Yoqub Umar o‘g‘li. Kasalxonada (hikoya)

Nazokat bilan salom berib, kasalxona palatasiga kirdik.Uch kishilik palataga shosha-pisha kirgandik. G‘ildirakli aravachadagi o‘g‘lim, rafiqam, do‘stligini ko‘rsatib, dardimizni yengillashtirgan doktor og‘aynim va men. O‘z dardiga g‘arq bo‘lgan kichik bir guruh.

Palatada biz bilan bo‘ladigan bemorlar orasidan yoshrog‘i – qalin, uzun soqoli yuzini qoplagan, qoramag‘iz, ko‘rinishidan dag‘al, 35 yoshlardagi bir barvasta yigit ekan. Salomimizga alik olib-olmay tashqariga chiqdi. Har holda ko‘pchilikni ko‘rib behalovat bo‘ldi, shekilli, deb o‘yladim.

O‘rtadagi karavot o‘g‘limga ajratilgan, ertaga bo‘ladigan operatsiya­ga shu xonada tayyorlanishi kerak edi. Keyin bilsak, bosh­qa bemorlar ham operatsiyani kutayotgan ekan.

Ikkinchi bemor bo‘lsa, keksaroq kishi edi.

Yaxshi ko‘rgan kishisi xasta bo‘lgan odamlar bemordan ko‘ra ko‘proq tashvishlanadi. Men ham shunday edim, ko‘zimga qo‘li singan o‘g‘limdan boshqasi ko‘rinmas, quloqlarim faqat unga aloqador narsalarni eshitishni xohlar va bu mavzudan tashqari biron narsaning hech qanday ahamiyati yo‘q edi.

Palatadagi bemorlarga “Shifo bersin!” der ekanman, o‘g‘limni to‘shakka joylashtira boshladim.

Yarim buklansa divan holiga keladigan karavotni bemor bahuzur yotadigan shaklga keltirgunimizcha boshqa bemorlar ham chiqib ketib, o‘g‘lim ikkovimiz qoldik.

Keksa bemor qishloqdan kelgan ekan, traktor haydayotganida oyog‘ini sindirib olibdi. O‘ziga ishonadigan odamday ko‘rinar, ertaga bo‘ladigan operatsiyani kutayotgan ekan.

O‘g‘lim qo‘lini qanday sindirib olganini so‘radi.

– Otdan yiqildi, – dedik.

Oldiniga hayron bo‘ldi, bola shaharlik bo‘lsa, u yerda ot nima qilsin, nega ot minadi, deganday qaradi.

– Chavandozlikka qiziqadi, ot minishni yaxshi ko‘radi. Opasi bilan birga chavandozlik darsiga qatnashadi.

O‘sha kuni o‘g‘lim ot ustida juda yoqimtoy ko‘rinardi. Bo‘z ot ustida o‘tirar, ot chopdi deguncha uzun sochlari silkinar, o‘zi ham, tomosha qilayotganlar ham zavqlanar edi…

Bizga hech narsa demadi, ammo avzoyidan “Qichimagan joyni qashibsiz, yo‘q yerdan falokat chiqaribsiz, – deya o‘ylaganini anglash qiyin emasdi. – Shaharda ot minish nimasi o‘zi? Bolaga ot minishning nima keragi bor? Dalaga borarmidi, suruvi orqasidan yetishi kerakmidi yoki traktor chiqolmaydigan joyga yetib olarmidi?”

Holbuki, sal oldinroq ortopediya xonasida ancha e’tibor ko‘rgan edik. Doktorlar “Qanday sindi?” deb so‘ragach, o‘g‘lim:

– Otdan yiqildim, – deb javob bergan va doktorlar rosa qiziqib qolishgandi.

– O‘h-o‘, ot minar ekansan-da?! Qayerda minasan? – deb so‘rashdi hayron bo‘lib.

Hatto, “Tez yordam” mashinasining haydovchisi ham chavandozlikka qiziqar ekan, doktorlar o‘g‘limni muolaja qilayotganida chavandozlik mahoratiga oid savollar berib, o‘g‘lim bilan suhbatlashgandi.

Biroz oldin doktorlar orasida yuksak e’tiborga sazovor bo‘lgan havasimiz keksa bemor nazarida katta xatoga aylandi qoldi. “Albatta, bolaning aybi yo‘q, hamma gap ota-onasida!”

– Yuzingga nima qildi? – deb so‘radi.

O‘g‘limning yuzi ham yara, qizarib ketgan edi.

– Yiqilayotganida oyog‘i uzangiga tiqilib qoldi, biroz vaqt yerda sudraldi. O‘shandan, – dedim va keyin qo‘shimcha qildim: – Yaxshiyamki yer chim edi.

“Biz qishloqda dam olishga vaqt topolmaymiz, bular charchash uchun sport bilan shug‘ullanib, boshlariga balo orttirishadi”, deb o‘ylaganiga amin edim.

– O‘tadi, o‘tib ketadi, – dedi menga tasalli berish uchun sal bepisandlik bilan.

Men o‘g‘limning singan qo‘lidan ham, yuzidagi chandiqlardan ham xavotirlanayotgandim. Qirilgan joylar biroz vaqt o‘tib bitib ketadi, lekin bolaning yuzida iz qolsa nima bo‘ladi, deb tashvishlanayotgan edim.

– Bu yaralar yuzida iz qoldirmas, inshoolloh, – dedim. – Doktorlar ham iz qolmaydi deyishyapti.

Yara terida iz qoldirmasdan tuzalib ketishi uchun doimiy ravishda kerakli malham surib turish, muntazam nam bo‘lishi kerakligini doktorimiz qattiq tayinlagan edi. Yara qurib tuzalsa, iz qolishi mumkin ekan. Shu boisdan doktor aytgan malhamni yara qurishiga yo‘l qo‘ymasdan surunkali ravishda surishimiz darkor edi.

Yuzdagi qizargan yaralar malhamning nam yog‘i ta’sirida bolaning chehrasini aftoda ko‘rsatardi. Qo‘li singanidan bexabarlar bola yuzi tufayli kasalxonaga yotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashardi.

– Iz qolmaydi, qolmaydi, – dedi qo‘shni. – Bu qiz bolami?

Sochlari uzun bo‘lgani uchun qiz bo‘lsa kerak, deya tusmollagan bo‘lsa kerak.

– Yo‘q, – dedim. – O‘g‘il bola.

Shu paytda pahlavonkelbat, soqoli ustara ko‘rmagan bemor xonaga kirdi va to‘shagining bir chetiga o‘tirdi.

– Shifo bersin, – dedi.

– Rahmat.

U o‘g‘limga yuzlanib, mehr-shafqatli ohangda so‘radi:

– Qanday qilib yiqilding?

– Otdan yiqildim, – dedi o‘g‘lim. Ovozida uch soatdan beri tortayotgan og‘riqlari o‘z aksini topganday edi.

Qisqacha qilib:

– O‘tib ketsin, – dedi. – Ko‘p o‘tmay otday bo‘lib ketasan.

Shunday degach, yana dahlizga chiqdi.

Bu kishining ruhiyati ham o‘ziga o‘xshagan qo‘pol bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. O‘n yashar xasta bolakayga shunchalik beparvo ekanidan jahlim chiqqan edi.

Keksa bemor traktorda qanday avariya qilganini anglata ketdi. Ayb o‘g‘lida deb bilayotgan edi. Garchi ot choptirish musobaqasida hech biri yutmagan bo‘lsa-da, ular doim qishloq bolalarini zo‘r chavandoz deb o‘ylaydilar.

– Qanday yiqilding? – deb so‘radi o‘g‘limdan.

– Har doimgiday minib yurgan edim. Hammasi joyida edi. Bir soatga yaqin mingan edim. Birdan safga bir yangi ot kirdi. Uni ko‘rdi deguncha mening otim quturib ketdi va meni yerga yiqdi.

Ot haqiqatan ham quturgan edi. Yovvoyi otlarni qo‘lga o‘rgatarkan, ot birinchi marta minilganida suvoriyni ustidan otish uchun to‘xtovsiz irg‘ishlayveradi-ku, o‘g‘limning oti ham shunday qilgan edi. Bunday hollarda eng tajribali chavandozlar ham ot ustida qolishga qiynaladi, lekin o‘g‘lim yosh bo‘lsa-da, ancha vaqtgacha ot ustida qolishning uddasidan chiqdi. Ammo keyin, baribir, yiqildi.

Vaqt o‘tib, ovqat yeyish pallasi keldi.

Dahlizda aylanib yurgan bemor ham taomini yeb olish uchun xonaga qaytib keldi.

Men unga mulozamat qilishga, suhbatlashishga harakat qila boshladim.

Ichaklari operatsiya bo‘lishi kerak ekan. Ko‘p so‘zlamadi, ovqatini tezgina yedi va yana uzr so‘rab, tashqariga chiqdi.

Bu odam borib turgan qo‘pol ekan, degan fikrga kelgandim.

– Bu odam doim shunaqami? Joyida yotmaydimi? – deb so‘radim.

– Yo‘q, – dedi keksa bemor. – Siz kelmasdan oldin to‘shagida yotib, suhbatlashar edi.

Ajabo, bizdan behalovat bo‘ldimikan? Shunday deb o‘ylayotgan va tushunib yetolmayotgan edim. Ammo bu kishining tamomila to‘nka ekani aniq edi.

Kasalxonada tong otmay ketadi, lekin baribir qachondir tong otadi. Bizning “yaldo kecha”miz ham o‘tib bo‘lgan, operatsiyaga olib ketadigan hamshiralarni kutayotgan edik. Bu juda katta shifoxona edi, operatsiyaning aniq vaqtini ayta olishmasdi.

Xotinim ba’zi mayda-chuydalarni olib keldi. Ularni olish uchun tashqariga chiqib kelishim kerak bo‘ldi.

Yonimizga kirmay kechani dahlizdagi kresloda o‘tkazgan, faqat uxlagani kirgan qo‘pol bemor:

– Aka, menga piska olib kela olasizmi? – dedi.

Operatsiya qilinadigan joyni tozalash uchun lozim bo‘lgan piska va boshqa bir qancha narsalarni bemorlarning o‘zlari olar edilar. Orqasidan keladigan odami bo‘lmagan bu bemor ham mendan ana shunday narsalarni keltirishimni iltimos qilayotgan edi.

Ichimdan: “Sen bunga loyiq emassan, lekin senday ahvoldagi bir bemorning ehtiyojiga loqayd qarolmayman”, deb o‘yladim.

– Ro‘yxatni bering, olaman, – dedim.

Juda xursand bo‘ldi. Kerakli narsalarning ro‘yxatini olib, tashqariga chiqdim. Ishimni bitirdim, unga kerakli narsalarni ham xarid qilib, qaytib keldim, narsalarini berdim. Bu kishidan haliyam o‘pkalagan edim. Bir marta bo‘lsin o‘g‘limning yuz-ko‘ziga boqmadi, nuqul ko‘zini bosh­qa tomonga olib qochadi.

Operatsiyaga birinchi bo‘lib o‘g‘limni olib ketishdi.

So‘ngra qo‘pol siyoqli kishini olib ketishdi. Oyog‘i singan bemorning operatsiyasi, undan oldingi xastalarning operatsiyasi uzoq davom etgani uchun, ertaga qoldirildi.

Operatsiyadan keyingi nazorat ishi ham bajarilganidan keyin uyga qaytishimiz mumkinligini aytdilar. Chiqish hujjatlarini rasmiylashtira boshladik.

Bizga yaqindan yordam berayotgan hamshira o‘sha qo‘pol kishini tanish-tanimasligimizni so‘rab qoldi.

–Yo‘q, – dedim, – shu yerda ko‘rdim. – Ich-ichimdan haliyam u kishidan xafa edim. – Zotan, xonada ko‘p o‘tirmadi, nuqul dahlizdagi kresloda o‘tirdi.

– Ha, – dedi hamshira. – Dahlizda o‘tirdi. O‘g‘lingizni deb juda xafa bo‘lgan ekan.

– Bunga ko‘pam ishonmadim, ammo qanaqasiga bunday bo‘ldi ekan? – deya so‘radim hamshiradan. – Yonimizda bundoq o‘tirgani ham yo‘q.

Hamshira “To‘g‘ri” deb bosh irg‘adi.

– Ha, shunday, – dedi u. – Yoningizda o‘tirishga chiday olmabdi. Sochi uzun bo‘lgani uchun o‘g‘lingizni qiz bola deb o‘ylabdi va bu chiroyli qizning yuzi chandiq bo‘lib qoladi, bir umr azob tortadi-ku, deya dahlizda yig‘lab chiqdi.

Tomog‘imga kattakon musht tiqilganday bo‘ldi.

– Omon bo‘lsin! – deya oldim xolos.

Turkchadan Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 12-son