Yuxan Borgen. Yozuvchi bo‘lmoq nima degani?

Yozuvchi bo‘lmoq qalbingni odamlarga ishonib ochib bermoqdir. Albatta, fikrlarni bayon qilish bilan bog‘liq yozma faoliyatning boshqa shakllari ham bor. Ular istagan narsaga – ilmga, texnikaga, hunarga, falsafaga, siyosatga, dinga taalluqli bo‘lishi mumkin. Bularning so‘nggi uchtasi masalasiga kelsak, biz bayondagi muayyan tamoyil haqida gapirmog‘imiz mumkin. Shu tarzda tashviqot, da’vat maydonga keladi. Xuddi shu tarzda bayonning ham qurama shakllari paydo bo‘ladi. Ular osonlik bilan biz badiiy asar deb ataydigan narsaga ham aylanib ketishi mumkin. Bu tushunchalarni bir-biridan farqlash hamma vaqt ham oson ko‘chavermaydi. Bizning davrimizda bizga o‘xshagan badiiy adabiyot bilan bog‘liq bo‘lgan odamlar bu so‘zni ko‘pda yoqtiravermaymiz. Sirasini aytganda, juda balandparvoz, dabdabali so‘z-da! Undan ko‘ra ko‘proq biz “nafis adabiyot” demoqni ma’qul ko‘ramiz. Lekin bu atamani ham muvaffaqiyatli deb hisoblash ancha qiyin.
Negaki, “nafis adabiyot” degani biz har narsadan avval intiladigan narsa emas-da… Rost, ko‘p hollarda biz shu so‘zni qo‘llaganda nimani nazarda tutishimizni odamlar tushunishadi. Xo‘sh, biz bu so‘z zamirida nimani nazarda tutamiz? Hamma narsadan avval bunda gap “qayta yaratish” ustida boradi. Bu esa xayolot tushunchasi bilan bog‘liq. Xo‘sh, sirasini aytganda, xayolot deganining o‘zi nima?
Ko‘plarga shunday tuyuladiki, go‘yo bu tushuncha bo‘m-bo‘sh osmonlarda parvoz qilib yuradi. Biroq bunday emas, xayolot hamisha taj­ribaga, kuzatishga asoslanadi. Bunday deya qolaylik – xayolot tajribani ilib oladigan bir uskuna. U bizning fikrlarimizni kerakli tomonlarga yo‘naltirib turadi. Biz avvallari boshimizdan kechgan u yoki bu taassurotlarimizning rolini hamma vaqt ham yetarli darajada ko‘z oldimizga keltira olmaymiz. (Holbuki, o‘tmishning ayrim taassurotlari hamisha biz bilan.)
Nazarimda menga shunday tuyuladiki, ko‘pchilik odam maktabga birinchi bor qadam qo‘ygan kunini yoxud suzishni o‘rganib olgan kunini yaxshi eslab qoladi. Bundan tashqari, birinchi muhabbat ham xotirada qoladi. Biroq hatto ana shu o‘ta muhim voqealarga nisbatan ham biz ularning hamma tafsilotlarini to‘laligicha eslab qolganmiz, deb ayta olmaymiz. Maktabga borgan birinchi kunimdan hammadan avval esimda qolgan narsa o‘sha kezlarda ko‘tarib yurgan jildimning hidi. Bu jilddan og‘ilning yoki otxonaning hidi kelardi. Jildim teridan tikilgan bo‘lib, aftidan, otxona hidi shu teridan taralgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ot hidi maktabga qadam qo‘ygan birinchi kunim bilan bog‘liq ravishda umrbod xotiramda o‘rnashib qolgan. Ko‘z o‘ngimda sinfxonamiz aniq-taniq namoyon bo‘ladi, xotiramda ovozlar, odamlarning aft-basharalari, Reydar degan o‘rtog‘imning qulog‘i gavdalanadi. Reydarning nomini eslashim bilan xotiramga boshqa ismlar, boshqa ovozlar, boshqa aft-basharalar keladi. Mening butun vujudimni xotiralar quyuni qamrab oladi. Jug‘rofiya darsligining ko‘k muqovasi esimga tushadi va shu vaqtning o‘zida Knut degan bolaning Kristian degan bola bilan mushtlashganini eslab ketaman. Menga Knut ko‘proq ma’qul edi, shuning uchun men uning tarafida edim. Mening xotiralarimda ham Knut g‘olib bo‘lib qolgan.
Endilikda men adib bo‘ldim. Buning boisi shundaki, men otning hidini eslab qolganman. Aminmanki, hamma ham shunga o‘xshash voqeani boshidan kechirgan. Har bitta odam – shoir, shu ma’nodaki, allanechuk xotiralar bahonasida unda turli fikrlar tug‘iladi. Bu fikrlar yangi fikrlarga turtki beradi, ular esa xayolot olamini uyg‘otadi.
Ba’zi hollarda biz juda yaxshi anglab turamiz – bizning xotiralarimiz xayolot olamining g‘aroyib o‘yinlari bilan bog‘lanib ketgan. Ba’zan bizning xotiralarimiz ongimizda turgan-bitgani haqiqatday gavdalanadi, ba’zan esa ular to‘qima sifatida namoyon bo‘ladi. Ammo agar ana shu “yolg‘on”, ana shu “to‘qima” shunday bir shakl­ga kirsaki va bu shakl ularga ham biz haqiqat deb atagan narsaga xos bo‘lgan tugallik baxsh etsa, unda ular ham biz badiiy adabiyot deb ataydigan narsaga aylanishi mumkin. Bu o‘rinda endi men boyagina “yolg‘on” deb atagan narsamga hurmat bilan munosabatda bo‘laman, chunki u mening asarimga asos bo‘lib xizmat qilgan quruq-yalang‘och haqiqatdan ko‘ra chinroq bo‘lishi mumkin…
Men yuqorida aytdim – xayolot samolarda parvoz qilib yuradigan narsa emas, balki sinalgan, boshdan kechirilgan narsalardan o‘zining ildiziga ega bo‘lgan narsadir. Bu gaplarning hammasi to‘g‘ri, faqat biz hamma vaqt ham o‘z tasavvurlarimizning mohiyatini chuqur anglab yetmaymiz. Buning ikkita sababi bor. Bir sababi shundaki, bizning taassurotlarimiz endi tug‘ilayotgan paytdayoq siqib chiqarilgan. Bu taassurotlar siqilib, bir chekkaga surilib qolgan, ularni unutib yuborishga harakat qilingan. Buning ham har xil sabablari bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biz ular to‘g‘risida to‘xtab o‘tirmaymiz. Boshqa sabab shundaki, sodir bo‘lgan voqea hayotimizning juda ilk bosqichida ro‘y bergan bo‘lishi mumkin. (Bu ilk bosqich hatto homilalik paytiga ham to‘g‘ri kelar.) Bu esa odatdagi tushunchadagidek eslab qolishga yo‘l bermaydi. Menga qolsa, “xotira” so‘zini “esdaliklar” so‘zi bilan almashtirgan bo‘lardim. Albatta, bu so‘z eskicharoq jaranglaydi, lekin avvalgisidan chinroq. Shoirona ijod vaqtida ro‘y beradigan narsa hozirgi daqiqada xotiralar qatlami ostida yashirinib yotgan xotira parchalaridir. Bularning bari bir soniya va hatto bir soniyaning bo‘laklari mobaynida ro‘y beradi. Biz hammamiz shunga o‘xshagan kechinmalarni boshimizdan o‘tkazganmiz. Bu tuyg‘u butun vujudimizni kezib chiqadi-yu, keyin g‘oyib bo‘ladi. Ba’zilar buni ilhom deb atashadi. Yomon so‘z emas. Siz yoshlar ham vaqti-vaqti bilan bunaqa tuyg‘ularni boshdan kechirib turasiz. Faqat bu to‘g‘rida kamdan-kam gapirasiz. Aftidan, Sizlarga bu narsa bulutlar uzra sayrday bo‘lib ko‘rinsa kerak. Lekin bu shunchaki bulutlar uzra sayohat emas. Bu o‘rinda men Sizlarga bir maslahat berishga jur’at etaman – Siz o‘sha kayfiyatga beriling, uni o‘zi­ngizda uzoqroq saqlab qolishga tirishing. Ilhom kelganda sanoqli sekundlar mobaynida Siz shoir bo‘lib qolasiz. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring – agar shunday daqiqalar hayotingizda borgan sari ko‘proq va ko‘proq takrorlanib tursa nima bo‘ladi? Shoirning maqsadlaridan biri – ana shunday lahzalarni muhrlab qoldirish yoxud qaytadan yaratishdir. Shuning uchun ham men Sizlarga “Uyg‘oninglar!” deb xitob qilyapman. Biz “voqelik” deb ataydigan narsadan bosh olib qochmoq uchunmi? Yo‘q, aksincha. Voqelikni yorqin, chinakam manzaralarda muhrlab qoldirish uchun!
Albatta, hammaning ham professional shoir bo‘lishga iqtidori yetishavermaydi. Biroq biz ilhomli onlardan foyda chiqaza bilmog‘imiz darkor. Bu shuning uchun zarurki, bizning zamonimizda manaman deb yaqqol ko‘rinib turuvchi foyda bilan bir necha muddat o‘tgandan so‘ng ziyonga aylanib qoladigan narsa o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tishini aytib berish oson emas. (Men, masalan, ekologik tanazzulni nazarda tut­yapman. Ekologik tanazzul nima ekanini hammangiz ham, tabiiyki, yaxshi bilasiz. Bilmasanglar, muallimlaringizdan so‘rang. Muallimlaringizning hammasi ham ovsar emas).
Agar Siz hayron bo‘lib, mendan “Bu badiiy ijod deganingizning o‘zi, aslida, nimaga kerak?” deb so‘rasangiz, men javob beraman: badiiy ijod odamzodni faolroq qilmoq uchun, uning qobiliyatlari, xayolot kuchini rag‘batlantirmoq uchun va shu bilan unga ato etilgan hayotni yanada to‘laqonli qilmoq uchun kerak. Negaki, badiiy asar – axborot degani. Yuqorida gapirib o‘tganimdek, muallif qalbining eng teran puchmoqlarida ardoqlab yurgan boyligini sizga ishonib ochib beradi. Yana bir bora takrorlayman – eng ardoqli boyligini! Sen bu asarni o‘zing xohlagan ko‘ylarga solishing mumkin, undan yuz o‘girishing mumkin. Agar haqqim bor deb hisoblasang – unga tupurishing mumkin. Yoki uni qabul qilishing, jilla bo‘lmasa, bir daqiqaga qabul qilishing mumkin. Ana shunda bizning o‘rtamizda mubohasa boshlanib ketadi. Biz – yozuvchilar esa, sirasini aytganda, ayni shu maqsadga intilamiz.

Ozod Sharafiddinov tarjimasi