Salmon Hirotiy (1959-1986)

XX asr Eron she’riyatining yirik vakillaridan biri – Salmon Hirotiyning (سلمان هراتی) she’rlari dunyoning ko‘pgina tillariga tarjima qilingan. Ilk marotaba o‘zbek tilida taqdim etilayotgan ushbu to‘plamdagi she’rlar Eron bolalarining dardli dunyosi, ularning iztirob va quvonchlari haqida hikoya qiladi.

BU YuLDUZDAN U YuLDUZGAChA

Otam ishchidir.
Tong osmonidagi
So‘nggi yulduz ila
Ishga ketadi.

Otam quyoshdir.
Tun osmonidagi
Ilk yulduz ila
Ishdan qaytadi.

MENING RASM DAFTARIM

Mening mo‘jaz rasm daftarim!
Sening har bir betingda
Bir to‘lqinni tasvir ayladim.
Chizaman degandim dengizni
Attang! Bo‘lmadi.

Mening mo‘jaz rasm daftarim!
Hisobingda betlar kam.
Ammo to‘lqinlar bisyor.
Shahidlarning rasm daftari
Er bo‘lgan.
Ular minglab daryoni
Joylashtira olgaylar
Ushbu daftarda.

BILASANMI?

Hayot, bu – dam olish soati emas,
Ki faqat o‘ynashdan,
Taom
Yoki bodom
Eyishdan
Iborat bo‘lsa.

Bilasanmi,
Yana qanday darslarimiz bor?
Birinchi qo‘ng‘iroq – din darsi,
Ikkinchi qo‘ng‘iroq – hisob.

TONG

Siz bilanman!
O‘tiring!
Satr boshidan
Yozing: Tong
Shahidlar mozori tomondan
Keladi.
Qizil mixchagullarga to‘la
Sabadini ko‘tarib.
Undan so‘ng
Tong, Quyosh va shabada
Ochadilar maktab eshigin
Tabassum bilan.

SO‘NGGI IMTIHON

Va jang maydoni
Maktabdir.
Sinfimiz ham shu yerda
Tezroq bo‘l, ketaylik
Kechikib qolmaylik.
Qurolingni ol.
Imom kelmoqda
So‘nggi imtihon
Boshlanmoqda.

HAYoT

Shaharda fasllar
Bir xil kechadi.
Shaharda hayot
Benzin bilan,
Neft bilan bog‘liq.

Ammo qishloqda hayot
Oddiy, chiroyli
Ot bilan shirin.
Qishloqda hayot
Yomg‘ir,
Quyosh va daraxt
Fasl va mehnat bilan shirin.
Qishloq
Er yuzining eng go‘zal tasviri
Bahorning eng go‘zal so‘zanasidir.

DASTUR

Bir jumlaki, xabar beradi.
Xabarning bayoni
Ushbu jumlaga o‘xshash:
“Shahid
Mangu oqayotgan
Qizil daryodir”.

AHMADNING JOYI

Maktab darvozasining ustida
Bir bayroq hilpirar shamol qo‘lida.
Bayroqda yozganlar: “Ahmad Xushnishin
Shahid bo‘lmishdir vatan yo‘lida”.

Shamollar bu mash’um xabarni
Uzoqlarga olib ketdilar g‘amgin.
Osmonning bag‘ri qon bo‘ldi o‘sha kun.
O‘rmondan nariroq botardi quyosh
Kulishga holi ham qolmagan, horg‘in.

Daraxtning shohiga ilingan shamol
Tarannum etardi ushbu kalomni:
“Ahmadning o‘rniga maydonga kim borar?”
O‘rmonzorga aylandi qo‘llar.

KIChIK SARV

Ketayotganda
Bir kichik sarvni
Ajin bosgan yelkamizga ekib ketdi.

U ketdi-yu, boshqa qaytmadi.
Ammo
Yam-yashil ushbu sarv o‘sib
Boshi osmonlarga tegib ketdi.

XABAR

Qo‘rqma, kel, men bilan!
Men bir janublikman!
Ezgulik fikrida yurgan.
Menga faqat eposdan so‘zla
Mendan faqat qurolni so‘ra.

Zero, mening muallimim
Qo‘mondonimdir.
Sinf xonamiz –
Jang maydonimdir.

Biz bo‘r bilan
Doimo yozganmiz:
“G‘alaba qozongaymiz!”
Qora doskamiz –
Islom dushmanining qora yuragi.

INShO

Insho yozardik.
Shunday dedi bizga muallim:
“Bolalar,
Quloq solinglar:
Nazarimda, shahidlar
Quyoshdirlar”.
Murtazo dedi:
“Shahid
Lola kabi qizildir”.
Yana bir o‘quvchi dedi:
“U – uyimizda yorug‘lik taratyotgan
Chiroqqa o‘xshaydi”.
Yana kimdir shivirladi:
“U – bog‘larda o‘sadigan daraxtdir”.
Yana kimdir fikrini aytdi:
“Shahid –
Hodisayu go‘zallikka boy
Ajib bir dostondir”.
Mustafo dedi:
“Shahid –
Yuragimiz daftarida qoladigan
“A’lo” bahodir”.

XOTIRA

Esimga keldi
O‘sha sovuq kun botar mahal.
Issiq quyosh
Apelsin kabi
O‘rmon kaftlari orasida
Ko‘zdan yo‘qoldi.
O‘shanda quyosh
Shahidlar ko‘zidek
Yashil
Va qizil
Ranglarda tovlandi.
Esingdami?

QIZIL XONA

U ketgan kun
Gullar g‘uncha edi.
U ketdi-yu boshqa kelmadi.
U ketdi-yu bizning ko‘chamizda
Bugun
Faryodu g‘avg‘odir.
Uzoqdan
Odamlar qo‘lida
Ketayotgan
Shahidning tobuti ko‘rinar.
Endi u yo‘q
Ammo
Ko‘chamizda
Lolaga burkangan bir bog‘ bor.
Ko‘chamizda
Nur bilan bezangan
Qizil bir xona
Muhayodir.

KELASAN

Bilaman
Yomg‘ir bilan osmondan
Gullar bilan shabnamdan
Maysa bilan o‘rmondan
To‘fon bilan daryodan
U yerdan
Maydondan
Bayroq bilan
Janggohdan
Kelasan
Kelasan!
Lekin, sen qachon
Ey, qalbi daryo
Daryosan?

KO‘ChAMIZDAN

Ko‘chaning ko‘zi yuqoriga boqar
Ko‘chamizdan bir buloqcha ham oqar.

Unga “Yo‘l bo‘lsin?” dedim, dedi kulib:
“O‘sha yoqqakim oqar daryo to‘lib”.

BIRODARLIK

Bir qora kabutar
Bir oq kabutar
Yonma-yon turib
Haroratli qalb
Mehrli qo‘l ila
Loy suvoq uyimiz tarnovi ustida
Shox-shabba, loyu toshchadan
Bir in qurganlar.
Hovlimizning nurli sahnida
Don terib yurgaylar.
Gohida bulutlar ortida
Bir go‘zal nuqtaga aylanib
Ko‘zdan g‘oyib bo‘lgaylar.
Kechga kelib uyimizning tarnovi
Bu ikki mehribon yorning
Bu ikki oq-qora kabutarning
Chug‘ur-chug‘uriga to‘lib ketadi.
Ey, mening oppoqina kaftarim!
Koshkiydi
Odamlarning ham
Sen kabi oq, toza qalbi bo‘lsaydi!
Ey, qora va soda bolalar!
Sizlarga ichim achiydi.

OQ LAYLAK

Quyosh yoritgach
Olamni beshak.
Daraxtga qo‘ndi
Oppoq bir laylak.

Xursand va xandon
Urdi ajib bong.
U go‘zal laylak:
“Ey qirmizi tong!

Yashil tog‘lardan
Olis kunlardan,
Daryolar uzra
Nur daralardan.

Kelayotganda
Maysazor oshib.
Ko‘rmay qoldingmi
Bahorni shoshib?

ERTANGI KUN

Tomchilab tushadi tarnovdan
Dengizdan vujudga kelguvchi yomg‘ir.
Bog‘imiz yomg‘irning saxovatidan
Sahroyi gullarga ko‘milar axir.

O‘rningdan turgin-u men bilan kuyla
Qaragin, dalalar naqadar uyg‘oq!
Saharning baquvvat elkasidagi
Ertangi kun tabassumlariga boq.

Ertangi kun kelar bugun izidan
Dengizning moviyrang kengliklaridan.
Zafarning yam-yashil bahori anqir
Sahroning muattar go‘shalaridan.

Ertangi kun kelar – yam-yashil bahor
Bir quchoq muattar lolazor bilan.
Tabassum gullari ochialr uyda
Binafsha misoli ariq bo‘yida.

Ertaga qaytadi yana qaldirg‘och
Dilimni yayratar chug‘urlashlari.
Tamoshaga chiqmoq, qaramoq – kerak
Qaldirg‘och, qushlarning uchishlarini.

Kaftaru chumchuqlar bilan parvoz et,
Gul kabi qanot yoz bo‘stonlarida.
Erkinlik cho‘qqisin tomosha qilgin
Moviyrang parvozning osmonlarida.

Maysa-yu gullarning nozik qo‘lida
Biz umidning qizil g‘unchalarimiz.
Ertangi kun kabi poku musaffo
Biz quyosh shahrining bolalarimiz.

Ertaga o‘lik suv osudaligi
Daryo to‘lqiniga berolmagay dosh.
U yerda gul aksi yonida albat
Masjid devorini yoritgay quyosh.

* * *

Kel, daryo to‘lqini bilan kuylaylik
Kel, sahar yellari bilan so‘ylaylik.
Shahidlar ruhini shod etmoq uchun
Gul yozgan vasiyatlarni bilaylik.

* * *

Yomg‘irdek, anhorning oqar suvidek
E qizil gul, qayga olib ketding bosh?
Sen ketding, endi men bilan o‘ynaydi
Yomg‘irli kunlarda bu go‘zal quyosh!

* * *
Men bilan parvona – shahid farzandi
Tong otgach, sahroga qanot ochgaymiz.
Bog‘ning o‘rtasida bir quyoshni biz
Sarv bilan yonma-yon, yaqin ko‘rganmiz.

OTANING QAYTIShI

Shahid Azizulloh Gilin Muqaddamning farzandlari – Yosuman, Yosir va Qudsiya Gilin Muqaddamga

Xo‘rozlarning qattiq qichqirishidan
Yorishdi saharning bedor ko‘zlari.
Ochildi yana moviyrang osmonning
Uyqudagi shahid kabi yuzlari.

Safarga chiqdilar osmon bag‘rida
Ko‘kargan bulutlar yomg‘irsiz suzib.
Bir-biriga qanot ochib kaftarlar
Oqlik baxsh etdilar osmonga, uchib.

Bir nasim esmoqda janub tomondan
Muattar hidingni har yon taratib.
Qizilrang qaytishing qissasin o‘qir
Daraxtning qulog‘i tagiga borib.

Yuragim tubida gar bilsang bugun
Sog‘inching dastidan boshlanar g‘avg‘o
Ko‘zlarim ko‘chaga nigoron boqar
Ko‘cha ham go‘yoki bugun bir daryo.

Qayerdan kelmoqda bu ko‘z yoshlar, oh,
Singlimning gul kabi yuzlarin namlab?
Onamga ne bo‘ldi, nega u bugun
Qora ro‘mol bog‘lab olibdi, ne gap?

Mehribon qishloqdoshlar qo‘llarida
Otani ko‘tarib kelayotirlar.
Go‘yoki namoz bog‘iga yam-yashil
Sanavbarni qo‘lda eltayotirlar.

Ko‘zlaringni ochgin, ko‘zlaringni och
Bu bahor ochilgan bahorim mening.
Bu bog‘da ochilgan o‘sha qizil gul
Yam-yashil g‘uncham, intizorim mening.

Ko‘zlaringni ochgin, tomosha qilgin
Bahorning ochilgan g‘unchalarini.
Yaproqlar ustiga durdek to‘kilgan
Yomg‘irning billurdek tomchilarini.

Hu, anor daraxti to‘nida turib
Guldo‘zlik qilmoqda bir g‘aroyib qush.
Sal narida chumchuqlarning ovozi
G‘alabadan darak bermoqdadir xush…

MAYDON SEN BILAN

Ey xudo!
Bir qatra suv!
Bulutlarga amr et:
Bu bog‘dagi daraxtlarga
Muruvvat ko‘rsatib
Yomg‘ir yuborsin.
Toki bu sahroda
Kelajak yo‘lidan kelayotgan
Bahorning nafasi ila
Arg‘uvon lolalar eksin.
Oh, ey qudratli qo‘l!
Maydon sen bilan
Zafarga yordir.
Agar sen bo‘lmasang
Gullarga burkangan sahrolari-la
Maydon ham bema’ni, bekordir.

KUZ

Har kuni
Erta tong
Maktabga
Ketayotgan chog‘imda
Izg‘irin bir shamol esadi.
Daraxtlarning shoxidan
Yaproqlar uzilib yerga tushadi.
Shunda men
Ey ota
Ey ketgan quyosh
Sizni eslayman.
Kuz faqat mening ishlarimnimas,
Sizning,
Daraxtlarning ishini ham
Mushkullashtirdi.

EY ANHOR!

Daraxt va toshdek
Shamol bilan yuzma-yuz
Yo‘lingda intizor turibman.
Sen ertaga
Qishloq yo‘lidan
Quyosh tomondan
Nur shahriga yetib kelgaysan.
Sen
Dushmanlar uchun
Toshqin bir daryosan.
Ammo biz uchun
Muloyim,
Mehribon anhor.

Fors tilidan Ja’far Muhammad tarjimalari