Xoja Faxriddin Ismatillo binni Mas’ud Ismat Buxoriy 15 asrning mashhur shoirlaridan. Ma’lumotlarga qaraganda 1365 yilda tug‘ilib, 1436 yilda vafot etgan. Asosan qasida, g‘azal, masnaviy va ruboiylar yozgan. Amir Temur o‘limidan keyin Samarqand taxtini egallagan Xalil Sulton (Temurning nabirasi, Mironshohning o‘g‘li. 1405—1409 yillarda Samarqandda hukmronlik qilgan.) saroyida — Samarqandda yashagan. Keyinchalik yana taxt uchun kurashlar boshlangach, shoir sargardonlikka uchraydi. Ulug‘bek hukmron bo‘lgach, Ismat Buxoriyni saroy xizmatiga taklif etadi. Lekin shoir uzlatni, darveshlar orasida bo‘lishni afzal ko‘rib taklifni qabul qilmaydi. Shoirning sakkiz ming baytdan iborat she’rlar devoni, «Ibrohim Adham» nomli masnaviysi ma’lum. Uning tasavvufiy ta’surotlar, sufiyona hissiyotlar bilan yo‘g‘rilgan she’rlari xalq orasida mashhur bo‘lgan. Hazrat Navoiy «Majolis un-nafois»da yozishicha: «Xoja Ismatullo Movarounnahr buzurgzodalaridandur. Zohir ilmin takmil qilg‘ondur. G‘oyat xushtab’lig‘idan o‘zin she’rg‘a mansub qilib devoni mashhur bo‘ldi. Va Xalil Sulton otig‘a yaxshi qasidalari bor. Bu matla’ Xojaningdurkim:
Dil kabobest k-az u sho‘r barangextaand,
Vaz namakdoni Xalilash namake rextaand.
Mazmuni: Yurak kabobdir undan sho‘r [g‘avg‘o] qo‘zg‘atganlar, chunki u yurakka Xalil (chin do‘st, demakdir) tuzdonidan tuz sepganlar.
Va Xalil Sulton ash’orining devoni ta’rifida rangin qasidasi bor. Matlai budurkim:
In bahri begaronki, jahonest dar barash,
G‘avvosi aqli kull nabarad pay ba gavharash.
Mazmuni: Bu bepoyon dengiz jahonlarni o‘z ichiga olgandir. Ilohiy aql g‘avvosi undan gavharni payqay olmaydi.
… Va Xojaning qabri Buxoroda o‘z hujrasidadur».
Xoja Ismat Buxoriy Buxoroda zullisonayn an’anasini boshlab berdi. U o‘zbek, fors, arab tillarida ijod qilgan. Devoni va o‘zbek tilida yozilgan «Ibrohim Adham» nomli asari bizgacha yetib kelgan.
G‘AZALLAR
* * *
Xurram erdim ul zamon, ko‘nglimda yore bor edi,
Yo‘llarida intizorim — shahriyore bor edi.
Garchi yuzlar sarg‘ayib, chekdim xazonday nolalar,
Shod edim, chunki, umidda navbahore bor edi
Ul sanamsiz garchi g‘am daryosi ichra g‘arq edim,
G‘am yemasdim — sohilida g‘amgusore bor edi.
Ey, raqib, hijronzada holiga kulma, negakim,
Menga ham bir payt seningdek e’tibore bor edi.
Yorga hamdam lahzalarda yo‘qdir ag‘yordin xatar,
Garchi gulga qayragan tig‘—qancha xore bor edi.
Eslasam yor yodi bul kun, vohki, qonlar ichkizar,
Ul shirin kunlar qayonda, guluzore bor edi.
Aylanib tuproqqa Ismat, eshigidan o‘tsa ham,
Kelmagay ko‘ngligakim, «bir xoksore bor edi».
* * *
Gul niqobin tortar erkan sho‘x sabo ayni sahar,
Xush erur soqiy labo-lab jomn may sunsa agar.
Soqiyo, tut jomi ishrat, aylasin mast har nafas,
Lola hasratdan qadahga to‘ldirar xuni jigar.
Sharbati vasling qoshida beqadr obi hayot,
Lazzati la’lingni totgan istamas qandu shakar.
Shohi gullar ko‘ylagin yirtar nasimning dastidan,
Yor labidan may simirgay parda yirtgan g‘unchalar.
Baxtli uldirki, xirom aylab, nigohidan shu on —
Bir tabassum hadya birla sarvqad etsa guzar.
Sobitu sayyora ayshda, mutribo, lutf aylagil,
Nag‘ma chalkim, dildan o‘chsin zangi zahmat sarbasar.
Ahli dilga rohati jon baxsh etar xushbo‘y bahor,
Ishq talabgorin eltgay yor sari bodi sahar.
Yondirar mutrib navosi ud kabi oshiq dilin,
Boda aylar jismu jonni borligidan bexabar.
Mastligingda topding, Ismat, suhbati ahli kamol,
Boq bu dam soqiy ko‘ziga, yo‘qsa umring besamar.
* * *
G‘amzadin gar o‘q otarsan, siynamda pinhom aylaram, —
Goh jigardan suv berarman, goh hamdami jon aylaram„
Har dam xayoling qoshiga dilni kaboblar aylabon,
Istasam jon xilvatida tunda mehmon aylaram.
Ingranardi qalb alamda, bir yo‘la qon ayladim,
Tobakay vasling umidin sabri darmon aylaram.
G‘amlaring sirin hanuz dilda saqlardim nihon,
Bari fosh bo‘ldi butun, qandoqki pinhon aylaram?
Gar yurak ovora men deb, bo‘lay poyida xok,
Yaxshi —bu, to bir umr jonimni sarson aylaram.
Yo rab, ruhidan ber to‘zim sargashta dilga, o‘zni men —
Tokay ko‘ziyu zulfidek mastu parishon aylaram.
Qiynalur Ismat uzolmay jon ruhing hijronidan,
Aylasang oson uni sen, men ham oson aylaram.
* * *
Rang berar yoqutga ham ul labi xandoning sening,
Ta’m berar shakarga ham la’li suhandoning sening.
Yo‘q durur huru malakda sendagi nozuk badan,
Sendagi bu qadu qomat, chashmi fattoning sening.
Yo Yusufdan qarzgami hadya etilgan, vo ajab,
Bu qadar husnu malohat jonbaxshu pinhoniig sening.
O‘ldirar shavqqa etib g‘arq meni hijron tunlari,
Aylabon xurshidni tutqun choki giriboning sening.
Istagay Ismat yo‘lingda xoki poying bo‘lsa kosh,
Toki o‘tsa ustidan qaddi xiromoning sening.
* * *
Zy hajr, rahm aylakim, yordin yiroq o‘ldirmagil,
Gar o‘zim loyiq o‘limga, zorim biroq o‘ldirmagil.
Mayli tig‘ urgilu o‘ldir yuz dilozorlik ila,
Mahrumi vasl aylabon jonda firoq o‘ldirmagil.
Gar ravo ko‘rsang o‘limni, o‘ldir meni o‘z oldima,
Illo ag‘yor oldnda xor, boishtiyoq o‘ldirmagil.
Qiynab o‘ldir, roziman, lek, o‘zligim qoldir menga,
Bulbuli sargashtani guldan uzoq o‘ldirmagil.
Ismating o‘ldirma, yo rab, shum balolar o‘qidin,
Ki aziz aylab o‘zing, xor, beso‘roq o‘ldirmagil.
* * *
Oqibat ko‘yingda, ey nomehribon, keldik yana,
Sen ila payvast kabi ikki jahon, keldik yana.
Misli bulbul biz xazon ichra yurib sargasht, hazin„.
Chun bahor kelgach chamanga gulfishon, keldnk yana.
Qayda bo‘lsak muhri mehrnng ko‘ksimizda bor edi,
Boq, hanuz hamroh o‘shal muhru nishon, keldik yana.
To qiyomat xoki poying ko‘zimizga to‘tiyo,
Haydama ostonadankim, bag‘ri qon keldik yana.
Garchi yurdik qancha yurtda, go‘yo sargashta sabo,
Eshigingga bosh urib, xor, notavon keldik yana.
Misli Ismat garchi biz zohidu porso edik,
Qo‘rqmayin mayxona sori zamon keldik yana.
* * *
Ey, senki, poymol aylagan rasmi ravoni,
Etdingmi faromush ishqingga mubtaloni.
Men-ku judo bo‘ldim oyoqdin, boshdin xabar yo‘q,
Ne bo‘lg‘ay, yod aylasang mendek besaru poni.
Tun zulmatida zohir erur xurshid ziyosi,
Orazdan surib qo‘ysang agar zulfi qaroni.
Band-bandin ochib, kokullaring mushkini yoysang,
Davrangda birov hidlamagay mushki xitoni.
Qoshingga ko‘zi tushsa agar bir bor, sarmast,
Mastlikdan boshiga yog‘diradi bori baloni.
Mehringni tuyub, gar boshini cho‘zmasa sabza,
Tan olmas ko‘ngul xosiyatin mehrigiyoni.
Vasling etagin tutmoq uchun qildim duolar,
Yo‘qmi, magar, endi asari shuncha duoni.
