To‘y qizigandan qizidi. Kelin-kuyovni allaqachon chimildiqqa kuzatib qo‘yishgan. Qishloq bo‘ylab xo‘rozlarning dastlabki qichqirig‘i eshitildi, garmonchi bisotidagi bor kuyni chalib tugatdi, uylar oyoqlarning zarbidan zir-zir titradi. Chiroqlar hanuz tevarak-atrofni yoritib turibdi, uylarning derazasidan haliyam uxlamagan o‘yinqaroq bolalar ko‘rinib qoladi.
Juda ko‘p yeyildi, ichildi, ko‘z yoshi to‘kildi, miriqib o‘yin-kulgi qilindi. Stoldagi noz-ne’matlar peshma-pesh yangilab turildi. Holdan toygan garmonchini o‘yinbop musiqalar yozilgan patefonga almashtirishdi. Ko‘chada, yon-atrofda oyoqlarning dupur-dupuri, sho‘x-shodon qiyqiriqlar tinmadi, dalada ham, daryo bo‘yida ham eshitilib turdi. Tevarakdagi qishloq ahli bugun Podvoreda to‘y-tomosha ekanidan xabardor.
Hammaning og‘zi qulog‘ida, birgina Sonyaning qalbi alam-iztirobda. Qizning qirrador burni aroq ta’sirida qizarib ketgan, boshi shang‘illar, yuragi alamli o‘ylar girdobida og‘ir-og‘ir urardi. Uning bor-yo‘qligini birov xayoliga keltirmas, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Kechadagilarning deyarli barchasi o‘z juftini topib olgan, bir-biriga mehr-iltifot ko‘rsatar, birgina Sonyaga hech kim e’tibor bermas, raqsga ham taklif qilmas edi.
Qiz chiroyli emasligini bilar, ozg‘inligidan uyalardi. O‘yin-kulgi bo‘ladigan davralarga bormaslikka takror-takror qasam ichar, lekin har safar o‘zini tutib turolmas, qandaydir baxtning mavhum sharpasi uni yetaklab kelaverardi.
Hatto ancha yillar oldin, yoshlik paytida – institutda o‘qib yurgan kezlarida ham uni hech kim sevmadi. Hech kim uni biror marta uyiga kuzatib qo‘ymadi, biror marta o‘pmadi. Qiz institutni bitirib, qishloqqa ishga keldi. Unga maktabdan xona ajratib berishdi. Qiz kechalari daftar tekshirar, o‘qir, sevgi haqidagi she’rlarni yodlar, kinoga borar, dugonalariga uzundan-uzoq maktublar yozar, sog‘inchli xayollarga cho‘mardi. Ikki yil ichida deyarli hamma dugonalari turmushga chiqdi. Bu vaqt davomida esa uning yuzi yanayam xiralashdi, battar ozib yelkalari turtib chiqdi, xolos.
Mana, bugun uni yana mazax qilmoqchi bo‘lgandek to‘yga taklif qilishdi va u yana keldi. Qiz baxt-shodlikka ko‘milgan kelinchakka entikib tikilar, odamlar bilan birga zaif ovozda “Achchiq!”, “Achchiq” deb baqirar, kelin-kuyovni o‘pishishga undar edi. Hech qachon bunday to‘y ko‘rolmasligini, baxtiyor kelinchakka aylanolmasligini o‘ylar, o‘ylagani sari ko‘ksida achchiq-achchiq og‘riq turardi.
Uni tekis yuzli, ko‘zlari qop-qora g‘amgin bir yigit bilan – veterinar-feldsher Nikolay bilan tanishtirishdi. Ular yonma-yon o‘tirdilar, yigit dastlab qizni tashlab ketmoqchi bo‘ldi. Sonya yigit taklif qilgan hamma narsani yeb-ichar, ko‘zlarida chuqur mehr, minnatdorchilik zohir edi.
Nimagadir Nikolayning qovog‘i baribir ochilmadi, ko‘p o‘tmay qizni e’tiborsiz qoldirib boshqa stoldagi kim bilandir gaplashishga tushdi. Keyin uni butunlay tashlab ketdi. Uzun qo‘llarini lapanglatib, baqirib-chaqirib rosa raqsga tushdi, holdan toygach atrofga alanglab qaradi-da, stolga qaytib kelib aroq ichdi. Keyin dahlizga chiqib ketgancha qaytib kelmadi.
Sonya bir burchakda yolg‘iz o‘tirarkan, o‘z hayotini o‘ylar, mana bu kayfi chog‘, baxtiyor, mast, terga botgan odamlarni ko‘rib g‘ashligi kelar va o‘z holiga achinardi.
Yaqinda u o‘ziga to‘q zangor rangli ko‘ylak tikib olgandi. Ko‘rganlar rosa maqtagan, kiyim yarashganini aytgandi. Mana, hatto ko‘ylagi ham yordam bermadi, hammasi avvalgiday qoldi: eski hammom, eski tos.
Soat tungi uchga yetganda, yuzlariga dog‘ tushgan, unutilgan, baxtiqaro qiz – Sonya tashqariga chiqdi, undan zinaga o‘tdi.
Uylar zulmatga cho‘mgandi. Butun qishloq shirin uyquda, ichkarida osoyishtalik, faqat ochiq derazalardan sayr qilib yurgan kishilarning qiyqiriqlari, dupur-dupurlari, garmonning quloq yirtar tovushi ichkariga oqib kirardi. Xira nur tushgan maysalar yiltillab ko‘rinardi.
Sonyaning iyaklari titrab ketdi. Lablarini tishladi, lekin buyam yordam bermadi. Zinadan tushgach qorong‘ulik qa’rida oqarib-ajralib turgan qayinning oldiga arang yetib oldi. Yelkasi bilan suyanib turdi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Birov eshitib qolishidan uyalib ro‘molchasini tishlab oldi. Lekin uni eshitadigan odamning o‘zi yo‘q edi. “Bas, yetar! – dedi o‘ziga o‘zi ko‘zlarini qattiq yumib. – Yetar! Mana bu yerimga keldi. Ketish kerak! Hoziroq!” Sonya qayinni qo‘yib yuborib nari ketmoqchi bo‘ldi. Lekin oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas, qadam tashlashga qo‘ymasdi.
– Kim u? – degan ovoz eshitildi orqadan.
Sonya yig‘isini yashirishga urindi, tezda ro‘molchasi bilan yuz-ko‘zini artdi, qayinga suyangan holda ortga qayrildi. Bu Nikolay edi. U qoqilib ketdi, yiqilib tushmaslik uchun qizning yelkasidan ushlab oldi. Qo‘li loy-tuproqqa belangandi.
– A! – dedi u mast ovozda. – Sizmidingiz? Men… chorvoqqa o‘tgandim. – U yana chayqalib ketib qizga yopishib qoldi. – To‘yiga taklif qildi-ya, beyuz! – baqirib gapirdi u. – O‘ldiraman hammasini! Qonini ichaman! Meni pulga sotib olmoqchimiding! Esi past!
Nikolay tishlarini g‘ijirlatdi, keyin onadan so‘kindi.
– Biror yeringiz og‘riyaptimi? – qo‘rqa-pisa so‘radi Sonya. – Suv opkelaymi?
– Hech balo kerakmas…
Yigit burchak tomonga qarab ketdi. Sonyaning unga ichi achidi. Dahlizdan bir paqir suv olib keldi-da, Nikolayning boshidan quya boshladi. U itoatkorona egilib turar, og‘iz-burniga kirgan suvlarni puvlab pishqirar, nimalardir deb to‘ng‘illab qo‘yardi.
Keyin shalobbo ahvolda, ko‘ylakchan o‘tirib zinada sigaret chekdi, Sonya esa chakmonini yuvib tozaladi.
– Ancha yengil tortingizmi? – go‘yo kimdir chiqib ko‘rib qoladiganday qo‘rqib past tovushda so‘radi qiz.
– Sal-pal… Nimaga sizni oldin hech ko‘rmaganman? To‘ydagilarning hammasini yaxshi taniyman.
– Bazmlarga kam boraman.
– A! Siz maktabda yashaysiz-a?
– Ha, maktabda.
– Kuzatib qo‘yaman, qarshimasmisiz?
Nikolay turib chakmonini kiydi, keyin dahlizga suv ichgani ketdi.
– Yig‘labsiz, shekilli, – so‘radi u. – Kim xafa qildi?
Qizning qalbi minnatdorchilik hislariga to‘ldi. So‘ng boshini egib javob berdi:
– Yo‘q, hech kim xafa qilgani yo‘q…
– To‘g‘risini ayto‘vring! Agar birortasi chertsa bormi, qovurg‘asini sindiraman! – Nikolay Sonyani yelkasidan quchib oldi. Tuproq yo‘ldan yurib ketishdi, so‘ng chapga burilib so‘qmoq yo‘lga chiqishdi. Tomorqalar, qo‘ralarning yonidan o‘tishdi. Allaqachon shudring tushgan, maysalar jiqqa ho‘l edi.
Sonya nimagadir kulishni xohlardi. U hozir o‘ziga begona edi. U boshini Nikolayning yelkasiga qo‘yib ketishni istar, ammo uyalardi. Bir marta Nikolay qoqilib, qizga qapishib qoldi. Shunda ham qiz shosha-pisha o‘zini orqaga tashladi.
– Siz o‘lguday mastsiz! – xuddi eski qadrdoniga gapirayotganday yengil ta’na bilan dedi qiz.
– To‘g‘ri! – Nikolay qo‘llari bilan yuzini ishqaladi. – To‘yda hamma bo‘kib ichdi.
Ular maktabga yetib kelib, zinaga ko‘tarildi. Sonya sarosimaga tushib qolgan, nima qilishini bilmasdi: darrov kirib ketsinmi yo tursinmi? Dastlab ketmoqchi bo‘ldi, lekin keyin Nikolayning ranjishidan qo‘rqib, qoldi.
Nikolay negadir yana mastona tebranar, nafasi xirillar, Sonyaning qo‘lidan ushlab olgan edi.
– Nimadir desangiz-chi, – dedi qiz horg‘in ko‘zlarini zim-ziyo osmonga qadab.
– Yana nima deyishim kerak? – xirilladi u, keyin qizni o‘ziga tortdi-da qattiq quchoqladi, bechoraning suyaklari qisirlab ketdi. Yigit ho‘l lablari bilan uni o‘pa boshladi.
– Qo‘yvoring! – deb shivirladi qiz yigitning quchog‘idan chiqib ketishga urinarkan.
– Jim! – dedi yigit ovozini yanayam pasaytirib, qizni dahlizning qorong‘uroq joyiga olib bordi. – Jim deyman! Nima, esingni yeganmisan!
– Kolya… O‘zingni bos, azizim. Nima qilganing bu, a?
– Sevasanmi meni? – to‘ng‘illadi Nikolay. – Jinnilik qilma!
– Keragi yo‘q, Kolya, keragi yo‘q, – qizning so‘zlaridagi yolvoruvchi ohang yigitni hovuridan tushirdi.
– Bo‘pti… – dedi u. – Asabimga tegma! Sen… sen ertaga daladagi bostirmaga borgin. Borasanmi?
– Qachon? – deb shivirladi Sonya titrab-qaltirab.
– Soat yettida. Bo‘ptimi?
– Boraman.
– Aha… – Nikolay sigaretni bir necha bor tortib-tortib simirdi, qoldig‘ini esa poshnasi bilan ancha vaqt ezib turdi. – Mayli, ko‘rishguncha!
Yigit qizni yana bir marta o‘pdi. Lekin bu safar o‘pkasini bosib olgandi, ortiqcha hayajonlanmadi. Qizning yuzlarini kaftlari orasiga olib birpas turdi. So‘ng zinadan tushib qorong‘ulik bag‘riga singib ketdi. Bir minutdan keyin uning hirgoyisi eshitila boshladi. Qo‘shiq tuturuqsiz va yasama edi.
