Suhrob Sipehriy (سهراب سپهری) 1928 yilda Kashan shahrida tug‘ilgan. Eron san’at institutining tasviriy san’at bo‘limida o‘qigan. Shoirning “Chaman qo‘ynida yoxud ishq oromgohi”, “Tushlardagi hayot”, “Quyoshning aylanishi”, “Suv odimining tovushi”, “Yo‘lovchi”, “Yashil hajm”, “Sakkiz kitob” nomli to‘plamlari nashr etilgan. Shoir 1981 yilda vafot etgan.
MANZIL
“Do‘st uyi qayda?” –
Tongotar paytida so‘radi otliq.
Osmon bir nafasga qotib qoldi.
Yo‘lovchining labidagi nur shoxchasi
zulmatga cho‘milgan shag‘allarni yoritdi.
Va yo‘lovchi ko‘rsatkich barmog‘i bilan
oq terakni ko‘rsatib dedi:
“Daraxtga yetmasdan,
Xudoning uyqusidan ham yashilroq
bir xiyobon bor.
Unda ishq,
sadoqatning qanotlari hajmida ko‘m-ko‘kdir.
Komillikdan o‘tadigan ko‘chagacha borgaysan.
So‘ng yolg‘izlik guli tomon burilib,
er yuzining abadiy favvorasiga,
asotirga yetgaysan.
Va seni shaffof bir qo‘rquv bosadi.
Fazoningsamimiy oqimlarida
Qulog‘ingga chalinadi bir “xish-xish”.
Baland bir qarag‘ay ustiga chiqib,
nur to‘la uyadan jo‘ja olayotgan
bolakayni ko‘rgaysan
va
undan so‘ragaysan:
“Do‘st uyi qayda?”
DENGIZLAR ORTIDA
Bir kema qurgum
suvga tushirgum.
sevgi o‘rmonida qahramonlarni
uyg‘otib qo‘yguvchi kimsasi bo‘lmagan
g‘urbatli bu yurtdan bosh olib ketgum.
Kemada to‘r yo‘q
va dilda marvarid orzusi.
Men hamon suzishda davom etgum.
Bundan so‘ng
suv osti dunyosiga
va
baliqchilarning yog‘duli xilvatlariga
zulfidan afsunlar taratib
suvga sho‘ng‘iyotgan pariga
ko‘ngil qo‘ymagum.
Men hamon suzishda davom etgum,
men hamon kuylashda davom etgum.
Uzoqlashib ketmog‘im kerak.
U shaharning erkaklari o‘tmishsiz edi,
u shaharning ayollari bir bosh uzumchalik
etilmagan edi.
Hech bir uyning derazalari
shodliklarni takror etmadi.
Shu’lalarni aks ettirmadi
hatto biror-bir ko‘lmak.
Uzoqlashib ketmog‘im kerak.
Tun kuyladi taronasini.
Endi navbat derazalarga.
Men hamon kuylashda davom etgum,
men hamon suzishda davom etgum.
Dengizlar ortida bor yolg‘iz shahar
bir shaharki,
derazalari
tajalliy tomonga ochilgan.
Tomlariga bashar aqlining
favvoradek otilishiga
qarayotgan kabutarlar in qurgan.
Bu shaharning o‘n yoshdagi har bir go‘dagi
qo‘llarida ma’rifatning shoxchalari hilpirar.
Bu shaharning aholisi har bir boshoqqa
bir shu’laga qaragandek,
go‘zal bir tushdek
hayrat bilan qarab o‘tadi.
Bu shaharning tuprog‘i
tuyg‘ularning ohangiga quloq tutadi.
Shamollari
afsonaviy qushlar qanotining
sadosini yetkazadi.
Dengizlar ortida
bordir bir shahar
unda nur sochuvchi quyosh ko‘lami
azonda ochilgan ko‘zlarga tengdir.
Shoirlar suv,
aql
va
nurning vorislaridir.
Dengizlar ortida bor yolg‘iz shahar,
bir kema quraylik…
INTIHOGAChA HUZUR
Bu kecha
ajib bir tushda
kalimalar tomonga
ochilgay bir yo‘l.
Nimanidir shivirlagay yel.
Olma uzilgay
va
zaminning sifatlari ustiga tushgay.
Tunning ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan
Vatanining huzuriga shoshilgay.
Tasavvur tomi
qulab tushgay.
Ko‘z
o‘simlikning g‘amgin
aqlini ko‘rgay.
Chirmovuq
Parvardigor tanasining
atrofini
chirmab olgay.
Sir
bag‘rini ochgay.
Zamona zuhdining ildizlari chirigay.
Zulmat ko‘chasining boshida
suvning suhbatga to‘lgan lablari
barq urgay.
Va buni ko‘zguning botini tushungay.
Bu kecha
ma’no tanasini
do‘stning eslashlari silkitgay.
Hayrat qanotin ochgay.
Tun ichida hasharot
yolg‘izlikning saodatli taqdirini
boshidan kechirgay.
Tong so‘zining ichida
tong otgay.
BOShLANISh NIDOSI
Kovushim qani?
Kimdir chaqirdi: Suhrob!
Havoyu yaproqning oshnoligidek
Tanish bir tovush.
Onam uyquda.
Manuchehr, Parvona, balki butun shahar ham.
Soniyalar ustidan
Marsiyadek hazingina o‘tayotir
Xurdod kechasi.
Uyqumni qochirar
Junko‘rpaning yashil uchidan
Esgan salqin shabada.
Ayriliqning hidi ufurar:
Ninachilar qanotining sasidan
Yostig‘im to‘lgan.
Tong otgay
Va osmon mana bu idishga ko‘chgay.
Bu kecha bosh olib ketmog‘im kerak.
