Izrael Kafu Xo (Gana)

Izrael Kafu Xo 1912 yili Ganada tug‘ilgan. Ingliz va eva tilida ijod qiladi.

ChAQALOQ

Xotin, bu chaqaloq yevropalikday:
Unga yoqmayapti bizlarning ovqat.
Kaftdanmas, suv ichar idishdan faqat.

Chaqaloq injiqdir yevropalikday:
Tilin tushunmasak, ko‘tarar g‘avg‘o,
Bizning tilimizda so‘zlamas aslo.

Go‘yo yevropalik – bizning chaqaloq:
Ota-onasini tobe qilgandir,
O‘zidan o‘zgani bilmas, baqaloq.

Terisi nozik, lek qora bo‘ladi,
Salgina tirnalsa, yara bo‘ladi.

Nozikdir
Milt etgan chiroq pilikday—
Bolamiz go‘yoki yevropalikday…

DUO

O‘tardim bir kulol uyi yonidan —
U oftob so‘rardi Yaratganidan.

Dehqon chaylasiga kelganda yaqin,
Eshitdim – so‘rardi yomg‘iru chaqin.

Baliqchi shamol deb ko‘kka yozg‘irar,
Elkasida chivin… sokinlik so‘rar.

O‘ziga omadni so‘rar har inson —
Nimadir so‘raydi do‘st ham, g‘anim ham.

Tepada o‘ltirar o‘ylanib, hayron –
Kimning duosini eshitsin Egam?

Karim Bahriyev tarjimasi