Uyda Sonya xona bo‘ylab ohista yurdi, ustki kiyimlarini yechdi, yaxna choydan ichdi. Ko‘ylakchan holda ko‘zgu yoniga kelib yuziga, turtib chiqqan yelkalari, suyaklariga uzoq va g‘amgin tikilib qoldi. “Ey xudoyim, qanaqa ko‘rimsizman-a, – degan fikr xayolidan o‘tdi va qo‘rqib ketdi. – Baliq yog‘i ichish kerak! Albatta ichish kerak!”
Stolga o‘tirdi-da sariyog‘ yeyishga kirishdi. U, aslida, yog‘ni yomon ko‘rardi. Lekin hozir sariyog‘ni birinchi marta ko‘rayotganday apil-tapil chaynalar va Nikolay haqida o‘ylardi. Keyin chiroqni o‘chirib yotdi, biroq uhlay olmadi. Moskvada, uning uyiga qarama qarshi tomonda fonar yonar, baland o‘sgan jo‘ka daraxtlarining soyasi oynada titrab g‘alati raqsga tushardi. Borliqni quyuq zulmat qoplagandi.
– Bu sevgimi? – dedi ovoz chiqarib Sonya va devorga o‘girilib oldi.
Butun kun davomida Sonyaning xayoli allaqayoqlarda yurdi.
Ertalabdan yomg‘ir yog‘a boshladi. Bolalarga qandaydir parchani o‘qib berarkan, Sonya oynadan ko‘chadagi ko‘lmaklarga xavotir bilan qarab qo‘ydi. Lekin yomg‘ir tinib havo ochilib ketdi. Kechga yaqin maktab yonidagi yo‘ldan olov dumli mashinalar o‘ta boshladi.
Ishdan so‘ng Sonya dugonasiga xat yozishga kirishdi. Xatda kecha bir yigit uni kuzatib qo‘ygani va uchrashuvga taklif qilgani haqida yozdi. Maktub kattagina, quvonchga to‘la chiqdi. Ishni tugatgach Sonya nimagadir Nikolayni sevgani to‘g‘risida to‘xtamga keldi. U xatni pochtaga tashlab qaytgach, devorga o‘girilib yotdi.
Qiz Nikolay keladimi-yo‘qmi deb o‘yladi, kelsa o‘zini qanday tutishi va nimalarni gapirishini mo‘ljallab oldi. Agar u yana o‘padigan bo‘lsa nima qilaman deb qo‘rquvga tushdi. Bu fikrlar qizni shunchalik hayajonga soldiki, kiyinayotganida ham qo‘li titrashdan to‘xtamadi.
Sonya kechagi to‘q zangor ko‘ylagini kiydi, sochini bir oz jingalakladi, atir sepdi. Hayajondan kaftlari terladi. Qishloq ko‘chasidan o‘tarkan, go‘yo derazadan hamma uni kuzatayotganday, qayerga, nima uchun ketayotganini biladiganday tuyuldi. Uyalib ketdi, qadamini tezlatmoqchi bo‘ldi, lekin uddasidan chiqolmadi. Dalaga yetib borgachgina yengil tin oldi. Havo issiq edi. Yo‘lga yengil chang ingan, quyosh yuzini alvon parda qoplagan edi. Yo‘lga yaqin joyda, marzada traktor turardi. Qoramoyga belangan traktorchi matorni chuqulab o‘tirardi. U Sonyani ko‘rib qaddini rostladi, qo‘lini shalvariga artdi, keyin chekdi va qizning ortidan o‘ychan tikilib qoldi.
Keng jarlikka tushib, sigir podalari ifloslantirib yuborgan botqoqlikdan o‘tar ekan, Sonyaning xayoliga to‘satdan: “Nikolay vaqtliroq kelib meni kutmay ketvorgan bo‘lsa-chi”, degan fikr keldi. Qo‘rqib ketdi.
Qiz bostirma ko‘zga tashlangach yurishdan to‘xtadi. Bostirma atrofida hech kim yo‘qligidan sevinib ketdi. Bir oz nafasini rostlab olgach chang bosgan tuflisini o‘t-o‘lanlar bilan tozaladi. Yalanglikda turish qizga noqulay tuyuldi, panaroqqa o‘tib oldi. Kun bo‘yi quyoshda qizigan devorning hovuri badanga urardi.