Men bu yerning odamlari-la
Lang ochilgan derazadan
So‘zlashgan edim
Ammo hech kim lom-mim demadi.
Oshiqona yerga qadalgan
Bir nigohga ko‘zim tushmadi
Bog‘chaning chiroyiga
Maftun bo‘lgan bir ko‘ngilni topmadim.
Paykaldagi zog‘chalar bilan
Hech kimning ishi yo‘q.
Bir bulutning hajmicha ko‘nglim
Xufton bo‘ladi
Qachonki derazadan
Qo‘shnining balog‘at yoshiga
Etgan go‘zal qizini
Dunyodagi eng noyob narvon poyida
Fiqh o‘qib turganin ko‘rsam.
Ammo qiziq narsalar ham bor:
Parvoz onlari.
(Masalan, ko‘rdim bir shoirani,
Fazoga shu qadar mahliyo ediki,
Ko‘zlarida osmon tuxum tuqqandi).
Tunlardan bir tuni
Bir kishi so‘radi mendan:
“Uzumning nur sochib chiqishigacha
Necha soatlik yo‘l?”
Bu kecha bosh olib ketmog‘im kerak.
Bu kecha bosh olib ketmog‘im kerak.
Yolg‘izlik to‘nimning
Andozasidek
Sig‘imga ega bir jomadon olib,
Meni doim chorlab turuvchi
Sassiz, so‘zsiz kengliklar osha
Qahramon daraxtlar ko‘kargan tomonga.
Yana kimdir chaqirdi: “Suhrob!”
Kovushim qani?
BEG‘UBORLIK
Osmon to‘q moviy.
Tiniq moviy suv.
Men ayvonda, Ra’no hovuz boshida.
Ra’no kiyim yuvadi.
Yaproqlar to‘kiladi.
Onam bir kun ertalab aytgandi:
“Zerikarli o‘tmoqda bu fasl”.
Men unga aytdim:
“Hayot bir olmaga o‘xshaydi –
po‘chog‘ini archmasdan
tishlamoq lozim”.
Qo‘shnimizning xotini
Deraza oldida to‘r to‘qiydi,
she’r o‘qiydi.
Men “Veda” o‘qiyman, gohida
Rasm chizaman:
Tosh, qush va bulut.
Yolg‘iz bir quyosh.
Hakkalar uchib kelgan.
Lotin chechaklar chiqqan.
Men anorni donalayman,
Ko‘nglimdan o‘tadi:
“Odamlarning ichidagi donalar ham,
Koshkiydi, ayon bo‘lsa.”
Anor suvi ko‘zimga kiradi:
Ko‘zimdan yosh sizadi.
Onam kuladi.
Ra’no ham.
DIYDOR ShABNAMI
Qadaming tovushin eshitib,
eshiklarni ochdim.
Nigohimning bo‘laklarini
har yoqqa sochdim.
Borliqni nigohga to‘ldirdim.
O‘lik ko‘lning bo‘yida,
Botqoq ustida
bir bo‘lak tabassumingni ko‘rdim,
Namozga shoshdim.
Bir tikanning tanasida
sening nihon yotgan yodingni
jahonga taratdim.
O‘zidan ko‘karish,
o‘zidan ko‘payish kuyini
daraxtlar torida chaldim.
Va bir qo‘l duoni kechasi haydab,
sirimning urug‘in sochdim.
Firibning shoxini sindirdim.
Yo‘qlikkacha yugurdim.
Va o‘limning chehrasi,
idrokning eng kichik
zarrasigacha yugurdim.
G‘amning qoyasidan quladim.
Diydoring shabnami
barmog‘imni namladi,
titradim.
Bir adirdan yel o‘tardi,
bir qadam yo‘ldosh bo‘ldim.
Zulmatning bag‘rida
bir parcha quyosh ko‘rdim,
etdim-u, o‘zimdan ketdim.
Men endi qutuldim.
YaShIRINGAN QUShGA
Senga aytar so‘zlarim bor,
Ko‘zlardan pinhon sayrab,
Zamonani ovozi ila
Boshlayotgan Qush!
Ne dardlaring borki, sen
Xilvatingda chekasan faryod?
Qo‘limdagi hayot nash’asin
Etasan barbod?
Sen qayerda pinhonsan, ey Qush?
Maysalarning to‘ri ichida,
Yoki zavqning shoxalari tagidamisan?
Bir o‘lik suvning
Yashil ko‘zi uzra uchasan,
Yoki idrok chashmasining boshida
Qanotingni yuvasan?
Qayda bo‘lsang ham menga aytgin!
Yo‘l yuzida yo‘q dushman izi.
Sen
Bir quyosh bo‘lgin!
Bundan so‘ng
Momaqaldiroq
Bulut tomiga
Qo‘ymagay oyoq.
Uyasidan chiqmagay
Chaqmoq iloni.
Va to‘fon zanjiri bundan so‘ng
Sahroga tushmagay.
Kunlar tinch va sokin o‘tmoqda,
Sen yana nimadan hadiksiraysan?
AChChIQ TUSh
Oy qushi
Sayraydi.
Xonamda bir bulut yig‘laydi!
Ochiladi nadomatning ko‘zida gullar.
Derazamning tobutida
tebranadi Mashriqning jasadi.
Mag‘rib jon holatda,
O‘ladi.
Quyoshning sarg‘aygan giyohi
Sekin-asta so‘lg‘in xonamda
o‘sadi.
Uyg‘oqman,
Uxlab qolganmi, deb o‘ylamang.
Sinib ketgan bir shoxning soyasi
Sekin meni uxlatib qo‘ydi.
Endi men
Eshita boshlayman
Oy qushining kuyini
Va nadomat ko‘zining chechaklarini
Sochaman.
Fors tilidan Ja’far Muhammad tarjimasi