Ismat, raqiblar gapiga aylama parvo,
Ki, rizqdin judo qildi qachon itlar gardoni?
* * *
Ketur boda, ki fasli bahor keladur,
Chamandin yor hidi yanglig‘ ifor keladur.
Magar may jomidin suv ichdi chamanzor,
Ki, lola yuzi ol, ko‘zi xumor keladur.
Qo‘nib zulfing uza lof urgan binafsha,
Bu lahza o‘z lofidin sharmisor keladur.
Sabo zulfing sari esib har tun bo‘stondin,
Har tong biz tomonga mushkbor keladur.
Bu mushkin olamda, magar, sayr etdi nasim,
Ki, yana oshuftavu beqaror keladur.
Labing lazzatidin gar hadislar so‘ylasam,
Tilimga so‘z gavhari sho‘lavor keladur.
Xotirang ummoni mavjlansa, shu dam, Ismat,
Sargasht kemalaring sohilga qator keladur.
* * *
Garchi jon qasdidadursan, maqsadi dil ham o‘zing,
Zor o‘ldirsang ham vale orzudagi malham o‘zing.
Qabrim uzra har kuni kelsang ziyorat etgali,
Meni boz turg‘izgali jismimga xos mahram o‘zing.
Gohida o‘ldirganing sori qilarkansan xirom,
Qismati sho‘r yozig‘ida tolei bekam o‘zing.
Labi shirin shakaring xandasidan jon topsam,
Chashmi xunxoringdan omon asragan qal’am o‘zing.
Ismatiig qonin ichib sen, bo‘lmagin qosidi dil,
Ki ajal kin solsa boshga, boshdagi hamdam o‘zing,
* * *
Yuzini ko‘rdimu diydoridin umrim fuzun bo‘ldi,
Tozargay, qayta ko‘rgach, jon, umidga shu sutun bo‘ldi.
Agar bemor yashash zavqin tilarkan yor xayolidin,
Ajalga ming shukur aytsin, ki jon oson zabun bo‘ldi,
Vujudi notavon darddan, uning ranji menga ko‘chgan,
Tani jon ranjidan majruh, mening ohim tutun bo‘ldi,
Agar mendan bo‘lak bulbul qo‘nar bo‘lsa bu gulzorga,
Kuyib otashli ohimdan paru boli kukun bo‘ldi.
Hajr tig‘i bila har dam so‘yar Ismatni sho‘x qotil,
Vale boz suhbatin tinglab, hayotim bus-butun bo‘ldi,
RUBOIYLAR
* * *
Dedim: — Mening dilim, dedi: — Biz sabab qondir,
Dedim: — Jigarim, dedi: — Biz sabab biyrondir.
Dedim: — Qonimri to‘k, dedi: — Ketgin yo‘lingga,
Kimki bizga qaram, unga erk zhsondir.
* * *
Shodligim boisi — sening g‘aming, yor,
G‘aming mangulikdan azizroq ming bor.
G‘amlaring dilimga husningdan mudom —
Tilsizlik tilida roz qilar izhor.
* * *
Jabring xushdurur barchaning vafosidan,
Dashnoming yaxshiroq barchaning duosidan.
Lutf aylab, asragil — bizga begonalik,
Barcha begonaga oshnolik balosidan.
* * *
Oshiqlik binosin etguncha bunyod,
Yuz obod binoni etdik noobod.
G‘oratgar husn uchun gadodirmiz, lek,
Ishq uchun yuz ganjni ayladik barbod.
* * *
Agar hushyor esang, o‘tganni unut,
Agar oshiq esang, jon-tanni unut.
Zamon g‘am-shodligi o‘tkinchidir, bil,
May ichu kelmagan ertangni unut.
* * *
Ey sen, boyligidan boshi ko‘kda, puldor,
Izzat tilasang, tilama birovga ozor.
Ming tig‘i siyosat alam sololmas sencha,
Sen solgan alamga chora topolmas nochor.
* * *
Kim g‘urur uyqusini tark etmagay,
Ishqni hamdam, yorni mahram tutmagay.
Har dilki ishq sog‘aridan ichsa bir bor,
Ikki dunyo kayfi zinhor bitmagay.
* * *
Ketdingu ko‘zim giryadan xunbor qoldim,
Dil o‘tgayu jon hajrga giriftor qoldim„
Chorlashdi meni ko‘plar safarga, ammo,
Uyimda, g‘aming bo‘ldiyu bir dor, qoldim.
* * *
Kimningkim qo‘lida ishrat chirog‘i,
Bir kuni kul qilar ofat qiynog‘i.
Loyiqmas dardingga osuda — dillar,
Oshiqlar rohati — ishqning firog‘i.
Samandar Vohidov tarjimalari