Nensi Kato (1917-2000)

Nensi Foteringem Kato (Nancy Fotheringham Cato; 11 mart 1917, Adelaida, Avstraliya — 3 iyul 2000, Nusa, Kvinslend) — avstraliyalik shoira va adiba. Filologiya fanlari doktori. “Raqs tushayotgan novda”, “Daryolar yuguradi”, “Vaqt ichra yo‘qolgan ayol”, “Mintaqa yuragi”, “Xira tortgan oyna” kabi nasriy va she’riy kitoblari nashr etilgan.

QIZ QO‘ShIG‘I

Quyoshga to‘laday edi piyola,
Darchadan oqardi subuhiy salqin,
Osmon moviy edi. “Sizni sevaman”, –
Deding menga, jonim, ko‘zlaring yolqin.

Mana, tungi ko‘lda suzgan baliqday,
Osmonda yulduzlar charx urar g‘ujgon,
Qahraton tunida nima deb aytay?..
Kutyapman.
Kelaqol.
Kel, jonon.

Sharobdan yorishgan oydin qadahlar
Tongacha taxtada qoldi nigoron…
Tongda esa… O‘zi kim aybdor?..
Ertaga kechani topmasmiz, ishon.

Bahor nafasidan barglar ipakday,
Qishning ajinini tekislar yana,
Yuragimning tindi dukur-dukuri,
Endi biz oshnomas,
Bo‘ldik begona…

DARAXT

Men bir daraxt bo‘lsaydim,
Yosh, nanihol bir ko‘chat –
Shu yaydoqlikda o‘sardim,
Barg yozardim, yashnardim.
Ildizim quchardi butun zaminni,
Yuksalardim – yulduzlarni ko‘rardim,
Tanamda oqqan sharbatini sezardim,
Shoxlarimda chug‘urchuqlar uchardi g‘ujgon…

Hijolat zanjiri nega bo‘g‘moqda?
Daraxt bo‘lsam, tayyor edim
Qushlarga har kuni silkitardim bosh,
Barglarimni har dam yerga egardim.
Uzoq yillar turar edim yaydoqda,
Ona yerimizning suvin shimardim,
Ildizimdan shoxlarimga oqar edi jon,
Shoxlarim qo‘l kabi o‘saverardi.
Daraxt bo‘lsam edi, qimirlamasdan,
Kuzatib turardim – na boshi, na oxiri yo‘q dunyo
Yonimda turlanib o‘taverardi…

Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi