Beytuganov Ismoil Rasulovich 1999 yili Kabardino-Balkariya Respublikasining Chegem tumanida tug‘ilgan. U Kabardino-Balkariya teleradiokanalida “Bolqor tilidagi bolalar adabiyoti” loyihasini boshqaradi. Kozim Mechiyev fondi adabiyot klubi rahbari. 16 yoshidayoq “Qadamlar” she’riy to‘plami chop etilgan. Uning she’rlari bolqor va rus tillarida respublika nashrlarida chop etilgan.
Ismoil Beytuganov Qaysin Quliyev va Kozim Mechiyev o‘qishlari qatnashchisi, “Qaysin sari 100 qadam” fondi mukofoti sohibi.
SEVGI
Maftun bo‘ldim, senga azizim
Yuragimni qo‘lingga berdim.
Boylandim men, senga boylandim
Bahor kelib, gullar kulganda.
Qalbim uzra gul ochar chechak,
Muhabbatdan toshadi yurak,
Qalamim ham, nazmim ham senda
Har erta kun quvonch ja’m menda.
Sen go‘zalsan, qomating raso,
Muhabbat bu – qo‘shqanotli qush.
Senga ko‘zim tushgani hamon
Yuragimni bir nur qilar xush.
Sen – nasibim, mening quvonchim
Sevinchim bo‘l, kulgum bo‘l doim
Yuragim ham, aqlim ham senda
Senga sovg‘a qilayin jonim.
Gar chaqirsang yugurib kelay,
Qishu bahor, yozu kuzlarda.
Sen qarasang erib ketayin
Buloqdayin toza so‘zlardan.
Oqshom, kecha va saxarlarda
Men aytaman senga qo‘shiqlar
Qayga desang yetib boraman
Charchoq bilmas aslo oshiqlar.
TOG‘ DARYoSI
Shoshqin daryo keladi,
Uzoqlardan shildirab,
Qoyalardan enadi,
Ertak aytib shovullab.
Sensiz hayot begona,
Sensiz yo‘lim qorlidir.
Qo‘llarimni to‘ldirib
Ichdim yaqin o‘ltirib.
Buloq suvim – totli suvim,
Tog‘u toshni kelding yuvib,
Etar bari elimga –
Seni suygan yerimga.
Jonim, qonim ham sendan
Ichaman men daryodan
Uzoqdan kelar irmoq
Sen ham undan to‘yib boq.
Qaysin ichgan suvingdan
U ham senda yuvingan
Darmon bo‘lib joniga,
Qo‘shilgansan qoniga.
Tog‘ni teshib chiqadi,
Dovon oshib keladi
Suv-la o‘ynab toshlari
Qorli tog‘lar boshlari.
Bolqorchadan Davronbek Tojialiyev tarjimasi