Quyosh o‘sha kech ufqni norinj rangiga bo‘yab, tog‘lar ortiga cho‘kib borardi. Abu Sabr bir qo‘lida chamadon, bir qo‘lida hozirgina tutilgan baliqlar bilan uyiga qaytardi. Cho‘ntagida esa — bir oyda to‘plagan mablag‘i. To‘g‘ri, bir qismi kira haqiyu boshqa mayda-chuyda xarajatlarga ketdi. Abu Sabr qancha vaqt o‘tganini bilmaydi, ko‘zini ochsa, Ommonga yaqinlashib qolibdi. Oldinda hech narsa ko‘rinmaydi. Sahro go‘yo qora chodirga o‘ralgandek. Ahyon-ahyon o‘tkinchi mashinalar uchrab qoladi. Abu Sabrning yuziga yozning kechki shabadasi urilardi. Lekin uning ko‘ngliga qil ham sig‘mas, xayolidan odamlarga tirband port manzarasi nari ketmasdi. U yerda ko‘rganlarini endi unutmog‘i qiyin. Jazirama issiq, portdagi ur-yiqit… hamma-hammasi ko‘ngilni aynitadigan darajada edi.
Sanitar qiz Abu Sabrdan chaqaloqning ismini so‘raganda hech ikkilanmasdan: «Intisor» (arabcha, g‘alaba) deb javob berdi. Chaqaloq dunyoga kelganida Sinay yarim orolida va Gollan nishabligida to‘plarning gumburlagan ayanchli sadosi tinmagan, biroq u o‘g‘li tug‘ilishi bilan g‘alaba arablar tomonida ekanligini o‘zicha bashorat qilgandi.
Mashina chiroqlari moviy rang yo‘lko‘rsatgichni yoritib yubordi. Yo‘lko‘rsatgichda bitilgan «Ommon — 10 km» degan yozuvni u aniq ko‘rdi. Abu Sabr ko‘ylagining yenglarini qayirib, soatiga qarab qo‘ydi. «To‘qqiz bo‘libdi-ya». Hali uyiga borguncha ancha vaqt o‘tadi. Bolalari uxlashmagan bo‘lsa kerak. Sabar ham so‘nggi imtihoniga tayyorlanyaptimi? Odamlarning aytishicha, Sabar yaxshi bola, tarbiya ko‘rgan, dilkash. Bir necha oydan so‘ng u o‘rta maktabga boradi. Abu Sabr toki o‘g‘li dorilfununga kirib, muhandislik diplomini olmas ekan, uning yonida turadi, o‘g‘il o‘qishini tugatgandan keyingina Abu Sabrning dam olishiga imkon tug‘iladi… O‘g‘li uy qurib beradi. Ana o‘shanda Abu Sabr har oy oxirida ijara haqini to‘lashdan qutuladi, ayni paytda yigirma dinori cho‘ntagida qoladi, so‘ng pul topish ilinjida uyidan chiqib tentiramaydi ham. To‘g‘ri, Ommonda portdagiga nisbatan ancha kam haq to‘lashadi.
Abu Sabr mashinadagilarning e’tiborini tortish uchun chuqur uh tortdi. «Yo olloh, o‘z panohingda asra!» U cho‘ntagidan sigareta chiqarib tutatdi. Tun zimiston bo‘lib, olis-olislarda porlayotgan muallaq chiroqlar shu’lasi ko‘zga chalinadi: bir, ikki, uch… o‘n… Abu Sabr butunlay xayolga cho‘mganidan ko‘kragiga uchib tushgan sigareta kulini sidirib tashlashni xayoliga ham keltirmasdi. Mashina hamon yo‘lda, shaharga tobora yaqinlashib borardi.
Shaharga allaqachon qorong‘ilik pardasini yoygan bo‘lsa-da, sotuvchilar do‘konlarini yopishmagan edi. Chiroqlar shu’lasida baliq va boshqa taomlar ortilgan aravalar qatnab turardi. Abu Sabr mashinadan tushib, ko‘chaning o‘ng tarafiga o‘tdi-da, taksi kuta boshladi. «Xotinim hali uxlamagandir-ov! — xayoldan o‘tkazardi u. — Odatdagidek bugun ham kech kelishimni biladi-ku!..» Abu Sabr yoniga kelib to‘xtagan taksiga o‘tirdi.
Xayolida — xotinining yoshligi… Ana u, oydin tunda Abu Sabr tomon talpinmoqda… Keyin to‘ylari bo‘lib o‘tdi, qishloqning markaziy maydonidan yetti kun musiqa shovqin-suroni arimadi… Kunlar ketidan kunlar o‘taverdi, xotini esa kun sayin to‘lishib bordi. Oh uning o‘sha vaqtdagi sevinganlari!.. So‘ng o‘g‘li Sabar paydo bo‘ldi. U kunma-kun ulg‘aygach, to‘ng‘ichini Ramollohga botinka xarid qilgani birga olib bordi. Keyin Salim va Oyshalar dunyoga keldi.
«Eh, Abu Sabr, yuzlab, millionlab arablar o‘z go‘shasini tashlab, jon saqlash umidida tentirashlari qaysi birining tushiga kiribdi? Sen ularni so‘kasan, nega qochganligini bilging keladi. Sen Abu ali Muti al-Majalaviyga malomat toshlari otasan. Qishloq do‘konida: «Isroil soldatlari qilich yalang‘ochladi-yu, sizlar nega qochdilaring?» — deb so‘raysan.
Sen, Abu Sabr, isroilliklarning maqsadini bilasanmi? Sen ularning minasi portlaganida tunni kundek yoritib yuborishini o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingku!..»
Abu Sabr mashina yengilgina silkinib to‘xtaganida o‘ziga keldi. Tushdi. Bir oz yurgach nihoyatda horiganligini sezdi. O‘ng tomonga burildi. Ilgari bu yerlarda ariqchalar bo‘lardi. Endi esa… U vaqtning bunchalik shiddatli o‘tayotganidan hayratda qoldi. Xayolida Ommonning elliginchi yillardagi manzarasi… Hozirgisi bilan muqoyasa qilib ko‘rdiyu butunlay o‘zgarib ketganini tan oldi. Shahar ayni paytda xuddi kelinchakdek gulgun yashnagan. U alamidan kulsa-da, qo‘nalg‘a tomon yurdi. Shu daqiqada Ommon unga holdan toyib, bo‘yoqlari ter aralash oqib tushayotgan raqqosaning yuziga o‘xshab ketdi. Ro‘parasida bir necha jandarma xodimlari yo‘lakda gurunglashib o‘tirardilar.
«Sen, Abu Sabr juda charchagansan, yana ozgina chida. So‘ng bir necha kun xotining, bolalaring yonida dam olasan. Keyin yana jazirama issiqda portdagi ishingni davom ettirish uchun yo‘lga chiqasan. Bir muddat o‘tsin, xotining va bolalaring bilan yuzma-yuz bo‘lasan… Uxlab yotganingda, allamahalda uyqusi buzilgan Xadicha va Mahmudlarning yig‘isidan cho‘chib uyg‘onasan. Ikkovi shirintoylaring orasida eng to‘polonchilari».
Abu Sabrning yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib dukullaydi. U bir necha bor eshikni taqillatsa ham hech kim javob bermasdi.
Abu Sabr, esingdami, ijara shartnomasi o‘z kuchini yo‘qotganida sen og‘och zinaning eng yuqorisida turgan eding. O‘sha paytlarda kuching ko‘p edi. O‘zingga o‘zing buyruq bergandingki, «Bolalaringga o‘lmay turib uy qurib ber, toki ular yerto‘ladan xalos bo‘lishsin», deb. Mana, oradan qancha yillar o‘tib ketdi, lekin haligacha boshpanang yo‘q, Abu Sabr…
U alamdan xo‘rsinib, yana taqillatishda davom etdi, biroq hech kim javob qilmasdi. Abu Sabr egilib eshik tirqishidan mo‘ralagandi, ko‘zi xira shu’laga tushdi. Ko‘ngli sal tinchib, yana taqillatdi. U ichkaridan Halimaning uyqusiragan ovozini eshitdi. Halima erini tanib eshikni ochdi. Abu Sabr ichkariga kirib hol-ahvol so‘radi, bolalarining salomatligini surishtirdi. Halima, «tinchlik, tinch o‘tiribmiz», dedi.
«I-e, hammasi joyida bo‘lsa, nega uning ovozi g‘alati, mungli? Meni odatdagidek kutib olmadi-ku? Hatto bag‘rimga bosishga chog‘langanimda ham qarshilik ko‘rsatdi-ku?»
Abu Sabr botinkasini yechib, sekin karavotga cho‘zildi. Halima oshxonaga o‘tdi.
«Balki bolalardan birining tobi yo‘qdir».
Abu Sabr shu xayolda irg‘ib turdi-yu, narigi xonaga kirib chiroqni yoqdi, bolalarining yuziga termuldi. Bolalari shiringina uxlayotganidan ko‘nglidagi alag‘dalikdan g‘ubor ham qolmagach, qaytib chiqdi-da, yana cho‘zildi.
«Balki hech narsa bo‘lmagandir?.. Yo‘q, u nimadandir xafa. Bunga imonim komil»…
Halima ovqat keltirdi. Abu Sabr yemak uchun o‘tirganida Halima esa uning yoniga cho‘kkaladi. Abu Sabr so‘radi:
— Halima, senga nima bo‘ldi?
— Hech narsa. Hammasi joyida, — deb ko‘zlarini yashirgancha javob berdi.
— Halima! Nima bo‘ldi gapirsang-chi? — deya qat’iy takrorladi u.
— Ertaga aytaman, — dedi bir oz jimlikdan so‘ng Halima.
Bu javobdan Abu Sabrning boshiga og‘ir gurzi tushganday bo‘ldi. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titray boshladi.
«Abu Sabr, sening o‘ylaring to‘g‘ri. Halima haqiqatan ham g‘amgin. Uning qalbida nedir g‘ashlik bor, ana, ko‘zlari qanday g‘amgin!..»
— Yo‘q, Halima, hoziroq ayt! Xudo haqqi, sen aytmas ekansan, tomog‘imdan luqma o‘tmaydi!..
Halima aytish-aytmasligini bilolmay garangsib qoldi. U miq etmas, Abu Sabr esa battar qistardi.
— Munitsipalitet uyimizni olib qo‘ymoqchi ekan. Bor-yo‘g‘i ikki hafta muhlat berdi. O‘shangacha…
— Qanaqa uy? Nima uchun? Nimalar deb valdirayapsan? Xudoyim, iblislardan o‘z panohingda asra!
— Men suvga qaray-chi, qaynab ketgandir, — deya xotini chiqib ketdi.
«Endi qayerga boramiz, Halima! Yigirma dinorga ikki xonalik hujrani qayerdan topamiz? Ommonda qirq dinordan kamiga hujra topib bo‘pmiz!»
— Bordi-yu, biz chiqmasakchi?! — deb so‘radi u xotinidan.
Xotini bo‘sag‘ada to‘xtab qoldi-da, qisqagina mungli javob berdi:
— Haydab yuborishadi!
— Qayoqqa?
Halima yana oshxonaga burildi.
«Halima, bizni qayoqqa haydayapti, qayoqqa? Uy uchun qirq-ellik dinor to‘lasak, keyin qo‘limizni og‘izga tiqamizmi? Bolalarni kiyintirmaymizmi? Ular o‘qimaydimi? Bularga pulni qaydan topamiz?..»
— Suv ilidi, yuvinib oling, — dedi xotini.
— Kerakmas.
— Hadeb siqilavermang, — deya xotini kulimsirab yupatmoqchi bo‘ldi. — Nasib etsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.
— Qachon nasib etadi?
«Eh, Abu Sabr qanaqasiga yaxshi bo‘lardi! Qirq dinor — ijara haqiga, ustiga ustak, ro‘zg‘orga sarflanadigan xarajatlar… Endi na hujra, na ovqat va na kiyim uchun yetkazib bo‘ladi. Mabodo bir xonali uy topilsa-chi? Unda o‘n kishi bir-birining ustida qalashib yotishiga to‘g‘ri keladi».
— Bolalar tamaddi qilishganmi? — deb so‘radi u jahlidan sal tushib.
Halima «ha» degandek bosh irg‘adi. Abu Sabr chuqur uh tortdi. Karavotga cho‘zilganida yelkayu ko‘kraklarida chidab bo‘lmas og‘riq tuydi.
Bu payt liman suvlari g‘oyat sokin edi. Yuk ortilgan kemalar suv sathida jim turardi. Kulbadagi bolalar esa, ulug‘ dengiz bag‘rida cho‘milishu otalari keltiradigan tansiq taomlarni tush ko‘rishardi…
Ruschadan Asqar Haydarov tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 10-son.