Qozi Nazrul Islom (1899-1976)

Qozi Nazrul Islom (কাজী নজরুল ইসলাম) – shoir, yozuvchi, musiqachi, faylasuf va jamoat arbobi. U asosan insoniy tenglik, xurlik kuylangan jabr-zulmga qarshi ruhda yozilgan she’rlari bilan mashhur. Otashqalb shoir ijtimoiy adolatsizlik qoralangan she’rlari va milliy ozodlik uchun kurashganligi bois “Bidrohi Kobi”, ya’ni “Isyonkor shoir” laqabini olgan. Darvoqe, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov ijodining eng sara namunalaridan biri sanalgan “Ruhlar isyoni” dramatik dostoni Nazrul Islomning hayotiga bag‘ishlangan. Dostonga shoirning quyidagi misralari epigraf qilib olingan: “Tug‘ilgansan ozod, mudom Ozod bo‘lib qol!”

MENI ShOIR QILDI MUHABBAT

Meni shoir qildi ishqu muhabbat.
Bamisli ko‘zguday men bitgan har bayt
Sening jamolingni ko‘rsatar faqat.

Kunduz oydinligi va tungi samo
G‘urub yulduziyu sahargi ziyo
Olqishlaydi mendek oshiqni faqat.

Oftob ham chiqadi – lolayi alvon,
Sabolar qo‘llarin cho‘zar men tomon,
Qirg‘oqqa bosh urib ko‘pirar ummon.

Bular bari – sensan. Yuragim yonar,
Tug‘iladi doston ila duolar.
Sening nafasing-la nafas olar jon.

Manglaydagi qirmiz xoling – na go‘zal!
Oyoqda xalxoling asil, mukammal!
Kela qol. Ovoz ber zorimga, go‘zal.

Meni shoir qildi ishqu muhabbat.
Mening har g‘azalim, men yozgan har bayt
Ko‘zguday jamoling ko‘rsatar faqat…

GUL SAYLIDA

Gul saylida jimdirsan nechun?
Nega bu tong jamoling mahzun?
Boshing uzra uvillar shamol,
Gul saylida jimdirsan nechun?

Sharobni ol, tubida pinhon
Tomirlarda oqqan shodlik, shavq.
Sozingni chert, yer ila osmon
Xushnud kuylar ichra bo‘lsin g‘arq.

Yo ma’shuqang ketdimi tashlab?
Kuyma, ertan qaytadi albat.
Nega darkor ko‘zlaring yoshlab,
Qadring bilmas yorga sadoqat?

Ko‘nglingni uz. Ko‘ksing yaroliq.
Ayroliqqa vaqt o‘zi davo.
Zavol yegan oy botar aniq,
Oftob chiqar yangi, musaffo.

MENING SEVGIM

Kela qol! Manim bo‘l muhabbat haqi,
Qaro zulflaringga yulduzlar tizib,
Kumush sirg‘a kabi hilolni taqib –
Qo‘yayin, kela qol, azizim, degil.

Faqat kel, kutarman hargiz intizor,
Unutgayman o‘tgan yillar savdosin.
Oqqushlarday uchib barmoqlarimdan
Bo‘yningga o‘ralar oq gul shodasi.

Oy nuriga sandal iforin iylab,
Socharman sen yurib kelgan yoqlarga.
Kamalakning axmar rangidan saylab
Xinolar bog‘larman oyoqlaringga.

Faqat sen kela qol muhabbat haqi,
Sensiz qo‘shig‘imda yo‘q rag‘bat, majol.
Faqat kela qolgin, tonglarim balqib
Bulbullarim sayrar mastona, xushhol.

SENI IZLAYMAN

Izlayman, chorlayman yo‘lingda hardam.
Ey, azal ibtido, so‘rog‘ingdaman.
Olis yoqlarda ham har bosgan qadam
Tovshingni ilg‘ayman tun chog‘inda man.

Pirpiragan yorqin yulduz misoli
Tushlarimga kirib kelasan shaddod.
Bir qushman – tashnalik zabtiga olib,
Qaqragan samoda izlar suv, najot.

Ongim zulmatida bir tola nursan,
Bog‘imni yashnatgan obi hayotsan.
Chaqmoqlarning olov ignasidursan,
Sukutsan, qaldiroq ichra najotsan.

Mushkul yo‘llarimning badal tuhfasi –
Eng a’lo gulchambar tuzarman senga.
Bir senga o‘lguncha sodiqman asli.
Faqat izlayman-u topmasman nega?..

Rus tilidan Oydin Hojiyeva tarjimasi