Qarmoq ko‘targan bolakay kelib, chuvalchang qidira boshladi. Sonya uyalganidan qizarib ketdi, yana yo‘lga chiqdi. Shahardan kelayotgan aravalardagi odamlar unga tikilib o‘tar, bolakay ham ataylab qilganday ketmasdi. Sonya behalovat bo‘la boshladi. Baxtiga, bolakay chuvalchang yig‘ib bo‘ldi, shekilli, ketdi. U bir necha marta kinoyali qaraganday tuyuldi. “Sezib qoldi! – uyalib o‘yladi Sonya. – Yaxshiyam bizning maktabdan emas ekan!”
U yana bostirma ortiga o‘tib panaladi, moychechak terdi. Moychechakning gulbarglari siyraklashib qolgan, u shu turishda raketaga o‘xshardi. Qiz gulbarglarni uza boshladi: “Keladi, kelmaydi…” Kelmaydigan bo‘lib chiqdi. Bundanam yomoni, Sonya Nikolay qaysi tomondan kelishini bilmasdi. Bostirma ortidan chiqib yo‘lga qaradi. So‘ng yana bekindi. Nikolay ko‘ringan payt qiz tamom holdan toygandi. U pastki yo‘ldan kelar, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib, chakmonini yelkasiga tashlab olgandi. Yaqinlashgach biror narsani unutgan va uni eslashga urinayotgan kishidan peshanasini tirishtirib Sonyaga qaradi. Yuz-ko‘zidan zerikish alomatlarini uqish mumkin edi. Qizning yoniga kelib istamaygina qo‘l uzatdi:
– Yaxshimisiz…
– Yaxshi, rahmat, – ko‘zlarini yerga qadab javob berdi Sonya.
– Ko‘p kutdingizmi?
– Yo‘q…
– Him… Salqinroqqa boraylik.
Ular yo‘l bo‘yidagi poxol uyumiga o‘tirdi. Quyosh ufqqa yaqinlashib, nursizlanib qolgan, bostirmaning soyasi dalaning etagigacha cho‘zilgan edi.
– Kecha yaxshi dam oldingizmi? – so‘radi Sonya. Nikolayga birrov qarab oldi, negadir jilmayishga urindi.
– Tuzuk… – Nikolay esnadi, chakmonini tushirdi. – Faqat uxlab bo‘lmadi.
– Kecha yaxshi emasdingiz, – ohistagina dedi Sonya.
– Yana boshladingmi! – Nikolay Sonyani loqayd quchoqladi, o‘pmoqchi bo‘ldi, lekin fikridan qaytdi. Qizning bo‘yniga yigitning nafasi urildi.
– Hozir qorong‘u tushadi, – dedi Sonya. Nikolayning ko‘ksiga asta bosh qo‘ydi va zarb bilan urayotgan yurak tovushlarini eshitdi.
– Kech tushsa yaxshi, no‘xot paykaliga boramiz, – Nikolay boshini o‘ng tomonga burib qayergadir ishora qildi. – U yerda chayla bor. Borasanmi?
– Bunaqa gaplarni gapirma, Kolya, – past tovushda dedi Sonya.
– Eh, – birdan hayqirdi Nikolay, – uxlagim kelyapti, qani tizzangni ber-chi…
U nari surildi-da, etikli oyoqlarini keng yoyib yotdi. Boshini Sonyaning tizzalariga qo‘ydi. Bir oz ko‘z yumib yotgach, qo‘l uzatib qizning biqinini ushladi.
– Nega bunaqa ozg‘insan?
Qiz bir daqiqa nafas olishdan to‘xtadi.
– Tuzilishim shunaqa, – zo‘r berib jilmayishga urindi qiz.
– Tuzilish emish! Menimcha, qayeringdir kasal. Mollar ham shunaqa: kasal bo‘ldimi – qancha boqma foydasi yo‘q. O‘sha-o‘sha armaturaligicha qolaveradi.
Sonyaning ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi, bir necha bor ko‘ngil aynishidan o‘zini zo‘rg‘a tiyib qoldi.
– Nimaga bunaqa qo‘polsiz, – to‘satdan ters gapirdi u. – Yo men bilan istagan ishni qilsa bo‘ladi deb o‘ylayapsizmi?
U yuzini keskin boshqa tomonga burdi va sekin qizara boshladi.
– Men bilan bunaqa gaplashishga haqqingiz yo‘q! Eshitdingizmi!
Qiz pastki labini tishlab, yengi bilan ko‘zlarini qattiq artdi. Keyin dala tomonga qaragancha tizzalarini silkitdi.
– Keting! Men sizga molmasman, ko‘taring kallangizni! Daf bo‘ling!
Nikolay tosh qotdi.
– Meni… meni… – to‘ng‘illadi u. – Kechirasiz! Bilmabman! Istamagandim – it bo‘lay! Ishim shunaqa, o‘rganib qolganman.
– Yo‘q, buni ishga hech qanaqa aloqasi yo‘q, – endi Sonya o‘zini ancha bosib olgan, g‘azab bilan gapirardi. – Sababi…
Qizni ter bosdi, barmoqlari titrar, yuzi ko‘rinmas edi.
– Sababi, “o‘z oyog‘i bilan keptimi, har qanday ishni qilsam bo‘laveradi”, deb o‘ylagansiz.
Nikolay mum tishlab o‘tirar, hech nima deyolmasdi.
– Kecha kimni so‘kkandingiz? – uzoq sukutdan so‘ng so‘radi Sonya.
– Him… – Qoshlarini chimirdi Nikolay. – Meniyam dardim ichimda. Anavi ablah Zoykani mendan tortib oldi, unga uylandi. Kelin bo‘lsa yanayam ochilib ketarkan. Men u bilan qanday baxtli edim-a…
– Sizni, to‘g‘risi, juda ko‘p qizlar yaxshi ko‘radi, – dedi Sonya.
– A! – Nikolay xuddi eshshak olma yeganday aftini burishtirdi, keyin qizning tizzasiga yana bosh qo‘ydi. – Ularning muhabbati qanaqaligini yaxshi bilaman!
– Nimaga bunaqasiz, Kolya? – shoshib gapirdi Sonya. – Odamlarga ishonish kerak. Qarang, qanaqa ajoyib odamlarimiz bor!
Nikolay boshini ko‘tarib tupurdi.
– Ishonmaysizmi? – zaif ovozda so‘radi Sonya.
– Nimaga?
– Odamdagi samimiyatga.
Nikolay iljaydi.
– O‘h, bu qishloqi xotinlar aljirashni buncha yoqtiradi-a! Samimiyatmish… – U boshqa tomonga burilib esnadi va ko‘zlarini yumdi.
Yigitning xomsemiz gavdasi, yo‘g‘on bo‘yni, kamharakat tanasi, yumaloq yuzi qorong‘ulik bag‘rida qo‘rqinchli tuyulardi.
Sonya qo‘llari bilan Nikolayning sochlarini silarkan, unga entikib tikilar, yana uyalganidan qizarib ketar edi.
– Kolya, bilaman, siz yaxshi insonsiz, qalbi toza yigitsiz, – dedi u eshitilar-eshitilmas ovozda.
– To‘xta! – dedi yigit boshini ko‘tarib va atrofga jim quloq sola boshladi. Keyin qo‘lini qizning tizzalariga tirab o‘tirdi.
Yo‘lda ikki kishi sekin gaplashib kelardi.
– Ey! – baqirdi Nikolay.
– Nima qilyapsiz, Kolya! – shivirladi Sonya yuzini yashirib.
Yo‘lovchilar to‘xtadi.
– Qayerga ketyapsizlar? – yana baqirdi Nikolay.
– Bazmga. Kim u? Nikolaymisan?
– Xuddi o‘zi. Qaysi tomonga borasizlar?
– Sosnovkaga.
Yo‘ldagilar chekishdi. Ikki qizg‘ish nur oldinlab keta boshladi. Nikolay ularning ortidan qarab turdi.
– To‘xtanglar! – hayqirdi u. – Sizlar bilan ketaman.
Shoshib o‘rnidan turdi, chakmonini qoqib yelkasiga tashladi. Keyin yo‘talib Sonyaga qo‘l uzatdi.
– Mayli, bo‘lmasa. Uchrashib qolarmiz… – Qayrilib chakmonini qo‘liga oldi-da, mayda qadamlar bilan yo‘l tomon yugurgilab ketdi.
Zim-ziyo tun cho‘kdi. Faqat yon tomonda, chetda yarimlagan oy baqrayib turar, daryodan yaylovga qarab harir tuman yoyilmoqda edi. Tiq etgan tovush yo‘q. Faqat bir marta bostirma ortidan nimadir chopib o‘tdi: “top-top-top”…
Sonya yelkasini devorga tiragancha o‘tirar, butun vujudi qalt-qalt titrardi. Titroq bosilar deb yoqasini tortib-tortib qo‘ydi, lekin foydasi bo‘lmadi. Keyin yig‘lashga tushdi, biroq ko‘ksini tirnab-tirmalab chiqayotgan ovozi shu qadar kuchsiz va qo‘rqinchli ediki, o‘zi ham cho‘chib ketar, tosh qotar edi.
Oxiri o‘rnidan qo‘zg‘aldi, devorni ushlab bir oz turdi, keyin uyga ketdi. Havo dim va bo‘g‘iqligi sabab daryo bo‘yidan zo‘rg‘a o‘tib oldi. Yana tuproq yo‘ldan yurdi, lekin bu safar uni yulduzlarning yog‘dusi nim yoritib turardi. Yo‘l chetidagi pichanlarning mayin hidi dimoqni qitiqlar, Somon yo‘li yulduzlari yo‘lga zaif shu’la to‘shagan edi. Shu bois huv naridagi pichan g‘aramlari, zig‘ir uyumlari ham ko‘zga ilinar, hali o‘rilmagan bug‘doy boshoqlari yiltillab ko‘rinardi.
– U-u! – dedi Sonya boyagiday kuchsiz, qo‘rqinchli ovoz bilan. – U-u!..
Gapirishga ham, o‘ylashga ham qizning ortiq darmoni qolmadi. Yana o‘sha zax jarlikdan o‘tdi. Hali yo‘l bo‘yida ta’mirda turgan traktor hozir uzoqdagi paykalda yer haydardi. Faralarining nuri elas-elas ko‘rinar, motorining tir-tiri zo‘rg‘a eshitilardi.
Sonya birdan yengil tortib ketdi. Dunyo beqiyos go‘zallikka egaligini his qildi. Ko‘z o‘ngida osmon qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, yulduzlar olis-olislarga to‘pillab tushdi, zim-zimyo tunni nurga chulg‘adi. Yiroq-yiroqlardagi sofdil odamlar bir zumga ko‘rinib ketganday bo‘ldi. Qiz ona zaminning behol, orom istayotgan ruhini sezdi. O‘zi haqida o‘yladi, nima bo‘lganda ham u ayol, hali qanday voqea yuz berganidan qat’i nazar, uning yuragi urib turibdi, qalbi yashayapti. Shuni his qilganlargina chinakam baxtli bo‘ladi. Eh ahmoq qiz, o‘zida qanchalik kuch va malohat borligini sezmagan ekan-a. Qizning ko‘ngli nurga to‘ldi, ko‘kka osilib lovullab yonayotgan yulduzlar ostida dadil qadamlar bilan yurib ketdi.
Qishloqqa tun cho‘kkan edi. Ko‘pchilik allaqachon uxlab bo‘lgan, faqat ayrim uylardagina chiroq nuri miltillaydi. Darvoza ostida katta oq it yotardi. Sonyani ko‘rib yugurib ortidan ergashdi, keyin hidlashga tushdi. “Tishlamoqchimisan? Mayli, tishla”, dedi azobli o‘ylar iskanjasida qolgan Sonya. Lekin it tishlamadi, qizning oyoqlarini ikki bor hidladi-da, qorong‘ulik qa’riga kirib yo‘qoldi. Sonya o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. Uning ko‘ngli endi butkul yorishib ketgandi.
Orif Tolib tarjimasi