Tatyana Nikolayevna Sivets (Tatstsyana Mіkalayeo‘na Sіvets, 23 iyun 1982, Minsk) — belorus shoirasi, publitsist, dramaturg, tarjimon. «Lіtaratura і mastatstva» jurnali bosh muharriri, Belarus yozuvchila uyushmasi a’zosi.
* * *
Har kuzakda o‘rtamizda ko‘priklar yonar…
Har kuzakda yo‘qotamiz nenidir jo‘shqin…
So‘nggi kuzak… So‘nggi on… deb bu qalb ishonar,
G‘arq aylaydi borlig‘imni… Bu siyoh to‘lqin…
Ko‘ngil ichra uziladi omonat rishta…
Jarroh shamol ulab-chatib tilaydi to‘zim.
Bu kuzak ham ta’qib etar uning izmidan –
Chiqib ketmoqlikka netay, yetmaydi ko‘zim…
Derazadan boqqil, qondek qizargan o‘rmon…
O kun sayin qorayadi hatto kunlar ham…
Kuz guvohlar izlarini yo‘qotar har on,
Qoldirmas u senga eltar so‘qmoqlarni ham…
Ammo, shuni unutmagil, ketmoqchi bo‘lsang,
Yodda tutgil, sen ham endi o‘zingnikimas,
Faqat yolg‘iz menikisan, kuzaknikimas…
Endi faqat menikisan, jonim… Har nafas…
* * *
Asta shivirlayman men qorga… asta…
Qulog‘im ko‘tarolmas jarangingni hech.
Sen mening lablarim uchun qaynoqsan.
Elkamga tushmagil… bor, yukingdan kech…
Salom deyman asta yomg‘irga… jim bo‘l….
Elkamu yuzlarim silama bir pas…
Yonimda bir lahza o‘tirib yig‘la,
Lek yomg‘ir ketadi, taftim kerakmas.
Nechun sukutdamiz, mening quyoshim,
Biz uchun ne yetmas, nechun yo‘q sado?
Sening ko‘zlaringda qorlar ortidan,
Yomg‘irlar yog‘moqda aytgancha vido.
Yolvorib so‘rayman o‘zingdan tanho,
O‘tinchlarim aslo topmas nihoya.
Quyoshim, bir zumga sukutingni qo‘y,
Menga bahor haqda qilg‘il hikoya.
* * *
Senga mos kelay deb doim intilgum…
Qaddimni tik tutgum, o balki bo‘lar.
Qo‘ng‘iroqxonaday yuksaksan hamon.
Go‘yo suv bosganday atrofing to‘lar.
Qancha intilmayin, balandsan har dam,
Men uchun o senga tenglashish mahol.
Mening ikkilanish, orzularimday,
Ikkiga bo‘linish demakdir darhol.
Mening o‘tinchlaru iztiroblarim,
Mendan bo‘lak hech kim tasvirlay olmas.
Lek uni hech kimsa ololmas ilg‘ab,
Yuz ellik rang, tusda tovlanar besas.
Sen-chi, meni qayta tasvirlayabsan,
Mayli kel, rang bergil, chizgil suratim.
So‘zlarda jam erur mening izhorim,
So‘zlarda jam erur Abadiyatim.
Men go‘yo notugal yozilgan she’rman,
Tanho bir ma’voman, yulduzsiz tuni.
So‘nggi harfigacha sabr et, bardosh ber,
Faqat so‘ngigacha o‘qigil uni!…
* * *
Bu shaharda, u keng maydonda hokim edi mangu qahraton,
Aytib bo‘lmas to‘satdan uni, tutqunlikning makonimi yo?
Uchi yalangoyoq muz uzra raqs tushardi sovuq maydonda,
Raqs tushardi… Har tun tonggacha, kular edi undan bu dunyo.
O‘sha sovuq tosh yo‘llar uzra qon to‘kardi uyg‘ongan quyosh,
U sezmasdi tizzasi sinib, qo‘llari muz qotganin hatto.
Odamlar-chi, undan kulishib, o‘zin chetga olardi darhol,
U tinmayin raqsga tushardi, bu olomon ichida yakto.
Ketar ekan oqshom qaytmoq-chun, qoldirardi qonli izlarin,
Quyoshdan ham avval shoshardi izg‘irin ham qilmas edi kor.
Raqs tusharkan ishonch-la bari bo‘lar derdi bir kun boshqacha,
Chunki o‘sha sovuq maydonda, muz ostida uxlardi bahor.
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi