Sayyid Imodiddin Nasimiy (عمادالدین نسیمی; İmadəddin Nəsimi) Ozarbayjonning Shirvon viloyati Shamohi shahrida tug‘ilgan. Asli ismi — Ali, laqabi — Imodiddin. U o‘z davriga nisbatan mukammal tahsil ko‘rgan: fors, arab tillari va adabiyotini chuqur o‘rgangan. Bundan tashqari, mshggiq, riyoziyot, tabiat va astronomiya fanlarini o‘zlashtirgan.
Mashhur so‘fiy va avliyo Mansur Hallojga kuchli e’tiqod qo‘yib, o‘zini uning haroratli shogirdi hisoblaganidan ilk she’rlarini Husayniy taxallusi bilan yozadi. Chunki Mansurning ismi Husayn bo‘lib, uning tariqati ham husayniya yoki hallojiya nomi bilan mashxurdir. XIV asrda Ozarbayjonda tasavvufdan o‘sib chiqqan hurufiylik oqimi keng yoyilib, unda inson omili muhim o‘rin tutadi: inson, uning erki ulug‘lanadi; insonga ilohiy quvvatning zuhuri va tajassumi sifatida qaraladi. Hurufiylik tariqatining asoschisi, mashhur shoir va mutafakkir Fazlulloh Naimiy 1394 yili Shirvonga keladi va Imodiddin bilan uchrashadi. Uning hurufiylik qarashlari yosh shoirga kuchli ta’sir qiladi va uni qabul etib, Fazlullohni o‘ziga murshid biladi. Naimiyga hamohang Nasimiy taxallusini oladi.
Ilg‘or fikrli kishilar ta’qib ostiga olinib, Naimiy Mironshoh tomonidan qatl, Qosim Anvor Shohruh tarafidan surgun qilingach, ham o‘zini qutqarish, ham hurufiylik g‘oyalarini keng yoyish maqsadida Nasimiy Ozarbayjondan chiqib ketadi. U Bag‘dod, Onado‘li, Tokat, Bursa va boshqa joylarda yashaydi, nihoyat Halabda qaror topadi. Misr sultoni Muayyaddin Nasimiyni dahriylikda ayblab, uning tiriklayin terisini shildiradi. O‘z ta’biri bilan aytganda, «so‘zning dodini bergan» isyonkor va hassos shoir Nasimiy ilk bor ozarbayjon tilida ijod qilgani, ozarbayjon adabiy tilini xalq jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirgani bilan ozarbayjon adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. U Hasan o‘g‘li va Qozi Burhoniddindan keyin ozarbayjon tilida yaratilgan she’riyatning buyuk ustodlaridandir.
Nasimiy fors tilida ham qalam tebratgan bo‘lib, uning forsiy ijodi Eronda alohida to‘plam holida nashr etilgan.
Nasimiyni dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bilishadi va asarlarini sevib o‘qishadi. Turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbeklarning esa u o‘z shoiri hisoblanadi. Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab va boshqa o‘zbek shoirlari uning shaxsi va ijodiga yuksak ehtirom bilan qaraganlar. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da uni turkiy mashoyixlar qatorida zikr etib, «Rumiy va turkmoniy til bilan nazm aytibdur va nazmida haqoyiq va maorif batoyat ko‘p mundarijdur. Mazkur bo‘lg‘on ahlig‘a aning she’ri muqobalasida hamonoki she’r yo‘qdur», — deb lutf etsa, «Holoti Pahlavon Muhammad» asarida «Sayyid Nasimiyning nazmi o‘zga rang tushubdur, zohir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur», — deb yozadi. Darhaqiqat, u ko‘proq diniy-tasavvufiy mavzularni qalamga olib, o‘zi mansub hurufiylik toyalarini ulug‘laydi.
Nasimiy o‘z fikr-o‘ylari, tuyg‘u-kechinmalarini xalqona sodda uslubda bayon qiladi. Shuning uchun ham shoir she’rlari qo‘ngilga yaqin. Bu she’rlar bir qarashda oddiy, sodda bo‘lib ko‘rinsa-da, lekin mazmunan teran va badiiy yuksak.
Nasimiy ozarbayjon adabiyoti tarixida mardlik, jasorat, qahramonlik timsoli sifatida shuhrat qozongan.
O‘zbek tilida Nasimiyning Mirtemir, Xolid Rasul va Asqar Qosimovlar ozarbayjonchadan tarjima qilgan mo‘jazgina she’rlar to‘plami bosilib chiqqan.
RUBOIYLAR
1
Din ilmini bilsa kim shariat shuldir,
Gar qo‘shsa amal bilan tariqat shuldir.
Kim ilmu amalni Haq rizosin istab,
Ixlos ila jam etsa, haqiqat shuldir.
2
Ey, va’dani ko‘p qilding-u, yo‘q zarra vafo,
Ko‘rmaydi bu shevani vafo ahli ravo.
Mayxona tavofidan biror naf’ bormi?
Din va shijoat bo‘lmasa, yo‘q sidqu safo.
3
Soqiy, bu kecha berma menga o‘zga sharob,
Xummor ko‘zing qildi meni mastu xarob.
Ko‘zimni qorachiqlari tark ayladilar,
Shundan bu kecha hamnafasim otashu ob.
4
Shu mulki olam ichida mavjud U,
Har ikki jahonda maqsadu maqsud U.
To bo‘lmas ekan e’tiqod uyi vayron,
Men fosh qilaman: sening uchun ma’bud U.
5
Men mazhari nutqu nutqi Haq zotim erur,
Shu ikki jahonda mening isbotim erur.
Tonggidan azalning to abad shomigacha
Har narsa vujudga kelsa, zarrotim erur.
6
To bo‘lmas ekan o‘zlikdan foniyu fard,
Butkul yuvilib ketmas ko‘ngildagi gard.
Bo‘l nafsu havodan-u jahondan ozod,
Qoch turfa yomonlikdan agar bo‘lsang mard.
7
Dil dardisiz yetmaydi kishi darmonga,
Xaq jazbasi bo‘lmay, yetmagay Rahmonga.
Yuzing seni Xaq rahmatining ko‘zgusidir,
Etmas uni kim anglamasa Qur’onga.
8
Ul nuqtaki, markazi jahondir — sensan,
Ul qatraki, asli kun-fayakondir — censan,
Ul ismki, zotdan nishondir — sensan,
Ul harfki, ismi bebayondir — sensan.
9
Menman lomakon ganji — makonga sig‘mam!
Yuksak bu ruhim — jism ila jonga sig‘mam!
Insondagi bor vahmu xayol menda esa,
Bosmas vahima, aqli ayonga sig‘mam!
Ergash Ochilov tarjimalari
G‘AZALLAR
Jonimni yondirdi hijron, Ey Nigorim, qaydasan?!
Ko‘zlarim nuri, ikki olamda yorim, qaydasan?!
Bag‘rimni qon ayladi, achchiq, firog‘ing, kel, yetish,
Ey labi hasrat, sharobi hush quyorim, qaydasan?!
Sabrimni yag‘moladi jushqin, qarorim qolmadi,
Ey, manim oromim, ey sabru-qarorim, Qaydasan?!
Ayladi ishqing mani qalqon, malomat pirima,
Ey qoshi-ko‘zi yolg‘onchi shaxriyorim, qaydasan?!
Ey, uzun shamingdan yiroq tushmisham parvonadek,
Yonaman layli-nahor, ey nuri-norim, qaydasan?!
Ilondek yubor soching bo‘yini manga har subhdan,
Shanki yondi, ketdi haddan intizorim, qaydasan?!
Sandan o‘zga ko‘nglima yo‘qdir vafoli yoru-do‘st,
Ey safosiz, husni komil yodigorim, qaydasan?!
Yor uchun har ko‘chada ming bir bo‘lur dushman manga,
Ey savodi-a’zami mahram hojarim qaydasan?!
Chun Nasimiydir bu kun ayyomi-ishqing sarvari,
Ey shakar lab, yori-shirin ro‘zg‘orim, qaydasan?!
AYLAMAYMAN
Sani san avliyoni man sanga tan aylamadim,
Sanda ruhim san esa, man manlik aylamadim.
Chekarman, har na qadar zulming o‘la ham nozini,
Yolg‘izlik suvratini lahzaga shan aylamadim.
Hajr yoshini bilaman, kelsa oting, shod bo‘laman,
Siynamni har kelganga gulli chaman aylamadim.
Sevmasam tinmas edim, sevgidir ohim, omonim,
Sevgisiz jismimni ham dilsiz o‘tin aylamadim.
Tog‘lar o‘g‘li, deydilar: yorim bunday, jannatga ket,
Do‘naman, usiz bo‘lgan mulki Vatan aylamadim.
Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi
* * *
Marhabo, xush kelding, ey ruhi-ravonim, marhabo,
Ey shakarlab yori-shirin, lomakonim, marhabo.
Chun labing jomi-Jam bo‘ldi nafhayi Ruh-ul-quddus,
Ey jamilim, ey jamolim, bahru konim, marhabo.
Ko‘nglima hech sandan o‘zga kimsa loyiq ko‘rmadim,
Suratim, aqlim, ug‘ulim, jismu jonim, marhabo.
Ey malak suratli dilbar, jon fidodir yo‘linga,
Chun deding lahmiga lahmi, qona qonim, marhabo.
Keldi yorim noz ila, so‘rdi, Nasimiy, qalaysan,
Marhabo, xush kelding, ey xirdadahonim, marhabo.
* * *
Nigorim, dilbarim, yorim, anisim, munisim, jonim,
Rafiqim, hamdamim, umrim, ravonim, dardga darmonim.
Shohim, mohim, dilaromim, hayotim, borlig‘im, ruhim,
Panohim, maqsadim, maylim, murodim, sarvarim, xonim.
Qamarchehram, pariro‘yim, zarifim, sho‘ximu shanim,
Samanbo‘yim, gulandomim, sahisarvi-gulistonim.
Latifim, nozikim, xubim, habibim, turfa mazbubim,
Hijozim, Qa’bayu Turim, behishtim, huru rizvonim.
Gulim, rayhonim, ashchorim, abirim, anbarim, udim,
Durim, marvaridim, konim, aqiqim, la’lu marjonim.
Dilafro‘zim, vafodorim, jigarso‘zim, jafokorim,
Xudovandim, jahondorim, amirim, shohu sultonim.
Chirog‘im, sha’mimu nurim, ziyomu yulduzim, shamsim,
Hazorim, bulbulim, kabkim, Nasimiyi-xo‘shalhonim.
* * *
Shul pariydan vasl kutarsan, ey ko‘ngil, devonasan,
Shamga yoqilmoq tilarsan, ne ajab, parvonasan.
Kunta kanzing gavharidan harj etarsan orifa,
Ey bu ganjning naqdi, hey-hey, bulajab vayronasan.
Zulf chovkan yor ila tushmas nihon ishq o‘ynamoq,
Boshingni to‘p aylagil, maydonga kir mardona san.
Gar Xalil bo‘lmoq tilarsan yor ila haqiqatan,
Dilbarning yo‘linda shart avval budir kim yonasan.
Oshinoni bilmamishsan, ey bilishdan yot bo‘lgan,
Ma’rifatdan dam urarsan, naylayim begonasan.
Jonlarning jononi sensan, ey jahonning sarvari,
To‘g‘risi pokiza shavhar, nozanin jononasan.
G‘amzasindan fitnalar turdi, uyg‘ondi uyqudan,
Sen bu uyqudan qachon, ey bexabar, uyg‘onasan?
Ey Sulaymon mantiqindan qush tilin o‘rganmagan,
Devga o‘xsharsan, aning-chun tobayi-afsonasan.
Kel, analhaq sirini mayxonayu maydan eshit,
Ey tushgan inkorga, nechun munkiri-mayxonasan?
Ey Nasimiy, shul xumori ko‘zlari fatton kabi,
Doim asruksan, magar kim, nargisi-mastonasan?
* * *
Kulli makonning gavhari, gavhari-konmisan, nasan?
Ushbu sifati-husningla joni-jahonmisan, nasan?
Arsh ila farshu kofu nun sendadir, ey malak, bu kun,
Kimsa bu sirga yetmadi, sharhu bayonmisan, nasan?
Kovnu makona boqmasam, chun seni topdim, ey sanam,
Ikki jahon ichida sen kovnu makonmisan, nasan?
Muso kabi diydoringni ko‘rdi azalda ko‘zlarim,
Yoqma meni bu norda, kel, shami-zabonmisan, nasan?
Dahri-zamon ichinda hech topmadi kimsa bir dag‘i
Sanjilagan, bu lutf ila dahri-zamonmisan, nasan?
Senda topildi, gavharning ma’dani sansan, ey sanam,
Ushbu jahon ichinda san ganji-nihonmisan, nasan?
Qoshlaring ila kipriging qasd etar manim jonima,
Bag‘rimni teshdi navaking, tiyru kamonmisan, nasan?
Bo‘yingni tuboga saning nisbat etgan na dil bo‘lar,
Ushbu qaror ila ajab, sarvi-ravonmisan, nasan?
Tushdi Nasimiy ishqinga, sayruvu hasta naylasin,
O‘zin hayoti o‘zidan jismi-ravonmisan, nasan?
* * *
Yuzingni mandan nihon etmak tilarsan, etmagil,
Ko‘zlarim yoshin ravon etmak tilarsan, etmagil.
Bargi-nasrin uzra mishkin zulfingi san choshirib,
Oshiqi bexonumon etmak tilarsan, etmagil.
Qoshlaring qavsinda mujgoning xadangin yoshirib,
Ey ko‘zi mastona, qon etmak tilarsan, etmagil.
Jonimni vasling sharobidan ayirding, ey ko‘zim,
Egnimni gavharfashon etmak tilarsan, etmagil.
Qo‘ymisham ishqingda man kavnu makonning borini,
Jon nadir kim, qasdi-jon etmak tilarsan, etmagil.
Burqani yuzingdan ocharsan magar nomahrama,
Gizli asrorni ayon etmak tilarsan, etmagil.
Yondirarsan ko‘nglimni ishqingda, ma’lum bo‘ldi kim,
Oni rasvoyi-jahon etmak tilarsan, etmagil.
Rasoman ishqingda o‘qdek, kipriging guvohdurur,
Qaddimni nay-chun kamon etmak tilarsan, etmagil.
Chunki ishqing maskanidir ko‘nglimning vayronasi,
Hasratga oni makon etmak tilarsan, etmagil.
Chun yaqin bildi Nasimiy og‘zingning bor bo‘lganin,
Ul yaqinni san gumon etmak tilarsan, etmagil.
* * *
Jonona manim sevganimni jon bilar faqat,
Ko‘nglim tilagin dunyoda jonon bilar faqat.
Bildim, tanidim ilmda ma’budni, ehtimol,
Shundoq bilarman kim, oni Qur’on bilar faqat.
Abdol bo‘lubon beylik etgan orifni ko‘r kim,
Bu saltanatning qadrini sulton bilar faqat.
Sufiymidir ul jomi-musaffosiga mashg‘ul,
Pinhoni ichar aylaki, shayton bilar faqat.
Ey soqiy, keltir davr oyog‘ini davr aylasin kim,
Bu davr oyog‘in davrini davron bilar faqat.
Ko‘nglim kemasini g‘arq eta ol ishq dengiziga,
Kim bu dengizning bahrini ummon bilar faqat.
Hech kimsa Nasimiy so‘zini kashf eta bilmas,
Bu qush tilidir, uni Sulaymon bilar faqat.
* * *
Ketmoqqa azm aylamishsan, ey dilorom, aylama,
Hasbatanlilloh, mani besabru orom aylama.
Donayi-miskin xoling ko‘nglimni chun sayd ayladi,
Bu tutilgan saydga shohim zulfingni dom aylama.
Sunbuli bargi-gul uzra, ey pari, buzmagil kim,
Buncha ko‘ngli yonganning savdosini xom aylama.
Umrimning subhi yuzingdir, baxtimning shomi soching,
Ketma, ey dilbar, ko‘zimdan, subhimni shom aylama.
Rindu qalloshman, manga zohid dema, ey muttaqiy,
Laubali oshiqni olamda badnom aylama.
Ishqingni tark etmoq istar ko‘nglim, ammo chin degil,
Yo ilohi, kimsani san besaranjom aylama.
Chashmayi-la’ling suvidan bir qadah sun, soqiyo,
Ishtiyoqingdan Nasimiy ko‘zlarin jom aylama.
* * *
Dilbar-o, dil sandan o‘zga boshqa bir yor istamas
Chun muyassar bo‘ldi vasling, g‘ayri diydor istamas.
Ko‘nglima ishqingni qismat chun azaldan qildi haq,
To abad ishqingdan o‘zga narsa zinhor istamas.
Ko‘nglimning Mansuri chun kim, zulfingni ayladi dor,
Ya’niki, Mansur bo‘lgan zulfingda bardor istamas.
Men uzildim masivallohdan bugun, ey muddayi,
Vohid bo‘ldim yor ila, oshiq bo‘lgan bor istamas.
Bu dili-bechoradan so‘rdim nadir dardinga am,
Dilbarin la’lindan ayri hech timor istamas.
Bu ko‘ngil shahrini chun ki hajr vayron ayladi,
Kelki, sandan o‘zga bir ma’muru me’mor istamas.
Chun labing obi-hayotidir hayoti-umrimning,
Bu Nasimiy sandan ayri laysa-fiddor istamas.
* * *
Anbaring zulfing, nigoro, bog‘ladi devonani,
Shami-vahdatdir jamoling, yondirar parvonani.
Ey yuzing qadru jamoling rahmatan lil-olamin,
Masjida bormang bugun, orzulamang mayxonani.
Obi-kavsardir dudog‘ing, ma’dani-ruh-ul-quddus,
Oshiqa sun orifona, soqiyo, paymonani.
Zohidi-zarroqi hamr dam o‘tga yondirmoq kerak,
Garchi mendan eshitarsan shayx va mavlonani.
Ey Nasimiy, sotmagil san johila durri-adan,
Johilu nodon na bilsin qiymati-durdonani.
* * *
Furqatingdan, dilrabo, ko‘nglim parishon bo‘ldi, kel,
Qil kabi jismim manim az dardi-hijron bo‘ldi, kel.
Toki sen ketding men bo‘ldim dardimandi-mustamand,
Dardimga ko‘rkli jamoling jonga darmon bo‘ldi, kel.
Qolmadi chashmimda nam yetarki, yig‘larman mudom,
Diydamning yoshi qurimas, bahri-ummon bo‘ldi, kel.
Yo‘linga bosh qo‘ymisham zoru nizoru xastadil,
Ey tabibim, kel ki, jismimdan judo jon bo‘ldi, kel.
Furqatingdan ush Nasimiy dambadam qilur fig‘on,
O‘larman hijron g‘amidan, jigarim qon bo‘ldi, kel.
Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon o‘girmasi

