Abdurahmon Mushfiqiy (ابدوررحمآني موشفيقي) XVI asrning ikkinchi yarmida yashab, ijod etgan shoir. U 1538 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ota-onasidan barvaqt ajralgan shoir darbadarlikda kun o‘tkazib, hayotning barcha azobu uqubatlarini boshdan kechirgan. Buxorolik bir hunarmand xizmatida bo‘lib, o‘sha insonning marhamati bilan maktabga kirib savod o‘rgangan. So‘ng madrasada tahsil olgan. Madrasada o‘qirkan, bilimlarni o‘rganish bilan birga, she’riyat bilan astoydil shug‘ullangan. Uning dastlabki ijodiyotida hajvga moyillik ustun bo‘ldi. O‘z davridagi, o‘zi ko‘rgan, his etgan zamona nosozligini, inson tabiatidagi qusurlarni o‘tkir hajv bilan qalamga oldi. Xalq orasida keyinchalik Mushfiqiy yoki mulla Mushfiqiy nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan bu ajoyib yurtdoshimiz o‘z asarlarini tojik tilida yaratdi.
Mushfiqiy boy adabiy meros qoldirgan. Shoirning hajviyot, g‘azal va qasidalari uning «Devoni mutoyibot», «Devoni g‘azaliyot», «Devoni qasoid», «101 tugun» (Sadu yak buvad) kabi asarlarida jamlangan.
Mushfiqiy 1588 yilda Buxoro shahrida vafot etgan.
MEROS TAQSIMI
(Hajviyadan parcha)
Bobom motamin xarji, singiljon, senga bo‘lur,
Sabr mengayu… chop-chop, oh-afg‘on senga bo‘lur.
Ombor to‘la g‘allasi menga tegishdir albat,
Dalada qolgan xashak, xas-somon senga bo‘lur.
Bobomdan qolgan tanbur menikidir shubhasiz,
Undan chiqqan tarona, avj-ilhon senga bo‘lur.
Bobomning bor uy ichi menga nasib aylagay,
Sochilgan eski tasbeh va marjon senga bo‘lur.
Bobom o‘ragan dastor, jomayu fo‘ta – menga,
Betoqatlikda bo‘lmoq andarmon senga bo‘lur.
Kaftgir, qozon, qozoncha bobomdan menga meros,
Buzilgan o‘choq-tandir va mo‘rkon senga bo‘lur.
Tanga to‘la hamyon ham menga atalgani rost,
Tangadan chiqqan jarang – shavqi jon senga bo‘lur.
Barcha gilamu qolin bobomdan menga hadya,
Titilib ketgan bo‘yra armug‘on senga bo‘lur.
Hovli sahnidan tortib tomgacha joy – meniki,
Tomdan Surayyogacha bor osmon senga bo‘lur.
Bobom dafniga elni yo‘llamoq – mening ishim,
Kafanu ko‘mish g‘ami bearmon senga bo‘lur.
Bobom qabrin ziyorat etmoq mening burchimdir,
Chalpak pishirmoq, yoymoq dasturxon senga bo‘lur.
AGAR BO‘LSAM SALOMAT
Muroding o‘ldirishmi meni, ey sarv qomat,
O‘ldirsang bugun o‘ldir, ertan bo‘lur qiyomat.
Har bargki turbatimning giyohinda ko‘ringay,
Ishqni inkor etganga bo‘lgay sangi malomat.
Agarchi yig‘lar esam, dunyoda qalqir to‘fon,
Har bitta gardim aro yotgaydir ming nadomat.
Musofirlik balosi bizni mustamand etdi,
Yor yuzini ko‘rgayman agar bo‘lsam salomat.
Yo‘lingdadir ko‘zlarim, har lahza ming intizor,
Ey, sabo, yor gardini yetkaz aylab karomat.
Ushbu falak ostinda mo‘jizalar ko‘p bo‘lur,
Mushfiqiy ham ne ajab ishqda qilsa iqomat.
ETMA MENI BEQAROR
Kunlarim tundek qaro husning charog‘isiz, yor,
Agar xato gapirsam, ul o‘tda yonay zinhor.
Mayli, meni o‘rtayver, istaganingcha yondir,
Mayli, bu tang dilimni etgil yana tangu tor.
Siynamni alam tiyg‘i bilan chok-chok etding,
Firoqing otashinda bo‘layin mangu abgor.
Qalbimizning fonusi xiyra tortibdir obdon,
Zulmat kechamni yorit, shu’langga jon intizor.
Mushfiqiyman, oyog‘ing ostida xoki poying,
Bundan bo‘lak bir joyda etma meni beqaror.
NARGIS KO‘ZIDAN KO‘NGIL
Nargis ko‘zidan ko‘ngil mastona bo‘ldi oxir,
Avval hushyor ediyu devona bo‘ldi oxir.
Majlisda yel esdiyu sham shu’lasi egildi,
Ul shu’laga dil kuyuk parvona bo‘ldi oxir.
Ul sho‘xga umrim bo‘yi vafo namoyon etdim,
Ul esa ne boisdan begona bo‘ldi oxir?
Sening ishqingda, ey yor, dardimni pinhon tutib,
Xalq orasinda nomim afsona bo‘ldi oxir.
Ul g‘izol ko‘zlaringki, meni devona etdi,
Majnun kabi maskanim vayrona bo‘ldi oxir.
Mushfiqiy dili harchand Ka’badin izlab nishon,
Zebo suvrating ko‘rib butxona bo‘ldi oxir.
JONIM GULShANI, EY YoR
Jonim gulshani, ey yor, senga ostona bo‘lsin,
Unda ochilgan har gul itingga xona bo‘lsin.
Mayli, butkul bul tanim, jamiyki ustuxonim
Jabring o‘qiga hardam aniq nishona bo‘lsin.
Bitta vafo o‘rniga minglab jafo qilursan,
Mayli, buncha sitamlar menga to‘yona bo‘lsin.
Ul sarv qaddim tomon bormoqqa haddimiz yo‘q,
Ey qumri, mayli, senga unda oshyona bo‘lsin.
Saltanati husn ila, mayli necha jabr et,
Chunki davringdir sening, senga zamona bo‘lsin.
Mushfiqiyning qalami o‘t oldi, kuydi birdan,
Seni ta’rif aylarda… mayli, yaksona bo‘lsin.
MUTRIB KEChA HUSNINGNI
Mutrib kecha husningni taronayi soz etdi,
Jamoling sham’i sari ko‘ngillar parvoz etdi.
Qoshlaringni yosidan mehrob ham xijil o‘lib,
Imom uni ko‘riboq taqvoyu nomoz etdi.
Dedimki, har nozingga ming jonni sadqa aylay,
Bul so‘zimga ko‘z suzib, ishva bilan noz etdi.
Men kimu senga buncha tamanno izhor etsam,
Har imongga ming jonlar borlig‘in niyoz etdi.
Visol bahori ketib, boshlandi fasli xazon,
Iztirobimni hijron tuni ko‘p daroz etdi.
Mushfiqiy, itlaringga sadqa etsam boshimni,
Ahli vafo lol bo‘lib, meni sarfaroz etdi.
MEHRIBON BO‘LMADI
Mehrsiz oy yuzligim hech mehribon bo‘lmadi,
Rahmu shafqatni bilmas, oromi jon bo‘lmadi.
Ohim dudidan kulbam qorong‘u zulmat bo‘ldi,
Ko‘rib tursa-da, bir tun bizga mehmon bo‘lmadi.
Yorni ko‘zimga joylab, qalbimga naqsh ayladim,
Vale ul yor bir lahza bir hamzabon bo‘lmadi.
Ohu nolam eshitib, uyqudan ko‘z ochmadi,
Baxti qaro ekanman, menga oson bo‘lmadi.
Yillarki yodi birla o‘rtanib bo‘ldim ado,
Ogoh bo‘lmadi mutlaq, dilga darmon bo‘lmadi.
Mushfiqiyman, itlari oldida ham qadri yo‘q,
Mehru shafqatdan bizga aslo nishon bo‘lmadi.
HUSNI NEChOG‘LIK ORTSA
Husni ne chog‘lik ortsa, men shuncha zor bo‘lurman,
Ul qancha e’zoz topsa, men shuncha xor bo‘lurman.
Dardimga chora istab qaysi tomonga bormay,
Tobora dardim ortib, beixtiyor bo‘lurman.
Bu turfa g‘amlar aro bemor bo‘libman andoq,
Qancha parhez etmayin, shuncha bemor bo‘lurman.
Firoqida ko‘z yoshim daryodek to‘lqin otdi,
Yana necha to‘fonga albat duchor bo‘lurman.
Muhabbat ko‘chasinda jafokash bir oshiqman,
Qancha alam tortmayin, lek vafodor bo‘lurman.
Dardimga davo istab Ka’ba sari yo‘l olsam,
Qancha ibodat etmay, ko‘p gunohkor bo‘lurman.
Bul hajr to‘fonida Mushfiqiy gum bo‘lgaydir,
Yana vaslin izlashga men talabgor bo‘lurman.
BOVAR QILABILMAS
Tarki jafo menga sitamgar qilabilmas,
Jon bersam o‘shal labgaki, bovar qilabilmas.
Ishq yo‘lida jonni berur ahli muhabbat,
Hech oshiq buni menga barobar qilabilmas.
Ul ikki ko‘zi menga behad jabrlar etdi,
Bul jabru jafoni pari paykar qilabilmas.
Oshiq dilini sho‘xi sanam lolazor etdi,
Hech ma’shuqa bu ishni muqarrar qilabilmas.
Mayli ko‘zim ko‘r bo‘libon ko‘rmasin elni,
Bul boshim iting xizmatini gar qilabilmas.
Xo‘blarga boqib ko‘z yoshimiz daryodek oqdi,
Shodlik degani bir lahza nazar qilabilmas.
Mushfiqiy umrin hosili bo‘ldi go‘zal yor,
Bundan-da ulug‘ baxtni muyassar qilabilmas.
QAYSI TOMON BORURSAN
Ey, sarvinoz, qay tomon urib javlon borursan?
Men o‘zimdan ketyapman, sen-chi, qayon borursan?
Ko‘ksimni chok-chok aylab, intilurman yoningga,
Sen beparvo, tong yeli yanglig‘ ravon borursan.
Ko‘z yoshlarim shashqator oqayotir betinim,
Deyman, sen ham yor tomon ko‘p farovon borursan.
Oshufta nasim bo‘lib yoki sargashta sabo,
Sunbul bo‘yin taratib, sho‘xu shodon borursan.
Hayrat ichinda, ey dil, oh urarsan ustma-ust,
Yor jamolin ko‘rgali oshib dovon borursan.
Sensiz bu Mushfiqiyning dili har lahza qondir,
Shafqat istabmi yordan, ey dil, nolon borursan?
BIR KUNGINA KEL DESAM
Noz qilib, men tomonga ul yor bir kelmaydir,
Boshqalar ko‘p kelaru ammo nigor kelmaydir.
Tolei yo‘q oshiqman, boqmas dilorom qiyo,
Bir kungina kel desam, oyda bir bor kelmaydir.
Ul sho‘x jonim balosi, nigoron aylar mudom,
Hech bo‘lmasa balodek bir bor duchor kelmaydir.
Dunyo go‘zallarining shohidir ul dilorom,
Yo‘qlab bir oqshomgina bedor bir kelmaydir.
Jonim og‘zimga keldi zulmi iztirobinda,
Kulbamni etib obod gulzor bir kelmaydir.
Toki tirik ekanman, ahdimda barqarorman,
Tilimda yo‘q boshqa nom, zinhor bir kelmaydir.
Mushfiqiy bu ishq aro kiydi balo libosin,
Bul kiyim unga g‘oyat tangu tor, bir kelmaydir.
NA XUSh DAVLATKI
Na xush davlatki, har tun dildorni tushda ko‘rsam,
Shod uyg‘onurman har tong ul yorni tushda ko‘rsam.
Tonglar gulistonidir chehrang, oyo go‘zalim,
Nasim bo‘lay bog‘ingda, gulzorni tushda ko‘rsam.
To jonim bor oyog‘ing izlarini izlagum,
Har ko‘yga kirgayman sho‘x raftorni tushda ko‘rsam.
Sho‘xi sitamkor erur, xo‘blar aro berahm,
Jon olg‘uvchi ul ko‘zi makkorni tushda ko‘rsam.
Zulfingni bir tolasin qo‘lda tutmoq umidim,
Ammo qo‘rqib keturman ozorni tushda ko‘rsam.
Ko‘z yoshlarim mavjlari balo to‘lqini yanglig‘,
Emirgay seni to‘sgan devorni tushda ko‘rsam.
G‘am tuni albat o‘tgay, shamingni yoq, Mushfiqiy,
Tonggacha og‘ir bo‘lgay, nigorni tushda ko‘rsam.
DILIMNI BIR NAFAS
Dilimni bir nafas xurramu shod ko‘rmadim,
G‘am changalidan o‘zni lahza ozod ko‘rmadim.
G‘am chekmasang, deydilar, bo‘lmassan manzilobod,
G‘am chekdimu ammo dil uyin obod ko‘rmadim.
Zamonaning zulmidan nolalar urdim, vale
Jahon elida bundoq oh-faryod ko‘rmadim.
Oshiq bo‘lib sabr uyin tiklay dedimu, ammo
Umr o‘tib, bu binoni aslo bunyod ko‘rmadim.
Zohid xilvatgohiga yo‘l tutay dedim, lekin
Bu yo‘lda ham ko‘ngilga lahza najod ko‘rmadim.
Ishqing o‘ti qalb uyin andoqki etdi barbod,
Zamon elida bundoq zulmu bedod ko‘rmadim.
Mushfiqiy, ishq ayshining ne bo‘lurin bilmadim,
Bu yo‘lda hosil o‘lgan maqsud-murod ko‘rmadim.
Forschadan Jumaniyoz Jabborov tarjimalari