Birago Diop (1906-1989)

Birago Diop (Birago Diop) – shoir, davlat va jamoat arbobi. Shifokorlik va veterinariya sohasi bo‘yicha tahsil olgan Birago Diop o‘quvchilik yillaridan she’rlar yoza boshlagan. 1934 yili Afrika xalq ertaklarini to‘plab, kitob holida chop ettirgan. Bu fidoyiligi uchun qator mukofotlar bilan taqdirlangan. Bir nechta she’riy kitobi nashr etilgan.

EShKAKChI QO‘ShIG‘I

Qora tanli eshkak eshuvchi
Bandargohda kuylaydi qo‘shiq.
U qo‘shiqning boshi qayerda
Va qayerda tugar u qo‘shiq?
Men so‘radim sayroq qarg‘adan:
“Nedan paydo uchqur qo‘shiqlar?!”
U aytdiki: “Yoz faslin ushlab
Shum shamollar to‘lqinga tashlar.
Suv esa go‘zallikni asramoq bo‘lib
To‘lqinlarni tarab, qo‘shiq boshlaydi”.

Qora tanli eshkak eshuvchi
Bandargohda kuylaydi qo‘shiq.
U qo‘shiqning boshi qayerda
Va qayerda tugar u qo‘shiq?

Bir kuni so‘radim yashil maysadan:
“Kimning kuylarini obketdi tuman?”
Ular aytdi: “Yoz faslin ushlab
Sovg‘a qilib to‘fonga otdi.
Ammo jingalak soch qariya
Go‘zallik uchun
Qo‘shiqni sochi-la ushlab,
Dengizga otdi”.

Qora tanli eshkak eshuvchi
Bandargohda kuylaydi qo‘shiq.
U qo‘shiqning boshi qayerda
Va qayerda tugar u qo‘shiq?

Bir kuni so‘radim shakarqamishdan:
“Qanday tug‘iladi dastgoh aytgan kuy?”
Ular aytdi: “Yoz faslin ushlab,
Olib uchdi bir qush falakka.
Uni yerga, gullarga terdi
Va eshkakchiga manguga berdi.

Qora tanli eshkak eshuvchi,
Mening qo‘shiqchim,
Chapdastsan g‘oyat.
Qo‘shiq qanday tug‘ilishini
Bildim nihoyat.

DONIShMANDLIK

Har qanday istagu og‘riqni otaman,
Olis o‘lkalardan uyga qaytaman.
Mayli, yoqsin kuydirguvchi tun,
Mening qayg‘u-alamlarimni.
Har qanday istagu og‘riqni otaman,
Erdan ko‘taraman qonli parchani –
Yuragimning siniqlarini,
Tovoningiz ezmagan bo‘lsa,
Tirik bo‘lsa hali yuragim,
Erdan ko‘taraman qonli parchani.
Menga nasib etar o‘ng kelar tushlar
Va uchib keladi yorqin bir soat.
To‘rt tomondan to‘rt shamol kelar,
Horg‘in ko‘zlarimni erkalaydi-yu,
Ro‘yoga aylanar tushlarim abad.

AJDODLAR NAFASI

Ilohiy ovozlarni tinglagin goho,
Diqqatingda bo‘lsin o‘tmish bayoti.
Shitirlaydi olov ovozi,
Oynalidir suvning ovozi,
Dalalarda kezib yuradi
Ajdodlar yodi.
O‘rgangan joyidan ketmaydi ruhlar,
Gohida abgor,
Qadrdon o‘lkaga qaytar ketganlar,
Qora tuproqni etmayin makon,
Shamol bo‘lib osmonga ko‘chdi.
Zavod ichra suv kabi tinib,
Sharsharada suv o‘ynaydilar.
Olomon ichra yurar, qo‘rg‘onni qo‘riqlar
O‘lmaydilar, o‘tib ketganlar.
Ajdodlar o‘lmasdir,
Bunda qolmish jami o‘tganlar.
Foniy yerning ustida ular,
Qadrdon joylardan ketmas o‘liklar.
Onalar ko‘ksida ular
Kelinlarning kulgisida-yu
Chaqaloqlar yig‘isida bor.
Har burchakda ular namoyon,
Quruq yerni etmaslar makon.
Maysalarning shivirlarida,
Raqs tushadi gulxan yonida.
Ular bizning oshyonlarni
Maskan aylab, manzil etganlar.
Mustahkamdir kun-ba kunimiz,
Ular bilan bog‘liqligimiz.
Ular yaqin – barmoq tekkudek,
Qalbimizga yaqin turarlar.
Ular bizning saflarimizda,
Bamisoli tirik yurarlar.
O‘lmagandir, o‘tib ketganlar.
Nozik iplar bog‘liq ular-la
Tortib turar bizlarga tomon.
Kengliklarga qo‘nadi ular,
Shamol bo‘lib yo‘llarida shoshar.
Qavjiragan o‘t-o‘lanlaru
Shitirlaydi tom qamishida.
Kesilgan daraxtlar o‘rnidan bo‘ylar
Zavodda uxlaydi, sharsharada o‘ynaydi.
Ular yodi kuch berar bizga,
Aslo ketmas vafot etganlar,
O‘lmas ruhi zaminimizda.

Rus tilidan Zulfiya Mo‘minova tarjimasi