Osvald Jozef Mtshali (Oswald Joseph Mtshali) Yohannesburgda o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Shu yerda yashaydi; universitetni 1962 yilda tamomlagan. Talabalik yillaridan she’r yoza boshladi. Birinchi marta Jaz-haybatlilar oqshomida o‘z she’rlari bilan chiqish qildi.
1971 yilda “Sounds of a cowhide drum” (“Sigir terisidan qilingan baraban sadolari”) nomli she’rlar to‘plami bilan nom qozondi. Ingliz tilida yozadi.
OPPERGEYMER BOG‘IDAGI KAPTARLAR
Qiziq: nega Oppergeymer bog‘idagi ko‘k kaptarlarni
sudga berishmaydi qonunni buzib bu yerlarga qo‘nganiga
bu yerlar axir xususiy mulk-ku, jamoatchilik yerlarida
beadablik qilishyapti-ku?
Men har kuni ko‘raman: bu bezbet qushlar “faqat oqlar uchun” deb yozib
qo‘yilgan skameykalarga o‘tiradilar, har qanday hokimiyatni
ikki pulga olmay.
Nahot tanish bo‘lmasa ularga irqiy imtiyozlar?
To‘la-to‘kis formadagi oq politsiyachilar,
qinlarida pistoleti bilan
qonunni qo‘rqmay oyoqosti qilayotgan qonunbuzarlarga
hatto barmoq bilan ham tahdid qilmay
yonginasidan o‘tib ketadilar.
Ular esa nafaqat muqaddas kursilarga o‘tiradilar,
Hatto yana bulg‘ab ham ketadilar.
Eh! Yoqimli qoidalar! Mana bu tepaning o‘rkachida
quchoqlashib silkinayotgan ikki tantiqqa qarang:
shundoq boyvuchchalar, daydilar, hiringlayotgan idora qizlari
ko‘z o‘ngida jimo bilan shug‘ullanmoqda.
Qayoqqa ketyapti bizning dunyomiz?
Axloqsizlikka qarshi qonunlar qani?
MEN BOR-YO‘G‘I BIR YO‘LOVChIMAN
Men ko‘rdim, uni to‘qmoq bilan urardilar,
men eshitdim, u og‘riqdan bo‘kirardi,
kushxonaga tushgan qoramol kabi;
burnimga yangi qon hidi keldi,
qon uning burnidan quyilar edi,
oqib borar edi ko‘chaga.
Men cherkovga kirdim
hamda tiz cho‘kdim.
“Men seni sevaman, yo rabbim,
shuningdek, yaqinlarimni. Omin. ”
Muqaddas bir jonning betida
farishta o‘pichi qolganday,
yuragim yengillashib chiqdim ko‘chaga.
Men uyimga ketdim.
Nimadandir chetlanardi olomon.
Qo‘shnim chopib keldi
oldimga:
“Eshitdingizmi? O‘ldirishdi sizning akangizni”.
“Yo‘q-yo‘q! Men hech narsa eshitmadim. Cherkovda edim men”.
DOVYuRAK, MENING SOYaM
Mening soyam – Dovyurak laqabli tozi it;
qayoqqa bormay – orqamdan keladi;
u menga pistirma qo‘ymoqchi bo‘lgan har qanday iblis zotiga
irillaydi va tishlarini g‘ijirlatadi;
u iskaydi, aksiradi va simyog‘ochlarga bovul qiladi,
keyin o‘tganlarning barchasiga bamisoli bir xat qoldiradi:
“Men shu yerdan o‘tdim. Qo‘lingdan kelsa izma-iz kel”.
Ey-voh! O‘sha kecha men duk-duk sasini eshitdim,
u yuragimning eshiklarida dukurladi,
vujudni hurpaytiradigan dukur-dukur,
bosh bo‘ylab oyoq uchida aylanib chopadigan
tepa sochingni tikka qiladigan dukur-dukur.
Eh, sen, Dovyurak! Sen meni tashlab ketding
dumingni qisib
va burgali yirtiq to‘shamaga emaklab bording,
meni yalang‘ochu ochiq qoldirib.
Men sovuqdan qaltirab, o‘tloqda ilon tashlab ketgan
po‘statimni yopingim kelardi.
Barmoqlar kavlardi ko‘z chanoqlarni,
ko‘zlar uchar edi qo‘rquvdan,
ko‘zyoshlarim parashyutda sakrar edi.
Kimdir hassasini qattiqroq tiradi kindigimga,
emaklab chiqdi bir juft kulayotgan bit,
benzindan mast bo‘lgan shaytonchalarday hiringlashardi,
she’rlarim bilan to‘la qaznog‘imdan chiqarilib.
Men soatga qaradim,
yarim kecha allaqachon o‘tgan edi.
Bir burda non bilan sho‘rvani
ichimga zo‘rlab kiritarkan, tishlarim zirillardi.
Tongotar eshigining tutqichini timirskilab izlardim,
tonggi tumanning tarsakisi yuzimni uyg‘otdi.
Men o‘zimga qaradim.
Mana u, ya’ni men. Mana u, ya’ni men, soyasidan mahrum bo‘lgan,
eski kema kabi bo‘m-bo‘sh,
qachon sindirishlarin kutayotgan kema kabi.
Eh, Dovyurak! Nahotki tashlab ketding meni abadiyan?
Qoramol terisidan yasalgan baraban saslari
Bum! Bum! Bum!
Olis shimol ko‘klarida guldurakka o‘xshash
Gumbur-gumbur va o‘kiriq saslarin eshityapman.
Muqarrar bo‘rondan qochishga shay kiyikday
quloqlarimni dikkaytirdim men.
Bum! Bum! Bum!
Guldurak borgan sari yaqinlasharkan,
yaqinlasharkan janub ko‘klariga, yuragimni ezadi ular va
umidlarim borgan sari yuksalar burgutlar taxtigacha.
Bum! Bum! Bum!
Men qurbonliq mol terisidan shilingan barabanman,
uyqudagi ruhingni uyg‘otaman men.
Men muqaddas kulbalarda yashagan ajdodlaring ruhiman,
azaliy himoyachingman, azaliy qo‘riqching.
Noyob merosingdan gapirmoqchiman,
izn ber, bosqinchilar toptagan, missioner sa’yi bilan
yo‘q qilingan shonli o‘tmishingdan so‘zlayin men.
Men dalillar, aqidalar va soxta bayonnomalarni
pardasiz anglatay, sen sinchkov aqling bilan ularni ko‘rib chiq.
O! Quloq sol menga, Bolajon, nimadir u,
zuluslar raqsida yuragingni yondiruvchi narsa?
O! Quloq sol menga, Bolajon, nimadir u,
tunlari bedor bo‘lib sig‘ingan qoralarning
jazavaga tushguncha o‘qigan duolari?
Bum! Bum! Bum!
Qoramol terisidan yasalgan baraban sadolari –
Ona Afrikaning sadolaridir.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi

