Andon Zako Chayupiy (1866-1930)

Taniqli alban shoiri Andon Chayupiy (Andon Zako Çajupi) 1866 yil 27 martda savdogar oilasida tug‘ilgan. Shveytsariyada oliy ma’lumot olgan. Uning “Tomori ota” (1902), “Omonat nasihat” (1957) she’riy to‘plamlari hamda “Zamin qahramoni” (1937)dramasi va “Qazodan so‘ng” (1937) komediyasi kitob holida nashr qilingan. Shuningdek, u J.Lafonten masallari, H.Heyne she’rlari, qadimiy hind tili – sanskritchadan “Hind gulshani” (1922) she’riy kitobini tarjima qilgan. Andon Chayupiy Albaniya milliy uyg‘onish davrining mumtoz shoiri va dramaturgi sifatida qadrlanadi. Shoir 1930 yil 30 iyulda vafot etgan.

* * *

Inson nomin oqlagan
Bobokalonlarimiz.
Bir birini yoqlagan
Bobokalonlarimiz.
Yurt yukin ortmoqlagan
Bobokalonlarimiz.
Vatanni ardoqlagan
Bobokalonlarimiz.
Yurmaganlar suv kechib,
Kema ne bilishmagan.
Vafo chakmonin yechib,
Xiyonat qilishmagan.
Buqaga bo‘yinturuq,
Otiga taqa urgan.
Uy, eshik, sarpo-suruq,
Barchasi ochiq turgan.
Marza bilmagan dala,
To‘g‘on tushmagan soyga.
Odam ajratilmagan
Kambag‘al yoxud boyga.
Bir birining ustiga
Ular lashkar tortmagan.
Do‘st suyangan do‘stiga,
G‘amu anduh ortmagan.
Endi esa, e xudo,
Yovvoyilashdi bashar.
Biri biridan ayro,
Odamzot notinch yashar.
Mehru oqibat abas,
Itday talashar chandir.
Bu avlod hur bo‘libmas,
Qul bo‘lib tug‘ilgandir.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi