Moris Meterlink (Maurice (Mooris) Polydore Marie Bernard Maeterlinck; 29 avgust 1862, Gent — 6 may 1949, Nitstsa) — belgiyalik shoir, yozuvchi, dramaturg va faylasuf. Frantsuz tilida ijod qilgan. 1911 yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan. “Moviy qush” nomli falsafiy rivoyat-pesaning muallifi. Uni 1889–1894 yillarda yozgan pesalari mashhur qilgan. Meterlink qo‘g‘irchoq teatri uchun ham “Ichkarida – u yerda” (1894) va “Tentajilning o‘limi” (1894) kabi pesalar yozgan.
* * *
– Agar bir kun qaytib kelsa u,
Nima deyin, unga ne deyin?
– Shunday deng: u kutdi ko‘p uzoq,
Kutish esa – juda ham qiyin.
– Tanimay qolsa u gar meni,
Mabodo tutsa ham so‘roqqa?
– Ayting barin bir singil kabi,
Balki u ham tushgan qiynoqqa…
Nima deyin, men nima deyin?
– Tilla uzugimni beringiz unga,
Javobiga so‘z demang keyin…
– Lek u tutsa meni so‘roqqa,
Nega olov yonmas, nega bo‘sh uying?
– Lang ochiq eshikni ko‘rsating unga,
O‘chgan chiroqni ham ko‘rsatib qo‘ying…
– So‘nggi ohlaringiz, chekkan dardingiz
Haqida so‘rasa agarda mendan?
– Jilmayib yurardi deb ayting unga,
Meni eslab yig‘lasin chindan.
* * *
Yurak sirin anglamoq uchun – ular
Uch go‘dakni o‘ldirishdi o‘tgan kunlar.
Birinchi baxtda topishdi buloq.
Shundan beri qondi tuproqda
Uch ilon uch yil saqlab yurdi iz.
Ikkinchisida yuvoshlikni topishdi ular.
Shundan beri qondi tuproqda
Uch qo‘zichoq uch yil saqlab yurdi iz.
Uchinchisida faqat azob topishdi ular.
Shundan beri uzoq uch yil davomida
Uch farishta yerda ko‘z yumolmaydi…
* * *
Sevgilisi ketdi
(G‘ijirladi eshik – bilaman)
Sevgilisi ketdi
U o‘tirar tabassum bilan…
U ortga qaytdi
(Bilaman – sezildi chiroq)
U ortga qaytdi
Endi u yo‘q edi biroq…
Shunda men o‘limni ko‘rdim
(Men bilaman uning ruhini)
Shunda men o‘limni ko‘rdim
Olib ketgan uning o‘zini…
Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi