Mikolay Mixaylovich Metlitskiy (Mіkalay Mіxaylavіch (Mіkola) Myatlі́tskі; 20 mart 1954, Gomel viloyati — 27 noyabr 2021) — belorus shoiri, tarjimon, publitsist, jurnalist. Belarusda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2019). Yanka Kupala nomidagi Belarus davlat mukofoti laureati (1998).
VATAN
O, Vatan, dala-yu o‘rmonlaring-la,
Mening ko‘z oldimda bo‘lding namoyon.
Sening maftuningman, masrur sanayman,
Yuksak qarag‘aylar safi bepoyon.
U qumli sohilga tutash orolda,
Bahor kuylariga to‘lmish yangi kun.
Falakka duola shukrona aytgum,
Borliqning bu zangor chiroyi uchun.
Shu daraxt shoxlarin ko‘rkin bir umr,
Ey Xudo, muhrlab yuragimga sol.
Vatanim timsolin dilimga jo qil,
Mehribon onamning siymosi misol.
Faqat ko‘z yumsam bas, bo‘lar namoyon,
Qarag‘aylar cheksiz lashkarday turar.
Oltin qumlar uzra oltin quyoshda,
Ularning tanasi zirxday yaltirar.
Bu qo‘shin qudratli shoxlari bilan,
Ortimdan bosh silkir, jonbaxsh nafasi.
O‘ngimu tushimda bag‘ishlar huzur,
Men uchun ularning jarangdor sasi.
Kuz. Shamol beorom, bilmaydi tinim,
Ayozli tunlarda yovuz uvillab.
Tonggacha bu cheksiz o‘rmonlar ichra,
Yomg‘irlar zulmatni chiqar savalab.
O, fusunkor yerim, o, qarag‘aylar,
Sizga talpinmayin, sevmayin nechun?
Eng go‘zal qo‘shiqdir mangu sasingiz,
Bundan qadrliroq ne bor men uchun?!
O‘ZBEKISTONGA
Senga salom yo‘llayman, ey, O‘zbekiston,
Bag‘rikeng, muhabbat, mehr diyori!
Vatanim fashistlar toptagan paytda,
Zamin jarohatdan titragan paytda,
Yaqin jigarlarday bag‘ringga bosding,
Sen mening ezilgan qondoshlarimni.
Shifobaxsh to‘lqinlar xotirasidek,
Do‘stlikni kuyladi mehr qalami.
Alangali she’rlar, g‘azabla qaynab,
Yovlarga sochildi Kolas alami.
Bu she’rlar urushning yovuz ko‘ksini –
Jaholat loshini, o‘q kabi teshgan.
Qancha qurbonlarning bunda qoni bor,
Biz uchun muqaddas bu g‘alaba – sha’n.
Garchi yillar o‘tar zamonlar osha,
Urush jarohati, og‘rig‘i bitmas.
Millionlab qalblarga ingan dardlarni,
Zamin yomg‘irlari yuvib ketolmas.
O‘yga cho‘mib turar Kolas siymosi,
Yuksak Chimyon sari boqqanday ko‘zi.
Toshkentlik yoshlarning mehrini tuyib,
Yorishib ketganday shoirning yuzi.
Endi mijjasida ashklar izi yo‘q,
Yana qaytib keldi bu aziz mehmon.
Yorug‘ mehring uchun olis diyordan,
Senga salom deyman, jon O‘zbekiston!
* * *
Shabnam kabi yurak titrar beg‘ubor,
Taqdir goh o‘ksitar, siylar gohida.
Mening ko‘nglim ichra ulg‘aymish viqor –
Bir davlat tiklandi zamin rohida.
Diyorim yashnatsin yangi kun, zamon,
Cheksiz faxru g‘urur chulg‘ab tanimni:
Degum, peshonamda bor ekan bu on,
Masrur qarshilamoq yosh Vatanimni.
Mayli, yashash nuri tushib qalbiga,
Erksizlik tutmasin bu yurtni takror.
Bo‘lajak davlatim devorlariga
Baxt satridan qo‘ygum yorqin poydevor.
* * *
Agar qush bo‘lolsang – qarg‘a bo‘lmagin,
Dalada o‘limning ko‘zin cho‘quvchi.
Agar bulut bo‘lsang – bo‘lma hech qora,
Tirik boshoqlarni urib, to‘kuvchi.
Daraxt bo‘lsang – xoin tog‘terak bo‘lma,
Gunohi-chun titrab uqubat totgan.
Tosh ersang – kimsasiz, keraksiz bo‘lma,
Ko‘hna qabr uzra mog‘orlab yotgan.
Agar olov bo‘lsang – g‘azabkor bo‘lma,
Ortingdan kul emas, elga taft yetsin.
Agar qo‘shiq bo‘lsang – quyosh kabi bo‘l,
Toki ko‘hna dunyo charaqlab ketsin!
* * *
– Ayting, ey qudratli, asov shamollar,
Bundayin jur’atni qaydin oldingiz?
Shiddatli bo‘ronlar payti yengiltak –
Daraxtlarga tinmay qo‘rquv soldingiz?
– Biz ko‘m-ko‘k bepoyon ummonlar uzra,
Uchib bordik olis yerlargacha to.
Bizdagi mustahkam bu ulkan kuchni,
Shiddatli to‘lqinlar etdilar ato.
– Aytgil ey beshafqat olov, sen nedan,
Quvvat olding, toshmish bag‘ringda kuching?
Bu oqsochli qadim, ko‘hna zaminga,
Buncha falokatni qaydan keltirding?
– Bilsang men qaldiroq chaqmog‘i bo‘lib,
Zamin uzra qizil sochlarim yoydim.
Bu tengsiz jur’atni hamda quvvatni,
Daraxt shoxlaridan oldim, kuchaydim.
– Sen ham ayt, qadrdon ey Ona tilim,
Qay buyuk kuch sening tikladi qadring?
Og‘ir u qismatlar ichra ko‘p bora,
Qabrlar tubidan qadding rostlading?
– Yo‘q, men chaqmoqlardan olmadim qudrat,
Ummonlarmas, so‘rma ne deb imkoning.
Menga tuganmas kuch etguvchi ato,
Sening sadoqating, mehring, vijdoning!
* * *
Menga aytishgandi: o‘rmon ortida,
Bilq-bilq qaynab turgan buloq bor zilol.
Unga lab tekkizib, ichib to‘ymaysan,
Ko‘kdan nur inadi, tun bo‘yi hilol.
Menga aytishgandi: yana qaydadir,
Daryo ortidami, shunday dala bor.
Suv tanqis bo‘lsa-da, javdar, marjumak,
Hech qachon qurimas, sirli qudrat yor.
O, yana kimlardir shunday deyishgan,
Qaydadir yulduz bor, es-hushing olar.
Bir nigoh-la dilni qayg‘uga tashlab,
G‘alayon solaru, ko‘zdan yo‘qolar.
Men bularga aslo shubha qilmayman,
Bu so‘zlarga imon keltirar dilim.
Axir, bu ta’riflar barchasi rostdir,
Bular sen haqingda ey, Ona tilim!
* * *
Abadiyat topgan qancha ishq vasfi,
Nomlar bor yuksalgan cho‘qqilar qadar.
Axir, shu sevgida ilohiy tal’at,
Axir, shu sevgida qancha g‘am, kadar.
Qancha shoir bedor, tong otguncha to,
Mangu oshiqlarning qismatin bitgan.
Boqiylik yo‘lini gullarga burkab,
Qancha ishq karvoni bu yo‘ldan o‘tgan!
Badnomlikdan qancha dil topgan qismat,
Chidab qor-bo‘ronlar uvillashiga.
Otilgan toshlarga qilolgan sabot,
Dosh bergan olomon guvillashiga.
Gohida tazarru so‘zin shivirlab,
Nadomat ko‘yida so‘ylashgan bot-bot.
Gohida muhabbat totin tuyolmay,
Ishqdanmas, sharobdan topganlar najot.
Har qanday istakni bajo etganlar,
Qalbda jilovlolmay muhabbat kuchin.
Shafqatsiz urushlar, qancha qurbonlar –
Berilgan birgina yor qadri uchun!
Qasrlar yo‘q bo‘ldi, o‘chmadi lekin,
Asrlar ko‘ksida yozilgan zarhal.
Mangu pok sevgiga chin timsol bo‘lib,
Hamon lol qoldirar bizni Tojmahal!
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi

