Voymir Asenov (1939-2013)

Voymir Asenov – taniqli bolgar shoiri. Bolgariyaning Petrich shahrida tug‘ilgan. Yigirmaga yaqin she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Ko‘plab milliy adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan. Qator she’rlari ingliz, frantsuz, hind va boshqa tillarga tarjima qilingan.

BILLUR

Sevar edim seni, muhabbat,
Isming naqshi chekilmish jonga.
Bugun tavba kunidur albat,
Sajda qilgum sen bor tomonga.

Ehtirosing buyuk, telbavash —
Etar bizni jannatdan judo.
Seni qo‘msab, izladim yakkash
Zohidmasman, kechirsin Xudo.

Paydo bo‘lding qarshimda, jo‘shqin
Olamingni etib namoyon.
O‘t girdobi ichra yonardim,
Aldamading sen meni shu on.

Qalbim o‘tda aylading abgor —
Ammo qalqdim Qaqnus qushiday.
Sevgi, boqqin, to‘rt atrofing qor —
Sen go‘zalsan oshiq tushiday!

Bugun yana chorlading qayta,
Kuying ichra billuriy sado…
Peshvoz chiqgum, sen avvalgiday
Huzurimga qaytarsan, illo!

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi