Nik Keyv (Nick Cave, to‘liq ismi Nikolas Edvard Keyv, Nicholas Edward Cave; 22 sentyabr 1957) — avstraliyalik shoir, rok-musiqachi, yozuvchi, stsenarist. “Farishta va eshak”, “Siyoh qiroli I qism”, “Siyoh qiroli. II qism”, “Banni Manroning o‘limi” kabi kitoblar muallifi.
MEN TOMON OLIB KEL
Yaratganning yerdagi ishlarga aralashishiga ishonsam edi,
Bilaman, azizam, sen ishonasan.
Shuning uchun men Xudoga tiz cho‘kaman, Undan so‘rayman –
Eshigingga kelganimda U yoningda turmasin,
Sochlaringga tegmasin,
Qanday bo‘lsang, shunday qol,
Agar hamma narsa Uning izmida bo‘lsa,
Seni men tomonga yo‘llasin,
Men tomon olib kel yorni, Xudo,
Qo‘limga topshir.
Sen – mening farishtam,
Boshqa farishtalar borligiga ishonsaydim,
Ularning barini to‘plardim,
Sening sharafingga sham yoqtirardim,
Sening men tomon keladigan yo‘llaringni
Sham bilan yoritardi farishtalar
Muhabbat va inonch nuri bilan
Men tomon kelarding.
Men tomon olib kel yorni, Xudo,
Qo‘limga topshir.
Men Muhabbatga ishonaman,
Sen ham ishonasan, bilaman.
Ishonaman, sen va men birga
Qadam tashlaydigan bir yo‘l bor,
Shuning uchun shamlarni mahkam tutganman,
Yorimning yo‘llari yorug‘ bo‘lsin!
Umid qilaman, U yetib keladi
Va boshqa ayrilmaydi mendan hech qachon.
Men tomon olib kel yorni, Xudo,
Qo‘limga topshir.
YoRIM KETDI
Bu gal u yo‘l kabi oydin va ochiq,
Parchaladi mening darvishligimni,
Keyin u ketdi,
Yorim ketdi
Ilon po‘st tashlagan kabi
Meni tashladi bunda,
Yorim ketdi.
O‘zimni o‘zimga tashlab ketdi yor.
Yo‘l ham yorim kabi ochiq va oydin,
Biz kuldik va sarxush edik,
Ichilgan shishadek bo‘shatib
Yorim ketdi.
Ketdi yor.
Singanimni sezmadim,
Tavba uchun tongda turganimda
Qalbim jarohatin ko‘rmadim, yo‘q.
Goho
O‘lim yaqinlashganday tuyular.
Otilishga tayyor turgan kabi o‘q.
Axir ketdi yorim,
Yorim endi yo‘q.
Meni jar yoqasida qoldirib
Ketdi.
Quladimi,
Uchdimi – ko‘rmadim.
Goho menga u umuman bo‘lmaganday tuyuladi.
Yorim ketdi,
Ketdi yorim,
Ketdi-da endi…
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi