Lilyana Stefanova (1929)

Bolgar shoirasi, adibasi, publitsisti va tarjimoni. Asarlari jahonning 31 tiliga tarjima qilingan. 1929 yilda tug‘ilgan. Sofiya universitetining filologiya fakultetida, Moskva davlat teatr san’ati institutining rejissura bo‘limida va M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutida tahsil olgan. She’riyat, nasr, esse, publitsistika, dramaturgiya janrlarida ellikdan ortiq kitoblari nashr etilgan. Bolgariyaning adabiyot sohasidagi “Dimitrov” mukofoti, “Kirill va Mefodiy” ordeni, “Dora Gabe” milliy mukofoti bilan taqdirlangan.

ShAMOL

Shamol eshigimni qoqar bemahal,
rashkchi erkak kabi injiq, badgumon.
Bevafo deb o‘ylab, qiladi janjal.

Shoshmagin,
mana, tun – beg‘araz guvoh,
bilib-bilmay meni ayblama nohaq,
hech qachon xiyonat qilmadim, axir,
tinchlan,
menda yo‘q-ku hech qanday gunoh…

Men seni bir lahza unutdimmi, ayt?
Yolg‘izlik mehmoni bo‘ldim,
sukunat
siyladi ko‘rsatib mehr-oqibat.
Xayol sharobini ichdim men bu payt,
serquyosh bog‘da sayr ayladim faqat,
menga quchoq ochdi mezbon – sukunat.

Qizishma,
jahlingni jilovla, shoshma.
Sukunatda lahza –
qumdek zarra, gard.
Meni mehmon qildi bir dam sukunat.
Axir, senikiman –
seniki faqat.

Ishonmayapsanmi haliyam?
Esla,
do‘st edik ikkimiz
hamsuhbat, sirdosh.
Meni rashk qilmagin, devonaginam.
Kunduz senikiman,
choshgohda, tushda –
har kun senikiman.
Tushdan keyin ham
sen bilan bo‘laman botguncha quyosh.

Derazam oynasi titrar nogahon,
eshigim taqillar qattiq, betoqat.
Ishonmayapsanmi haliyam, nahot,
o‘zingsan-ku menga yolg‘iz hukmron?!

Erta nima bo‘lar menga,
bilmayman,
senga yuragimni qo‘ydim oldirib.
Men nima qilaman
sen ketib qolsang,
faqat sukunatni menga qoldirib?

TO‘Y

To‘yning alyori, zavqi,
Nog‘ora ovozi sho‘x.
Yurakka tegar shavqi,
Yurakda yonadi cho‘g‘.
Ovoz qush kabi uchar,
Eru ko‘kni gangitar.
Oyoqlar raqsga tushar –
Erni tepib changitar.
O‘yin-kulgidan hovli
Kema kabi qalqiydi.
Raqqosa qiz ro‘moli
Mayoq kabi balqiydi…
…Oq ko‘ylakli kelinchak
Gullagan kabi olcha.
Ko‘zyoshimni artaman,
Qo‘limda dastro‘molcha.
So‘zlayman, ko‘zimda yosh,
Kulib turar lablarim:
“Kelin, tikonsiz bo‘lsin
Boshingda gulchambaring”.
Ayb bo‘lsa ham sindiring
Daraxtlar butog‘ini.
Quyosh ko‘ziga surtsin
Kelinchak oyog‘ini.
Mening orzu-tilagim
Oftob misoli yonur –
Deraza oynasidan
Uyiga yog‘ilsin nur.
Nog‘orachi zarb bilan
Yuragimni chaladi.
Gurillab o‘yin-kulgi
Tobora avj oladi.
Hilpiraydi oq ko‘ylak,
Qushdek qanot qoqar yeng.
Davrada suzib ketar
Oqqush misoli kelin.

YoZ

Toblanaman quyoshda obdan
Kun chiqqandan botgunga dovur.
Zahira to‘playman oftobdan
Ko‘proq mehr,
Harorat,
Hovur.

Yarqiraydi oppoq tishlarim,
Nur yuzimni yondirib suyar.
Peshonamga tushgan sochlarim
Maysa kabi qovjirab kuyar.

Goh qum kabi cho‘l-biyobonda
Lovullayman quyoshda yonib.
Goh chag‘alay kabi ummonda
Dam olaman machtaga qo‘nib.

Toblanaman quyoshda obdan
Kun chiqqandan botgunga dovur.
Zahira to‘playman oftobdan
Ko‘proq mehr,
Harorat,
Hovur.

Qish kelganda bir kun nogahon,
Qahratonda qolgan payt borliq,
Hamla qilsa ayoz, muz, bo‘ron,
Qaqshaganda muzlab tirik jon,
Qovoq uysa osmon ham sovuq,
Huzuringga kirib borurman:
Mehr, harorat va nur olib.
Issiqqina qo‘llarim bilan
Quchoqlayman yoningda qolib.
Yo‘g‘on arqon kabi to‘lg‘ongan
Uzun o‘rim sochlarim bilan
Bilagingni belimga bog‘lab,
Isitaman seni quchoqlab.
Men borman, sen qolmaysan muzlab,
Baxsh etaman mehr, harorat.
Doim seni topadi izlab,
Yuragimda yongan muhabbat.

Rus tilidan Mavsuma Mansurova tarjimasi

OLISLARGA KETSAK BIZ AGAR

Yiroq-yiroq ketsak biz agar,
Olislashsak katta narsadan,
Kichiklashib borar tobora
U naqadar katta bo‘lsa ham.
Tog‘ cho‘qqisi,
Eski minora,
Kahrabo jo‘xoripoyalar,
Yaydoq-yaydoq dalalar
Zarralarga aylanib borar.
Faqat sen, Ona Vatan,
Olislarga ketsam bag‘ringdan,
Kattalashib,
Buyuklashib borasan,
Tobora
Bepoyonlashib,
Ulkanlashib ketasan.
Yiroq-yiroq ketsak biz agar,
Olislashsak aniq narsadan,
Tog‘ cho‘qqisidan,
Eski minoradan,
Kahrabo jo‘xoripoyalardan,
Kuzgi bo‘m-bo‘sh dalalardan
Olislashib ketsak,
Ular yo‘qotar ilk qiyofalarin,
Tutundek yoyilib ketar,
Qor kabi erib ketar,
Tumandek tarqalar,
Nafarmon kenglikka singib
Yo‘qolar.
Faqat sen, Ona-Vatan,
Olislarga ketsam bag‘ringdan,
Aniqlashib borar qiyofang,
Yorqinlanib, ravshanlanib ketasan,
Buloq suvlaridek tiniqlashasan,
Ko‘m-ko‘k dalalardek musaffo,
Ko‘klam yomg‘irida samoda
Kamalakdek jilolanasan.
Yiroq-yiroq ketsak biz agar,
Olislashsak baland tovushdan,
Dehqonlar qo‘shig‘idan,
Parovozlar chinqirig‘idan,
Tog‘lardan tushayotgan
Sharsharalar guvillashidan
Olislashib ketsak,
Jimib qolar barcha tovushlar.
Go‘yoki gung
O‘rmonlar, dalalar, ko‘chalar, yo‘llar.
Olislarga ketsam bag‘ringdan,
Faqat sening
Tiling, tovushing,
Eshitilar tobora baland,
Jarangdorroq, tiniqroq yangrar,
Qanot qoqib uchib boradi,
Meni topar qayda bo‘lsam ham.
Ishonchliroq, tezroq, osonroq topasan,
Ona-Vatanim!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi