, 1668—94) to‘plamlarida o‘tkir hajvchi, yirik mutafakkir, adabiyotda Uyg‘onish davri an’analarining davomchisi sifatida maydonga chikdi.
Uning antik davr, Yevropa hamda Sharq adabiyoti («Kalila va Dimna» va b.), shuningdek, xalq donishmandligidan ruhlanib yaratgan masallari zamonaviyligi, o‘tkir hajvi, tavsiflarning yorqinligi bilan jahon satirik adabiyoti xazinasini boyitdi.
O‘zbek va rus masalchiligi rivojida ham Lafonten ijodining muhim o‘rni bor. «Kosib va do‘kondor» masali o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1984).

MASALLAR

ERKAK, AYoL VA O‘G‘RI

Qachonlardir bir er bor edi,
Yorin sevib baxtiyor edi.
Faqat goho ezardi xayol —
Chunki uni sevmasdi ayol.
Bo‘lmasa-da, egrimi-yovuz,
Bu ayolning bag‘ri edi muz.
Bir tosh edi umrida xuddi,
O‘tdek yonmas edi vujudi
Goh-gohida o‘kinardi er —
Xotini ham sevsa netardi?
Uy bir bo‘lgach, yostiq bo‘lgach bir,
Nahot, bo‘lak ularning dardi?

Shu taxlitda ular hayoti
O‘zgarmasdan, ko‘p kunlar o‘tdi.
Bir kun erni qattiq ezdi g‘am,
Yurak-bag‘ri kuyib nihoyat —
Sevmaysan, deb yoriga shu dam
Dil-dilidan qildi shikoyat.
Kutmagan hol…
Ayni shu zamon,
Ochilgancha eshik nogahon —
O‘g‘ri uyga kirdi bostirib.
Xotin qo‘rqib, yo‘qotib o‘zin,
Titrab eri pinjiga kirib
Shivirladi: “Jonim, azizim!”
Buni ko‘rib, erga kirdi jon,
U o‘g‘riga dedi: “Oshnajon,
Yaxshi odam ekansan! Axir,
Menga sen baxt keltirding bu kun.
Olging kelsa uydan nimadir,
Olavergin! Ana, pul, tugun.
Istaganing olgin bemalol!”
O‘g‘ri uyni shipirdi halol…

Bu qissadan nima hissa bor?
Demoqchiman, qo‘rqishlik yomon.
Muhabbatga va lekin zinhor —
U yaratib bermaydi imkon.
Muhabbatdir o‘zgacha. Iymon.
U bo‘lolmas boshga tushgan qor!

Eshitganman, qay bir devona —
Quchsin, deya o‘zini yori
O‘t qo‘yibdi. Va o‘tdan xona,
Xonadagi jamiki bori
Kuyib bitgan bekordan-bekor.
Uni zarra sevgani yo‘q yor.
Bunday hollar doim muvaqqat,
Boshqa narsa, do‘stlar, muhabbat!

MAYMUN

Yashar edi Parijda maymun,
Uylantirib qo‘yishdi bir kun.
U ko‘rgandi… Egasi, bir er —
Xotinini qilib qora yer,
Urar edi erta-kech. Shundan,
To‘g‘ri qilib balki, deb, Odam —
O‘z qavmiga bizning maymun ham
Qo‘l ko‘tardi uylangan kundan.

Do‘pposlardi qattiq, vahshiyvor.
Xotini-chi? Qulab bemador
O‘lib qoldi kaltakdan bir kun…
Ikkinchi bor uylandi maymun.
Yana o‘sha, kibrli turar —
Xotinmi, bas, quturib urar…
Bu kun bizning, taqlid “dardi”dan
Qutulmagan yozuvchilar kam!
Biroq mundoq, deyish shartmikan? —
Qarshingdagi buyuk bo‘lsa ham…

DO‘KONDOR VA ETIKDO‘Z

Bir do‘kondor bo‘lar edi. Qasri-saroyda
Yashar edi. Ichgani bol, pichog‘i moyda.
Bazmi jamshid qurardi u ko‘rsang erta-kech,
Uning yiqqan mulki esa tugamasdi hech.
Dargohida to‘kin edi yemak ham, may ham,
Bu dargohni noz-ne’matda jannat desa kam.
Do‘kondorni qiynar edi na dard, na og‘riq,
Unga xudo bergan edi metindek sog‘liq.
Uni faqat…
qiynar edi birgina qayg‘u —
Tunlar aksar ko‘zlaridan qochardi uyqu.
Xo‘sh? Tinchini yo‘qotdi u nima balodan?
Qo‘rqadigan joyi bormi suvdan, olovdan?
Birov bilmas…
negadir u topmasdi orom,
Uning ruhi allaqanday bezovta mudom.
Goh tun bo‘yi mijja qoqmas. Nihoyat, sahar
Ko‘zi ketar va albatta, yangi dardisar —
Uxlashiga xalal berar… Boisin aytsak,
Yon qo‘shnisi ashulaga ishqiboz andak —
Yotoqxona oynasiga ro‘para oyna
Orqasida o‘tiradi etikdo‘z, ana.
U kambag‘al. Uy-maskani xaroba, biroq
Hech g‘ami yo‘q. Ilk sahardan o‘chguncha chiroq —
Ashulani avj pardadan tushirmaydi u,
Do‘kondorga kunduzi ham bermaydi uyqu.
Do‘kondor ko‘p o‘ylab yurdi: ne qilsa agar,
Betartib bu “vadavang”dan qolmaydi asar?
Janjallashsa, obro‘ ketar, bundan qilar or,
Iltimos-chi? Iltimos ham o‘tmaydi. Bekor!
Boshi qotdi…
izlab-topib aqalli bir so‘z,
chaqirtirdi u qo‘shnini.
Keldi etikdo‘z.
— Ishlar qalay? Salomatlik? Jon birodarim!
— Rahmat, xo‘jam, yomon emas mening ishlarim!
— Turmushing-chi, birodarim, aziz do‘stginam?
(Bunday paytda birov bo‘lmas marhamati kam!)
—Turmushim ham yomon emas, Xudoga shukur!
—Men kuzatdim, sen yashaysan xuddi tarang tor,
—Kayfiyating doim a’lo, mashqing jarangdor…
—Bunisi rost. Hayotimda halovat-huzur!
Kunim o‘tar mening mehnat bilan. Bilmayman tinim.
Bundan bo‘lak, yosh va dilkash mening xotinim.
Sizga aytsam, kimning bo‘lsa xotini dilkash,
Tunmi, kunmi bo‘lmas uning yuragida g‘ash.
—Topgan puling yetarlimi yashamoq uchun?
—O‘ylashimcha, o‘z haddini agar bilsa kim,
Bu dunyoda bo‘lmas unda ortiqcha chiqim.
—Demak, do‘stim, boy bo‘lishga mayling yo‘q bu kun!
—Mening uchun neki bordir qo‘limda, basdir,
Lekin, xo‘jam, odam zoti bemayl emasdir.
Bu dunyoda tartib shudir, odatda inson
Yasholmaydi qimirlamay, beg‘am-bearmon.
Sen badavlat bir kishisan. Ammo senga ham
Bilamanki, bor davlating ko‘rinadi kam.
Men ham bir oz boyroq bo‘lsam, qilmasdi ziyon.
—Barakalla. Gapni dangal aytding, birodar,
Hayot ekan! Birov boy-u, qashshoq birovlar.
Garchi derlar, kambag‘allik ayb emas, biroq
Odam uchun boy-badavlat bo‘lgan yaxshiroq!
Sen bor gapni gapirganing xush yoqdi menga,
Mana, senga bir xaltacha oltin. Mukofot.
Xudo qo‘llab, oradan ko‘p o‘tmasdan, senga —
Ishonaman, nasib etar to‘kin-tinch hayot!
Mana, sen ham boysan endi. Qo‘lingda oltin,
Ammo uni asrash kerak hammadan oldin.
Sovurmagin. Qara, bir kun bu besh yuz tanga
Ehtimolki, kerak paytda yaraydi senga…
Shundan keyin, do‘kondorga aytmay hech bir so‘z,
Oltin bilan o‘z uyiga ketdi etikdo‘z.
Xaltachani etagiga ehtiyot o‘rab,
O‘z-o‘zidan qo‘rqqanicha o‘ng-so‘lga qarab —
Uyga keldi.
Erga ko‘mdi oltinni shu dam,
Erga ko‘mdi oltin bilan…
o‘z tinchini ham!
Kuylamasdan qo‘ydi endi. Na zavq, na uyqu —
Bezovtalik balosiga duchor bo‘ldi u.
Tipirchilab, kundan-kunga quridi sho‘ri:
Uydan-uyga mushuk o‘tsa agar bemahal
Yoki tunda eshik-oyna g‘ijirlasa sal —
O‘ylardiki, kelayapti yovuz bir o‘g‘ri.
Qulog‘i ding. Boshi garang. Xayol parishon,
Har tomonga yuguradi, halqumida jon.
Xullas, turmush chiqdi izdan vahima bosib…

Kunlar o‘tib, hushin yig‘di nihoyat, kosib.
U oltinni yerdan olib, o‘rab etakka,
Kirib bordi, qo‘shnisini yana ko‘rmakka.
Do‘kondorga qaytib berdi mulkni etikdo‘z,
Miyig‘ida kulganicha so‘ngra qotdi so‘z:
— Rahmat, xo‘jam, oltin menga bo‘ldi dardisar,
Men oldinlar farog‘atda edim naqadar,
Kambag‘alga aslo to‘g‘ri kelmaskan oltin —
Meni tinch qo‘y, o‘zing uni yaxshisi olgin.
Menga bilgan ashula-yu
uyquga evaz —
Boshqa narsa bu dunyoda kerak ham emas!

Ruschadan Omon Muxtor tarjimalari